Davlat tashkilotlarida energiya menejeri lavozimi joriy qilinadi
Barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlarida 2025-yil 1-yanvardan boshlab amaldagi rahbar o‘rinbosarlaridan biriga energiya samaradorligi va energiya tejamkorligi bo‘yicha vazifalar yuklatilsin hamda energiya menejeri (Energy Efficiency Manager) lavozimi kiritiladi.
Bu borada Prezidentning tegishli qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.
Hujjat loyihasiga ko‘ra, rahbariyat uchun energiya resurslarini tejash va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni joriy etish bo‘yicha asosiy ko‘rsatkichlar (KPI) joriy etiladi.
Bundan tashqari Energetika vazirligi markaziy apparatida umumiy shtatlar soni doirasida barcha tashkilot va korxonalarda energiya resurslari iste’molining tahlilini o‘tkazish bilan shug‘ullanuvchi tarkibiy bo‘linma hamda uning hududiy boshqarmalari tashkil etiladi.
Belgilanishicha, hududiy boshqarmalarning jami shtatlar soni 70 tani tashkil etadi va ular ma’muriy islohotlar doirasida maqbullashtiriladigan shtat birliklari hisobidan shakllantiriladi.
Hududiy boshqarma 1 nafar rahbar, elektr energiyasi ta’minoti bo‘yicha 1 nafar mutaxassis, tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘yicha 1 nafar mutaxassis, mahalliy va import ko‘mir ta’minoti bo‘yicha 1 nafar mutaxassis hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya samaradorligi bo‘yicha 1 nafar mutaxassis xodimdan iborat bo‘ladi.
Hududiy boshqarmalarning faoliyati 2024-yilda Energetika vazirligi huzuridagi Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan, 2025-yildan budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining mavjud bino va inshootlarida joylashtiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter