Diana fojiasi: qirg‘oqning narigi tarafidan ikki nigoh
«Sizning fikringizga qo‘shilmasligim mumkin, ammo uni erkin aytish huquqingiz uchun hayotimni berishga tayyorman». Volter.
Diana Yenikeyevaning fojiali halok bo‘lishi butun afkor ommani junbushga keltirdi. Televideniye va rasmiy matbuot bu borada sukutni afzal bilgan bo‘lsa-da, virtual olam mavzu yuzasidan qator maqolalar bilan boyidi. Albatta, har bir inson o‘z fikrini bildirish huquqiga ega. Bugun biz ana shu huquqidan foydalangan holda o‘z maktubini «Kun.uz» sayti pochtasiga yo‘llagan va jurnalistik qarashlarini o‘zi faoliyat yurituvchi saytda yoritgan ikki yurtdoshimizning yozishmalarini taqdim etamiz. Xat va maqolaning mazmuniga ta’sir o‘tkazilmagan holda faqat imlo xatolari tahrir qilindi. Demak, har doimgidek xulosa o‘zingizdan.
Diana Yenikeyeva: majburiy mehnat qurbonimi yoki vijdonli inson namunasi?!
Hashar — ayrim OAVlar bong urayotgani kabi — majburiy mehnatga jalb qilish emas, balki millatni birlashtirib turadigan ming yillik an’ana, har bir o‘zbekistonlikning fuqarolik burchidir. Shu bois hamkasblarimni, biror fojiaga rakurs tanlayotganda tor doirada fikrlashga emas, balki kengroq mushohada qilishga chaqiraman.
O‘tgan haftada O‘zbekiston matbuoti va ayrim xorijiy OAVlar Samarqand viloyatida majburiy tozalash ishlariga chiqarilgan 23 yashar o‘qituvchi yuk mashinasi tagida qolib halok bo‘lgani haqida bong urdi.
Bu fojia tufayli matbuotda navbatdagi og‘riqli masalalardan biri — o‘qituvchilarning jamoat ishlariga jalb qilinishi, bu holatga chek qo‘yib bo‘lmasligi haqida ko‘plab xabarlar va mulohazalar chop etildi. Eng achinarlisi, har bir fojiadan allaqanday manfaat qidiradigan ayrim nashrlar endilikda halok bo‘lgan o‘qituvchining oilasi qancha tovon puli olishini hisoblash bilan shug‘ullanmoqda…
Fojea haqida qisqaroq
2018-yil 14-mart kuni — Navro‘z bayrami munosabati bilan o‘tkazilayotgan tozalik va obodonlashtirish kunlarida — Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida magistral yo‘lni tozalash ishlari davomida tumandagi 42-o‘rta maktab o‘qituvchisi, 23 yoshli Diana Yenikeyeva yo‘l-transport hodisasi oqibatida halok bo‘lgan.
Prezidentning matbuot kotibiga murojaat
Ushbu fojiadan so‘ng mahalliy nashrlardan biri hokimlar prezident kelishidan sal oldin asosan o‘qituvchilarni katta va kichik yo‘l yoqalariga chiqarib, tozalash ishlariga «majburlaydilar» degan savol bilan prezidentning matbuot kotibidan ushbu hodisaga izoh berishni so‘radi.
Prezidentning matbuot kotibi, Xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari, qolaversa Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani hokimligi mutasaddilari Diana Yenikeyeva bilan yuz bergan fojiaga o‘zlarining rasmiy munosabatlarini bildirdilar.
Ular tomonidan bu fojia ekanligi aytildi va Diananing oilasiga chuqur hamdardlik bildirildi.
Kattaqo‘rg‘on tumani xalq ta’limi boshqarmasi hatto Diananing bu ishlarga majburan jalb qilinmaganligini aytishga majbur bo‘ldi.
Majbur bo‘ldi!
Chunki mahalliy OAVlarda bo‘rttirib ko‘rsatilayotgani kabi — hashar O‘zbekistonda majburiy mehnat shakli emas, ta’kidlab o‘tmoqchiman — bu o‘zbek xalqining azaliy, ming yillik betakror an’analaridan biri.
Hamma ham nafaqat o‘z ust-boshi, turar joyi, balki o‘zi yashaydigan uy atrofini ham toza tutishi kerak.
Jamoa bo‘lib o‘zi yashaydigan hududni toza tutish, obodonlashtirish singari go‘zal bir an’ana esa xalqni jipslashtirishga, hamjihat bo‘lishiga xizmat qiladi. Qolaversa, hashar — atrof-muhitni asrash uchun amalga oshiriladigan ishdir.
Diana baxtsiz hodisa qurboni bo‘ldi, uning qismatida shu yozilgan ekan. Ammo bu hasharga chiqqan hammani ham Diananing qismati kutadi degani emas.
Navro‘z arafasida ham har bir tashkilot, har bir muassasa bu ommaviy tadbirda ishtirok etadi.
Diana Yenikeyevaning ommaviy hashar tadbiridan o‘zini olib qochmagani, bosh tortmagani esa uning vijdonli bo‘lganidan dalolat beradi. Dianani tozalash ishlariga hokimiyatning buyrug‘i emas, vijdoni olib chiqqan. U o‘zining fuqarolik burchini ado etishga chiqqan.
Ayrim nashrlar esa endi davlat Diananing oilasiga qancha tovon puli to‘lashini hisoblar ekan, bunda ularning yashirin niyatlari bo‘y ko‘rsatmoqda.
Chunki keyingi xabarlarning mazmunini ham oldindan taxmin qilsa bo‘ladi: endi OAVlar Diananing oilasi kam olsa «ana kam beribdi», ko‘p olsa «shuncha pulni nima qilarkin?» degan mavzularda maqolalar yozib, o‘z mushtariylarini axborot bilan ta’minlaydilar.
Aytgancha, Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani hokimligi Diana Yenikeyeva fojiasi yuzasidan o‘z rasmiy bayonotini e’lon qilgani yo‘q. Lekin surishtiruv ishlari o‘z yakuniga yetishi bilan bu haqda rasman e’lon qilishini ma’lum qildi.
Toshkent, 19-mart — «Sputnik», Dilshoda Rahmatova.
* * *
«Pashshadan fil» yasashdan nariga o‘tmay qoldingizlar?
Hurmatli saytlar ma’murlari, xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari Alisher Zafarovich hamda Karimberdi To‘ramurod aka! Hammalaringizni eng avvalo kirib kelayotgan muborak Navro‘z ayyomi bilan chin qalbdan tabriklab, ijodiy faoliyatlaringizda faqat ulkan muvaffaqiyatlar tilab qolaman!
Oxirgi vaqtlarda «Kun.uz», «Daryo.uz», «Xabar.uz» va boshqa saytlarda respublikamiz va butun dunyoda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar haqidagi fikrlaringizni diqqat bilan kuzatib borayapman. Ammo so‘nggi vaqtlarda sizlar «pashshadan fil yasash»dan nariga o‘tmay qoldingizlar. Nega deysizmi? Unda diqqat bilan o‘qing! Misol uchun, 2018-yil 14-mart kuni Kattaqo‘rg‘on tumani XTB tasarrufidagi 42-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi Diana Yenikeyevaning YTH natijasida halok bo‘lishi juda achinarli, shaxsan men uning oila a’zolarini yaqindan taniganim uchun otasi, onasi va turmush o‘rtog‘iga chuqur hamdardligimni bildiraman. Biroq Diana Yenikeyevaning o‘limi zamirida qanday adolatni axtarayapsizlar? Nima, Diana Yenikeyevaning o‘limiga sababchi bo‘lgan yuk avtomobili haydovchisiga nisbatan qonuniy chora ko‘rilmaydimi?
Prokuraturaning haydovchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atganligi va ushbu jinoyat ishi bugungi kunda o‘ta rezonansli, ya’ni dolzarbligini hamma biladi. Lekin aynan sizlarning har xil gap-so‘zlarni tarqatishingiz yurtimizdagi 9 mingdan ziyod maktab yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘qituvchilari o‘rtasida tahlika, sarosima, amaldagi davlat hokimiyatiga ishonchsizlikni keltirib chiqarmoqda.
Xo‘sh, sizlar aytganingizdek Diana Yenikeyeva majburiy mehnatga jalb etilgan bo‘la qolsin. Nima, marhum Diana Yenikeyeva shunchalik ongsizmi yoki manqurtmi? Meni kechirasizlaru, Diana Yenikeyevaning otasi Aleksandr yaxshi inson va u o‘z farzandini ongli qilib tarbiyalagan. Diana Yenikeyevani shaxsan tanimasam-da, biroq u ishlagan maktab ma’muriyatini va jamoasini yaxshi taniyman. O‘ta tarbiyali, mehnatkash va jafokash jamoa va ma’muriyatdir. Lekin sizlar o‘zlaringizning tarmoqlaringizda Diana Yenikeyevani ma’muriyat go‘yoki dars vaqtida tozalik ishlariga olib chiqqqanligi haqida baralla aytib, hadeb sog‘ odamning miyasini egovlayapsizlar. Ha, odamlarning miyalarini egovlayapsizlar!
Xo‘sh, Diana Yenikeyevaning taqdiri haqida o‘ylovchilar, shu savolimga javob bering-chi. Sizlarning uylaringizga mehmon kelsa tozalik qilmaysizlarmi, shunday xonadonlaringiz ifloslangan holda kutib olasizlarmi? Kelgan mehmon sizlarning xonadonlaringizga baho bermaydimi? «Toza uy — farishtali uy» deyishgan ota-bobolarimiz. Sizlar balki Toshkentda turib muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shaxsan o‘zini ko‘rib tursangizlar ko‘zlaringiz o‘rganib qolgandir. Lekin, bilasizlarmi, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev agar Samarqand viloyatiga kelsa, viloyatimiz ahli uchun bundan katta baxt yo‘qdir. Mayli, shaxsan mening o‘zim o‘lgunimga qadar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevni ko‘rmasdirman, ammo Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevni ko‘rgan tanish-bilishlarim, ota-onam bilan juda ham faxrlanaman.
Hurmatli saytlar ma’murlari, xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari Alisher Zafarovich hamda Karimberdi To‘ramurod aka!
Sizlar ijtimoiy soha vakillarini majburiy mehnatdan ozod qilish haqida fikr yuritayapsizlar, lekin unda o‘zlaringizga savol berib ko‘rdingizlarmi? Obodonlashtirish ishlarini shu hudud atrofida yashovchi uyushmagan aholi yoki uyushmagan yoshlar amalga oshirmasa, kim bajaradi? Nima, dunyodagi qoloq davlat aholisini bir burda non uchun jalb etib ishlatamizmi? Ular bizlarning ifloslangan hududlarimizni tozalab berishadimi? To‘g‘ri, bu savollarga javob bera olmaysizlar. Lekin ushbu savollarga javob berish uchun eng yaxshisi O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga, «Mahalla», «Nuroniy» fondlari ma’muriyatiga berib ko‘ring. Qanchadan-qancha uyushmagan yoshlar yoki uyushmagan aholimiz bekorchi bo‘lib yuribdi. Obodonlashtirish ishlariga o‘shalarni jalb qilishning iloji yo‘qmi?
Virtual qabulxonalarga yoki mahalliy davlat hokimiyati organlariga moddiy yordam so‘rab kelayotgan xotin-qizlarimizga ushbu moddiy yordamni olishga loyiqmisan yoki yo‘qmi degan savollarni bermaysizlar. Bera olmaysizlar ham. Meni kechirasizlaru, sizlarning bu savollarni berishga yuraklaringiz yo‘q. Sizlar uchun aybdor bo‘lib qolgan faqat maktab direktori, XTB mudiri, hokim yoki prokuror! Qachon qarama, o‘qituvchilarni mustaqillik bayramiga chiqmagani uchun kaltaklagan, avtobusda yonib halok bo‘lgan yo‘lovchilar yashagan tuman vakillarini haqorat qilgan, paxta yig‘im-terimiga chiqmagan o‘qituvchilarni haqorat qilgan hokim aybdor. Qo‘pol bo‘lsa ham meni kechiringu, hadeb amaldagi davlat tuzumiga osilavermang, yiqilib qolsangiz biror-bir joyingiz juda qattiq og‘riydi. Bu gapimni shaxsan o‘zlaringiz bilan debat o‘tkazilsa tushuntirib berardim. Tushuntirib ham beraman.
O‘zimni tanishtirmoqchiman: Men, Omonov Obid – 1978-yilda tug‘ilganman, ma’lumotim oliy. ta’lim sohasida ishlayman. Telefon nomerim +998941827443. «Telegram» ham shu raqamda.
(maktub «Kun.uz» sayti pochtasiga yo‘llangan)
Tahririyatdan muhim eslatma: bu maqola va xat mualliflarining nuqtai nazari tahririyat nuqtai nazarini anglatmaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter