Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Deputat ayollar ish vaqtini qisqartirishni taklif etdi

Deputat ayollar ish vaqtini qisqartirishni taklif etdi

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi O‘zMTDP fraksiyasi a’zosi Alisher Qodirov xotin-qizlar uchun ish vaqtini soat 16:00 gacha qisqartirishni taklif etmoqda.

Oila jamiyatning termometridir, — deydi deputat. — Undagi holat jamiyatning sog‘lig‘ini ko‘rsatadi. Olimlar dunyoda terroristlarni eng ko‘p «tarbiyalayotgan» qit’a Afrika ekanligini aytmoqdalar. Sabablari o‘rganilganida ushbu qit’ada oila institutining inqirozga yuz tutayotgani, yetti yoshgacha bo‘lgan bolalar oila mehrini ko‘rmay ulg‘ayayotgani, to‘yib ovqatlanmaslikdan yuzaga keladigan psixo-neyrologik va fiziologik yemirilish oqibatida yoshlarda agressiv xulq odatiylashib borayotgani oydinlashgan.

Mamlakatimizda amaldagi qonunlar bola tarbiyasining birinchi bosqich davri mas’uliyatini oila institutiga yuklagan («Ta’lim to‘g‘risida»gi qonun, 11-modda). Lekin bugun oilaning poydevori hisoblangan ayollarning salmoqli qismi faol, mehnat shartnomasi bilan korxona va tashkilotlarga bog‘langan. Ular ish vaqti yakunlanmasidan oilasiga qaytolmaydi. Oilada ona bo‘lmasligi oila poydevorining darz ketishiga olib keladi. Bolalar maktabdan qaytib, ularga «tuhfa qilingan» erkinlikdan bilganlaridek foydalanadilar. Ota bilan deyarli bir paytda ishdan kelgan ona ham dam olishga birdek haqli. Munosabatlar inqirozi sekin-asta oilaning inqiroziga olib keladi. Afsuski, aynan shu holat 55 foiz oilalarning buzilishiga sabab bo‘lmoqda.

Ayolsiz oilani mustahkamlash mumkin emas. Yuqoridagi fundamental muammoni bartaraf etish uchun mamlakatimizda ayollarning mehnat qilish faoliyatini belgilovchi normalarga o‘zgartirish kiritish zarur. Masalan, ayollarning ish vaqti soat 16.00 da tugatilishi kerak. Shunda ayol farzandlari va umr yo‘ldoshi uchun vaqt ajratadi. Bu esa o‘z o‘rnida oiladagi er-xotin, ona-bola munosabatlarida ijobiy muhitni yuzaga keltiradi.

Zamonaviy oila dunyoviy va diniy bilimlarga ega bo‘lgan ayol atrofida qurilishi kerak. U nafaqat jamiyatga halol va sog‘lom fuqaroni tarbiyalab beradi, balki samarali mehnatga tayyor, xotirjam, Vatan taraqqiyotini ta’minlashi kerak bo‘lgan xodimni ham vazifasiga kuzatib qo‘yadi. Mamlakatimiz rivojini farovon oilasiz tasavvur qilib bo‘lmaganidek, farovon oilani oqila va mukarram onasiz ham tasavvur qilib bo‘lmaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring