Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Dekret» puli xodimga qancha muddatda to‘lab berilishi kerak?

«Dekret» puli xodimga qancha muddatda to‘lab berilishi kerak?

Savol: meni boshqa lavozimga o‘tkazishmoqchi, lekin men bunga rozi emasman. Ish beruvchi majburlab boshqa lavozimga o‘tkazib yuborishi mumkinmi?

Mehnat kodeksining 140-moddasiga ko‘ra, xodimni boshqa ishga doimiy o‘tkazishga faqat uning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.

Xodimni vaqtincha boshqa ishga o‘tkazish uning roziligi bilan amalga oshiriladi, bundan ushbu Kodeksning 145-moddasiga muvofiq ishlab chiqarish zaruriyati yoki bekor turib qolinishi hollari mustasno.

Ish beruvchi xodimning boshqa ishga o‘tkazishga roziligi olinguniga qadar xodim o‘zi o‘tkazilayotgan ishning mazmuni, ushbu ishdagi mehnat shartlari, shuningdek mazkur ishni bajarish bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ichki hujjatlar bilan oldindan tanishtirilishi shart.

Xodim ish beruvchidan boshqa ishga o‘tkazishni talab qilishga haqli emas, bundan ushbu Kodeksning 142, 143-moddalarining birinchi qismida, 144-moddasining ikkinchi qismida, 364, 394 va 395-moddalarining birinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.

Savol: bir xodim, misol uchun, 29 maydan 90 kunga o‘z hisobidan ta’tilga chiqqan edi. Endi 14 avgustdan mehnat ta’tilga chiqyapti. Shunda unga yillik mehnat ta’tili qanday hisoblanadi?

Mehnat kodeksining 226-moddasiga ko‘ra, xodimning iltimosiga ko‘ra beriladigan, ish yili davomida ikki haftadan oshmaydigan ish haqi saqlanmaydigan ta’tillar vaqti har yilgi asosiy mehnat ta’tilini va bitta tashkilotda yoki tarmoqda ko‘p yillik ish staji uchun qo‘shimcha ta’til olish huquqini beruvchi ish staji jumlasiga kiradi. Demak, 2 haftadan oshadigan ish haqi saqlanmaydigan ta’tillar har yilgi asosiy mehnat ta’tilini va bitta tashkilotda yoki tarmoqda ko‘p yillik ish staji uchun qo‘shimcha ta’til olish huquqini beruvchi ish staji jumlasiga kirmaydi.

Diqqat! MK 13-moddasiga ko‘ra, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda xodimlar uchun mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilanganiga nisbatan qo‘shimcha huquqlar va kafolatlar nazarda tutilishi mumkin. Demak, jamoa shartnomasida, boshqa ichki lokal hujjat yoki mehnat shartnomasida 2 haftadan oshadigan ish haqi saqlanmaydigan ta’tilni ham navbatdagi mehnat ta’tilini olishga huquq beruvchi ish stajiga va tarmoqda ko‘p yillik ish staji uchun qo‘shimcha ta’til olish huquqini beruvchi ish stajiga kiritilishi mumkinligi nazarda tutilishi mumkin.

Shuningdek, MK 225-moddasiga ko‘ra, agar ushbu Kodeksning 226-moddasiga muvofiq ish yiliga kiritiladigan davrlarning summasi to‘liq o‘n ikki kalendar oydan kam bo‘lsa, xodimning ish yili yetishmayotgan vaqtga suriladi.

Misol uchun, xodimning ish yili 2022-yil 9-iyulda boshlangan. Tegishincha, u 2023-yil 8-iyulda tugashi kerak edi. Biroq ish yili davomida xodimga davomiyligi 60 kun bo‘lgan ish haqi saqlanmaydigan ta’til berildi.

Uning ish yili tugashi 46 kalendar kunga (60 – 14) suriladi va 2023-yil 23-avgustda tugaydi. Tegishincha, keyingi ish yili 9-iyuldan emas, balki 2023-yil 24-avgustdan boshlanadi.

Savol: tug‘uruq ta’tili (dekret) puli xodimga qancha muddatda to‘lab berilishi kerak? Agar 3-4 oy kechiksa, qanday chora ko‘riladi?

«Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning (Adliya vazirligi tomonidan 2002-yil 8-mayda 1136-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan) 103-bandiga ko‘ra, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik bo‘yicha tayinlangan nafaqalar, shu jumladan sil kasalligi sanatoriylarida davolanish uchun beriladigan nafaqalar, ish haqi to‘lash uchun belgilangan muddatlarda to‘lanadi.

MK 253-moddasiga ko‘ra, xodimlarga ish haqi to‘lash muddatlari jamoa shartnomasida yoki ichki hujjatda, ular mavjud bo‘lmaganda esa mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan muddatlarda belgilanadi va har yarim oyda bir martadan kam bo‘lishi mumkin emas. Xodimlarga oylik ish haqi, qoida tariqasida, o‘n olti kundan ko‘p bo‘lmagan tanaffus bilan ikki qismga bo‘lingan holda (bo‘nakda va qolgan qismi miqdorida) to‘lanadi.

Demak, yuqoridagilardan xulosa qilsak homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqa ya’ni «dekret puli» ish haqi to‘lash uchun belgilangan muddatlarda to‘lanishi lozim.

MK 333-moddasiga ko‘ra, ish beruvchi ish haqini, ta’til to‘lovlarini, mehnat shartnomasi bekor qilingandagi to‘lovlarni va (yoki) xodimga to‘lanishi lozim bo‘lgan boshqa to‘lovlarni to‘lash muddatini buzgan taqdirda, ularni to‘lov muddatidan keyingi kundan e’tiboran to haqiqatda hisob-kitob qilingan kunni o‘z ichiga olgan muddatgacha har bir kechiktirilgan kun uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining o‘sha vaqtda amalda bo‘lgan qayta moliyalashtirish stavkasidan kelib chiqqan holda foizlar (pulli kompensatsiya) bilan birga to‘lashi shart.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 49-3-moddasiga ko‘ra, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini qonunchilikda belgilangan miqdorlarda to‘lash bo‘yicha majburiyatdan bo‘yin tovlash, bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha (4 million 950 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Agar mehnat huquqlaringiz buzilsa, hududingizdagi mehnat inspeksiyasiga, prokuratura yoki adliya organlariga murojaat qiling. Yoki quyidagi ishonch raqamlariga telefon qiling: 1000 yoki +99871 210 00 00 (Prezident virtual qabulxonasi), +99871 200 06 00 (Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ) 1007 (Bosh prokuratura) , 1008 (Adliya vazirligi).

Savollarga ekspertimiz Muhammadamin Karimjonov
javob bergan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring