Tuman deputatligi uchun o‘tkazilgan saylovda ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilgani aytilmoqda
Kecha, 16-may yakshanba kuni Xalq deputatlari Dehqonobod tuman Kengashining bo‘shab qolgan 29-Bo‘ston saylov okrugi deputatligiga saylov bo‘lib o‘tgan.
Qayd etilishicha, saylovchilar 40-umumiy o‘rta ta’lim maktabi binosidagi 209-saylov uchastkasida, «Bo‘ston» mahalla fuqarolar yig‘inidagi 85-umumiy o‘rta ta’lim maktabi binosida joylashgan 223-saylov uchastkasida hamda «Oydin yo‘l» MFY Tibbiyot kolleji binosidagi 224-saylov uchastkalarida o‘ziga ma’qul nomzodga ovoz bergan.
«Bo‘ston» mahalla fuqarolar yig‘inidagi 85-umumiy o‘rta ta’lim maktabi binosida joylashgan 223-saylov uchastkasida, Tibbiyot kolleji binosidagi 224-saylov uchastkalarida saylovchilarga bir nechta blyuten berilgani ma’lum bo‘lgan. Bir saylovchi 15-20 talab ovoz berishga uringan holat kuzatilgan.
Mazkur holatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan va vaziyatga guvoh bo‘lgan 224-saylov uchastkasi raisi ko‘zbo‘yamachilikni aniqlagan matbuot xodimiga «muammo qilmaslikni» maslahat bergan.
«Nomzodlarimizda na dastur bor, na tarjimai hol. Hech biri saylovchilar bilan uchrashmagan. Saylovchilarga taklifnoma ham berilmagan. Ba’zi bir saylovchilar tuman hokimligi Telegram kanalidagi e’lonni o‘qib, bugungi saylov haqidagi xabarni ko‘rib saylovga kelyapti. Kelganlarining ham aksariyatida fuqarolik pasporti yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, ularga ovoz berish uchun saylov blyutenlari berilmoqda. Eng yomoni bir saylovchi bir nechta blyutenni olib, ovoz berishga urinmoqda. Imi-jimida bunday, ko‘zbo‘yamachilik qilib saylov o‘tkazilishida tuman Saylov komissiyasi raisi va mas’ullarining aybi bor», — deydi «Bo‘ston» MFY raisi Tog‘aymurod Tojiyev.
«Tuman Saylov komissiyasi mazkur holatlarga e’tibor qaratib, bugungi natijalarni bekor qilgan holda saylovni qayta o‘tkazadi degan umiddamiz», deyiladi tuman hokimligi matbuot xizmati xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter