Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Devorlarni olib tashlash vaqti kelmadimi?

Devorlarni olib tashlash vaqti kelmadimi?

Foto: «Newsline»

Bugun texnologiyalar, internet rivojlanishda shu darajaga chiqdiki, insonlar juda katta miqdordagi axborotlarni qabul qilmoqda. Katta miqdordagi axborotlarni qabul qilish — masalaning bir tomoni, ikkinchi masala esa ana shuncha axborot orasidan qay biri to‘g‘ri yo noto‘g‘riligi aniqlash. To‘g‘risini aytish kerak, bunga har kimning ham ongi bardosh berolmaydi. Juda ko‘plab, hatto inson tafakkuriga sig‘maydigan darajadagi gigant raqamli axborotlar bazasi — BIG DATAlar, bulutli texnologiya (cloud technology)lar paydo bo‘lmoqda. Buni tom ma’noda «raqamli inqilob» deyish mumkin. Chunki insonlar ongida tub o‘zgarishlar yasalmoqda.

Fikr-mulohazalarim, kuzatuvlarim ushbu texnojarayonning ajralmas bir qismi bo‘lgan internet telekanallar va raqamli telekanallarning farqlari, ularning yutuq va kamchiliklari bilan chambarchas bog‘liq.

Ahvolimiz

Mamlakatimizda o‘tgan yili raqamli televideniye qamrovi 88 foizdan 100 foizgacha yetkazildi. Mobil aloqadan foydalanuvchilar soni 7 foizga oshib, 22,8 millionga yetdi. 2017-yilda axborot texnologiyalari sohasida 7,7 trillion so‘mlik yoki 2016-yilga nisbatan 26 foiz ko‘p xizmat ko‘rsatildi. Investitsiya dasturi doirasida 260 million dollar o‘zlashtirildi. Bu ma’lumotlar 9-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligiga bag‘ishlangan yig‘ilishda aytib o‘tilgan.

Internet telekanallar nima?

Endi umumiy nazariyamizdan chetlashmagan holda internet telekanallarga to‘xtaladigan bo‘lsak, ularni bugungi raqamli telekanallarimizning internet auditoriyasi uchun ixtisoslashgan shakli deya tasavvur qilish mumkin. Unda ham axborotlar va ko‘rsatuvlar an’anaviy telekanallar singari ma’lum vaqt ichidagi davriylik asosida berib boriladi. Ko‘rsatuvlar yo‘nalishlariga qarab ma’lum toifalarga bo‘linib, joylanib borilaveradi. Bunda beriladigan axborotlar yuqori sifatga ega bo‘lishi — bugunning eng katta talabi. Chunki bugun mediakontentning rang-barangligiga, infografik effektlarga boyligiga qarab tomoshabinlar auditoriyasi oshib bormoqda. Chet ellarda juda ko‘plab internet telekanallar bor. Masalan, MDH mamlakatlari ichida birinchi o‘rinda turgan «CarambaTV.ru»ni olaylik. Ushbu internet telekanal Belarus mamlakatida 2010 yili tashkil etilgan. Ushbu internet telekanal haqidagi ma’lumotlarni izlab «ru.wikipedia.org»ga murojaat qilganimizda quyidagi ma’lumotlarga ko‘zimiz tushdi:

  • Saytga kuniga 120 mingta unikal foydalanuvchi kiradi.
  • «CarambaTV.ru»ning «VKontakte» ijtimoiy tarmog‘idagi guruhida 424000 a’zosi bor.
  • «CarambaTV.ru»ning «Facebook.com» ijtimoiy tarmog‘ida 143639ta «like»lar mavjud.
  • «YouTube.com» mediaxosting kanalidagi a’zolari soni 9 070 463 nafar (14.03.2018 holatiga ko‘ra).

Yana bir qiziq ma’lumot shuki, ushbu internet telekanal «YouTube.com» mediaxosting kanali bilan hamkorlikda ishlayapti. Bu esa yaxshigina daromad manbai. Bundan tashqari, internet telekanalni dunyoning turli burchaklarida, turli qurilmalar yordamida, istalgan vaqtda tomosha qilsa bo‘ladi.

Devorlar

Internet telekanalning an’anaviy raqamli telekanaldan farqli jihati ham shu — undagi axborotlar internet foydalanuvchilariga ixtisoslashgan bo‘lib, kam vaqt ichida ko‘p va foydali axborotlar berish asosiy vazifalaridan biridir. Raqamli telekanallarda esa bu qulayliklar yo‘q. Fikrimni misollar bilan isbotlashga harakat qilaman.

Birinchidan, raqamli telekanallar ko‘rsatuvlari (60-70 foiz) juda ham ko‘p vaqtni oladi. Bu esa tomoshabinning me’dasiga tegishi mumkin. «Raqamli teleko‘rsatuvlar»ning ko‘pi «muqimlik botqog‘i»ga o‘rnashib qolgan. Ularda an’anaviylik shu darajada kuchliki, umuman odamga ta’sir qiladigan, tomoshabinlarning e’tiborini tortadigan yaratuvchanlik, kreativ yondashuv sezilmaydi. Internet telekanallarda esa qisqa, lo‘nda, ammo dinamik ko‘rsatuvlar taqdim etib boriladi. Tomoshabinlarning sonini ko‘paytirish, «yoqdi»lar sonini oshirish uchun doimo kreativ yondashuv talab qilinadi. Internet telekanallarda faoliyat yuritayotgan xodimlar tomoshabinlarning munosabatini ham o‘rganib boradi. Bu esa umumiy statistikani kuzatib borish imkonini beradi.

Ikkinchidan, an’anaviy raqamli telekanallarda ko‘rsatuvlar bir marta beriladi. Aytaylik, sizning vaqtingiz (ishga ketishingiz kerak, yo‘ldasiz va hokazo) o‘zingiz yoqtirgan teleko‘rsatuv vaqti bilan mos kelmaydi. Lekin baribir TV shu ko‘rsatuvni o‘zi belgilagan paytda ko‘rsatadi, biroq siz uni ko‘ra olmasligingiz mumkin. Ya’ni, an’anaviy raqamli telekanal tomoshabinlar bilan hisoblashmaydi. Bu esa biz kabi tomoshabinlarga «Xohlasang ko‘r, xohlamasang...» qabilida ta’sir qiladi. Internet telekanallarda bunga yo‘l qo‘yilmaydi. Unga joylangan ko‘rsatuvni bir yil o‘tgandan so‘ng ham qayta-qayta ko‘raverasiz. Qiziq ko‘rsatuvni yuklab olish ham mumkin. Boshqalarga ulashsangiz ham bo‘ladi.

Uchinchidan, an’anaviy telekanallar yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, bir marta (ko‘p hollarda shunday) namoyish etilgani bois, ba’zi bir axborotlar chuqur o‘rganilmaydi. Yoki ba’zida xato o‘tib ketishi mumkin: kim uni aytadi? Kimning ortiqcha vaqti borki, alohida shu ish bilan shug‘ullansa! Internet telekanallarda esa tomoshabin «izoh» qoldira oladi. Tomoshabin  real vaqt ichida o‘z-fikr mulohazalarini, taklif-tanqidlarini berib borishi mumkin. Bu esa tom ma’noda ochiqlikni ta’minlaydi. Shuningdek, kadrlarning saviyasini ham kuchaytirib turadi.

To‘rtinchidan, internet telekanallar foydalanuvchilar xohishiga ko‘ra faoliyat yuritadi. An’anaviy raqamli telekanallarda ko‘rsatuv tomoshabinlarni tanlasa, internet telekanallarda tomoshabinlar ko‘rsatuvlarni tanlaydi. O‘ziga mos ko‘rsatuvlarni ko‘rish mumkin. Xullas, mutanosib va nomutanosibliklar ortib bormoqda. Davr va axborotlar oqimining tezligi bir-biriga to‘g‘ri proporsional darajada o‘smog‘i lozim.

Aytmoqchimanki, bugungi kunda an’anaviy telekanallar bilan tomoshabinlar orasida juda ham katta to‘siq — devor paydo bo‘lgan. Bu devorni esa internet va internet telekanallar yemira oladi, xolos.

Hamma ham qo‘l qovushtirib o‘tirgani yo‘q

Shuni ta’kidlash o‘rinliki, yurtimizda allaqachon internet telekanallar yaratish ishlari boshlab yuborilgan. Masalan, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining bir guruh ijodkor talabalari tomonidan ushbu loyiha amalga tatbiq etilmoqda. Loyiha «INTV.UZ» nomi ostida milliy internet kengliklarimizda, chet el mediaxosting kanallarida o‘z faoliyatini yuritib kelmoqda. Qariyb ikki yilga yaqin vaqt ichida ushbu internet telekanal ko‘rsatuvlarini ko‘rishlar soni bir milliondan oshdi. Shuningdek, boshqa mediaxosting kanallar, ijtimoiy tarmoqlar qamrab olingan. Hozircha «INTV.UZ» loyihasi yoshlarga mos, ularning tilidan, dunyoqarashlariga xos ko‘rsatuvlar tayyorlab, joylamoqda.

Ayni paytda internet kengliklarida o‘z sahifalari, kanallariga ega an’anaviy telekanallarni ham tilga olmasak adolatdan bo‘lmas. Masalan, «O‘zbekiston 24». Telekanalning «YouTube.com» xosting kanalida, «Facebook.com», «Twitter.com» kabi ijtimoiy tarmoqlarda sahifalari, telegram messenjerida kanali bor. E’tibor bergan bo‘lsangiz, «O‘zbekiston 24» kanalida berilgan ko‘p soatli ko‘rsatuv «maydalanib», mag‘zi ham berib boriladi. Ko‘plab izohlar mavjud. Bu internet-telekanal uchun zamin hozirlanayotganidan dalolatdir.

Chapaklardan amaliy ishga o‘tish payti

Kaminaning maqsadi odamlarni an’anaviy raqamli telekanallardan butkul voz kechishga chaqirish yoki internetga bog‘lab qo‘yish emas. Hammasi o‘z vaqti bilan. Vaqt o‘tgani sayin insonlarning internetdan foydalanishi oshishi barobarida mentalitetimizga xos media mahsulotlar soni oshib boraveradi. Ya’ni, o‘zbek tilidagi ishonchli axborotlarning foydalanuvchilarni qoniqtiradigan darajadagi kontenti yaratilsagina milliy internet kengliklarimizni tom ma’noda boy, deb ayta olamiz. Buning uchun esa bugundan tayyorgarlik ko‘rib borishimiz lozim. Zotan, dunyo shiddat bilan rivojlanyapti. Biz ham uning bir bo‘lagi bo‘lmasak, yaqin kelajak avlodga bo‘m-bo‘sh internet makonini meros qoldiramiz. Bundan ham yomoni, mentalitetimizga yot «o‘zga dunyo» vakillariga virtual kenglikdagi hududlarimizni chapak chalib topshirib qolaverishimiz mumkin.

G‘ulomjon Nazarov, TATU 4-bosqich talabasi, «INTV.UZ» muharriri

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring