Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Demokratiyaning «qon aylanish tizimi» — so‘z erkinligi bo‘yicha e’tirozlar o‘rinlimi?

Demokratiyaning «qon aylanish tizimi» — so‘z erkinligi bo‘yicha e’tirozlar o‘rinlimi?

Prezidentlik saylovi kampaniyasi davrida «So‘z va matbuot erkinligi cheklanmoqda», «Saylov jarayonida ochiqlik va shaffoflik lozim darajada emas» degan iddaolar qanchalar asosli?

Saylov jarayonlarini kuzatib borayotgan ekspert sifatida aytishim mumkinki, ushbu fikrlar bir yoqlama va asossiz.

O‘zimni fikrimni ortiqcha bo‘yoqlarsiz asoslashga harakat qilaman.

Avvalo, inson huquqlariga so‘z va matbuot erkinligisiz erishib bo‘lmaydi. Buni hammamiz bilamiz. O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish, jurnalist va blogerlarning erkin faoliyat yuritishi va ijod qilishlari uchun imkoniyatlar izchil takomillashtirib borilmoqda.

Mustaqil va xolis ommaviy axborot vositalari, blogerlar – bugungi kunda xalqimiz orasida yurib, uni qiynayotgan muammolarni dadil ko‘rsatib berayotgan muhim va samarali kuchga aylanib ulgurdi.

Bundan tashqari, bugun axborot makonida nafaqat ommaviy axborot vositalari, balki davlat organlari va mansabdor shaxslar ham faol bo‘lishi, axborotni berishda tezkorlik va aniqlikka amal qilishi jamoatchilik talabiga aylandi.

Jamiyatdagi ochiqlik-oshkoralik, yangi demokratik o‘zgarishlar mansabdorlarni tarbiyalamoqda. Ularni yangi ob’yektiv realliklarga moslashishga majbur qilmoqda.

Ma’lumot uchun: ko‘plab vazirlik va idoralarda axborot xizmatlari zamon talablari asosida qaytadan, 201 ta tuman va shahar hokimliklarida esa birinchi marta tashkil etildi.

«Open data Inception» ma’lumotiga ko‘ra, jahon mamlakatlari orasida O‘zbekiston 99 ta ochiq ma’lumotlar manbalari bilan ochiq ma’lumotlar manbalari soni mavjudligi bo‘yicha jahonda 5-o‘rinni egalladi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Open Data Inventory (ODIN) ochiq ma’lumotlar reytingida 63 ballni to‘plagan holda mazkur reytingda 125 pozitsiyaga ko‘tarilib, dunyoda 44 o‘rinni egallab turibdi.

Erkin axborot muhitini shakllantirish, axborot xilma-xilligini barpo etish va rivojlantirish ham huquqiy, siyosiy, ham mafkuraviy, ham xavfsizlik masalasidir. Shu sababli, davlat va jamiyat ushbu sohada demokratik yangilanishlar va o‘zgarishlarning izchil davom etishidan birdek manfaatdor.

So‘z va axborot erkinligini ta’minlashga qaratilgan islohotlarga misol sifatida OAVni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lovning miqdori sezilarli darajada kamaytirilgani, hujjatlarni elektron shaklda topshirish yo‘lga qo‘yilaganini aytish mumkin.

Bu esa mass-media sohasida raqobat muhiti, fikrlar xilma-xilligini rivojlantirishga, axborot olish resurslarining professionalligini oshishiga xizmat qildi.

Joriy yilning eng muhim mavzusi – Prezidentlik saylov kampaniyasida ham so‘z va matbuot erkinligi, ochiqlik va shaffoflik to‘liq ta’minlanmoqdami?

Erkin va demokratik jamiyatda mazkur huquqni ta’minlash mustaqil va plyuralistik ommaviy axborot vositalarini taqozo qiladi.

Saylovlarning ochiqligi va oshkoraligini ta’minlashda ommaviy axborot vositalari juda muhim o‘rin tutadi.

Siyosiy partiyalar, Prezidentlikka nomzodlarning ommaviy axborot vositalari bilan saylov jarayonidagi munosabatlari nimalarda ko‘rinadi, degan haqli savol tug‘iladi. Bunda ommaviy axborot vositalarining saylov kampaniyasidagi eng muhim roli saylovoldi tashviqot bosqichida namoyon bo‘ladi.

Joriy yilgi Prezidentlik saylovlarida nomzodlarning takliflari, g‘oyalari nafaqat OAVlarida, balki ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda. Bu borada ziyolilar, ekspertlar faolligini ham alohida e’tirof etish joiz.

Bundan tashqari saylov jarayonida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlashda OAV dan tashqari saylov komissiyalari, Xalqaro kuzatuvchilar, siyosiy partiyalar, o‘zini-o‘zi boshqarish organlari ham faol qatnashmoqda.

Saylovoldi kampaniyasining tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, Prezidentlikka nomzodlar uchun qonunchilikda belgilangan normalarga muvofiq ravishda targ‘ibot faoliyatini amalga oshirish uchun teng sharoitlar yaratilgan.

Saylov jarayonining barcha bosqichlari haqida ma’lumotlar OAV, internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlar orqali berib borilmoqda. Masalan, 14 oktyabr sanasida boshlangan muddatidan oldin ovoz berish jarayoni haqida dunyoning turli nuqtalariga yo‘l olgan MTRKning 10 dan ortiq jamoalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri reportajlarni olib bormoqda.

Yana bir muhim yangilik, 14-oktyabrdan boshlab, Prezident saylovi uchun «Xalqaro media-xoll» muloqot maydoni tashkil etildi. 60 ta loyihani o‘z ichiga olgan media-xoll «Yuksalish» umummilliy harakati, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Bu yerda siyosiy partiyalarning dasturlari taqdimoti, rasmiy vakillar va ekspertlar ishtirokida muloqotlar, bahs-munozaralar, brifinglar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, MSK tomonidan 207 ta saylov uchastkasida saylov jarayonini video-translyasiya qilish belgilandi. Saylov jarayonida zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish ochiqlik va oshkoralikni ta’minlaydi.

Bugungi kunga qadar akkreditatsiyadan o‘tkazilgan mahalliy OAV vakillari jami 1419 nafar, xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari esa 146 nafarni tashkil etmoqda. Bu esa Prezidentlik sayloviga qiziqish ortib borayotganini yana bir bor tasdiqlamoqda.

Keltirilgan fikrlarga tayanib aytish mumkinki, Prezidentlik saylov kampaniyasi davrida xolis axborotlarni keng, tezkor va erkin tarqatish amaldagi saylov qonunchiligi va xalqaro saylov standartlari asosida emin-erkin, demokratik tarzda amalga oshirilmoqda. 

Bekzod Narimanov,
     Toshkent davlat yuridik universiteti
Konstitutsiyaviy huquq kafedrasi dotsenti.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring