Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Davlat rahbarining da’vati

Davlat rahbarining da’vati

Foto: Prezident matbuot xizmati

(Murojaat shunchaki tinglash uchun emas, balki, anglash va amal qilish uchundir)

Zamon va makonlarning bog‘lanish nuqtasi insondir. U turli davrlarning muammolariga oqillik va odillik bilan javob topishga qodir. Pandemiya pand bergan bo‘lsa-da, undan qutulish va uni bartaraf etish xalqimizni bu ofatdan asrash borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar buning yaqqol misolidir.

Xalqning salomatligi, boyligi, roziligi va farovonligi uchun ko‘riladigan tadbirlar mamlakat taraqqiyotining kafolatidir.

Yangi yil oldi intiqlik bilan kutganimiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaati va unda ko‘tarilgan masalalar hamda yechimlar mamlakatimiz istiqboli va ravnaqi yo‘lidagi dadil qadamdir. Prezident erishilgan yutuqlar bilan birgalikda rivojlanishga to‘siq bo‘luvchi ba’zi omillar borasida tahliliy va tanqidiy nazar orqali o‘z mulohazalarini bildirdi.

Mamlakatimizning barcha sohalari bo‘yicha, aniq va faktik ma’lumotlarni keltirish bilan mulohaza yuritish asnosida yoshlar hayoti va ularning ta’lim-tarbiyasiga daxldor bo‘lgan o‘qituvchilarning o‘rni va mas’uliyati haqida alohida to‘xtaldi.

«Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan, ta’lim-tarbiya tizimidan boshlanadi», degan g‘oya asosida keng ko‘lamli islohotlarning amalga oshirilishi zamon taqozosi. Bu esa istiqbolning me’mori –o‘qituvchining zahmati bilan bog‘liq. O‘qituvchining o‘rni esa ta’lim va tarbiyani o‘z umri mazmuniga aylantirgani, kasbiga sadoqati va fidoyiligi bilan belgilanadi. Fidoyilik esa kasbiga shaydolikdan boshlanadi.

Shu bois Prezident «Jamiyatda o‘qituvchi kasbi eng nufuzli va obro‘li kasb bo‘lishi lozim», deya uqtirib, mamlakatimizda 2021 yilda o‘qituvchi va pedagoglarga ustama haq to‘lash tizimi yo‘lga qo‘yilishini ta’kidladi. Bu tashabbus yaqin to‘rt yildagi o‘qituvchi va murabbiylarning ijtimoiy nufuzi va mavqeini oshirish borasidagi amaliy faoliyat va harakatlarning izchil davomi deyish o‘rinlidir.

Prezident Murojaatnomada ta’lim sifatini tubdan yaxshilash, uning samarali va natijadorligini ta’minlash zaruriyati borasida qator mulohazalarni qayd etdil. O‘qituvchilarga boshqa tumanga borib ishlasa 50 foiz, boshqa viloyatlarga borib ishlasa 100 foiz ustama to‘lanishi haqidagi fikr ham ta’lim sifati va samarasi uchun kuyunishdir.

Xo‘sh, ta’limning sifati va samarasiga erishish uchun nimalar zarur? Davlat rahbari bunga ham aniq va ravshan javob berdi. Buning uchun avvalo o‘quv dasturlari, o‘qituvchi va domlalar uchun metodik qo‘llanmalarni xalqaro dasturlarga moslashtirish, bolalarning tahliliy va kreativ fikrlash qobiliyatini rivojlantirish uchun ularga sermazmun va tushunarli darsliklar yaratish zarurligini e’tirof etdilar. Eski usuldagi balandparvoz gapiriladigan ta’lim standartlari endilikda kerak emasligi, ilg‘or xorijiy tajriba asosida bolalarga ortiqcha yuklama bermaydigan milliy o‘quv dasturi joriy etilishi vaqti kelganini uqtirdi. Ta’lim sifati faqat poytaxtda emas, balki olis qishloqlarda ham yuqori bo‘lishi shartligi, buning uchun esa malakali kadrlar bilan ta’minlash, ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha alohida dasturni hal etish muhimligi ta’kidlandi.

Ochig‘ini aytish kerakki, ta’lim tizimidagi ayrim darslik va qo‘llanmalar hali ham eski usulda, o‘quvchi va talabalarni qiziqtirish o‘rniga bezdiradigan tarzda, hayot bilan bog‘langanlik darajasi past bo‘lib nazariy qoidalarni quruq yodlatish zamiriga qurilgan. Eng qizig‘i, maktabning ta’lim qozonida qaynamagan, uquvsiz olimlar tomonidan yozilgan darsliklarda o‘quvchilarning yosh va psixologik xususiyatlari e’tiborga olinmagan. Bu esa ularning qiziqishini, e’tiborini so‘ndiradi. Ayni paytda o‘quvchida umidsizlik, ishonchsizlik tuyg‘usini uyg‘otishi mumkin. Shu tariqa bilimsizlik, hafsalasizlik urchiyveradi. Har bir fan bo‘yicha o‘z umrini, qobiliyatini sarf etib kelayotgan shu soha vakillarining, tajribali mutaxassislarning fikr-mulohazalarini e’tiborga olish kerak. Amal-taqal qilib yozilgan darslikdan hech qanday naf’ yo‘q. Agar u yosh avlodning bilim-saviyasi, ong-u dunyoqarashini yuksaltirishga xizmat qilmasa, uning nima keragi bor?

Muammoning ikkinchi bir tomoni borki, bu pedagogik mahorat masalasi, ya’ni o‘qituvchining kommunikativ kompetentligidir. Tasavvur qiling, yuqori saviyada tayyorlangan darslik va qo‘llanmalardan bahramand bo‘lgan o‘qituvchi kengqamrovli bilimga ega bo‘lsa, axborot kompyuter texnologiyalarini obdon egallab, bir nechta xorijiy tillarni ham bildi deylik, hali bu ta’limning sifati va samarasi degani emas. Olingan bilimni, oshirilgan malaka, hosil qilingan ko‘nikma, o‘zlashtirilgan ilmni o‘quvchi yoki talabaning ong-u shuuriga singdirish mexanizmi, ya’ni kommunikativ kompetentligi bo‘lmasa hech qanday natija yo‘q. Demak, gap pedagogik mahoratda, yanada aniqrog‘i, o‘qituvchining muloqot madaniyati, notiqlik san’atini qay darajada egallaganligida. Bilimi bo‘lsa-yu, uquvi bo‘lmasa pedagog ta’limida sifat ham bo‘lmasligi tayin.

Tasavvur qiling. Asl dehqon, chorvador yetishtirgan masalliqni bozordan keltirib osh tayyorlash buyurilsa, taom bemaza bo‘lsa, aybdor kim? Dehqonmi, chorvadormi, sabzi, guruch, go‘sht kabi osh masallig‘imi yoki uni sotib olib keltirgan xaridormi? Albatta, oshpaz. Shunday ekan, darslik, qo‘llanmalar qanchalik sermazmun va sifatli bo‘lmasin, pedagogning kommunikativ qobiliyati, nutqiy mahorati bo‘lmasa maqsad to‘la ro‘yobga chiqmasligi aniq. Pedagogning uquvi, bilimi va tajribasi ta’lim sifatining muhim o‘zagi.

Uyg‘onish davrining uyg‘oq vijdoni mahoratli o‘qituvchilardan ta’lim olgan yosh avlod bo‘lishi aniq. Buning uchun ta’limning sifati va samarasi har qachongidan muhim. Sababi ta’limning kaliti nutq bo‘lsa, tarbiyaning kaliti xulqdir. Xuddi shu ma’noda, muloqotning ochqichi nutq bilan, muomalaning tutqichi esa xulq bilandir.

Shu o‘rinda Uilyam Uordning pedagogik mahorat bobidagi ushbu fikrini keltirish joizdir. «O‘rtacha o‘qituvchi bayon qiladi, yaxshi o‘qituvchi tushuntiradi, mashhur o‘qituvchi namoyish qiladi, buyuk o‘qituvchi ilhomlantiradi». To‘g‘ri, mashhur va buyuk o‘qituvchilar ta’limi va motivatsiyasidan ilhomlangan yosh avlod chinakam ma’noda, kelajak poydevorini qurishiga shubha yo‘q.

Prezident ilm-ma’rifat va ta’limni yuksaltirish, innovatsiyani va integratsion jarayonlarni amalga oshirish mamlakatning taraqqiyoti bilan bog‘liqligi borasida qimmatli mulohazalarni bildirdi. So‘ngra kelgusi yilda 10 ta Prezident maktabi va tabiiy fanlar, axborot kompyuter texnologiyalariga ixtisoslashgan 197 ta maktab o‘z faoliyatini boshlashi haqidagi xabar barchani ruhlantirib yubordi.

Yuqori darajadagi ta’lim tizimi amalga oshirilsa, farzandlarimizni chet ellarga yuborib o‘qitishdan ko‘ra, keng imkoniyat va imtiyozlarga ega bo‘lishimiz muqarrar. Bu borada ham Prezident dadil qadam tashlayotganini e’tirof etdi. Raqobatbardosh milliy kadrlarni yangi avlodini tayyorlash maqsadida Toshkentda alohida yangi universitet ochilishi, xorijdan professional fan-ta’lim mutaxassislari jalb etilishini e’tirof etildi. Toki, chet elga bormasdan o‘z yurtida yuqori bilim olishga erishsin. Pedagoglar malakasini oshirish tizimi ham bizda ibratli emas edi. Ular har 5 yilda bir marotaba malakasini oshirishardi. Bu esa aqlga sig‘maydigan hol. Bugungi davrda har kun, har soatda barcha jarayonlarda yangiliklar, o‘zgarishlar sodir bo‘layotan paytda ularning malakasini uzluksiz ravishda amalga oshirish talabi yuzaga chiqdi.

Prezident, shuningdek, o‘qituvchilarning o‘z fanini bilishi, pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligidan kelib chiqib toifa berish mezonlari qayta ko‘rib chiqilishi, muallimlar bolalarga sifatli ta’lim berish o‘z ustida ishlashdan boshqa narsa haqida o‘ylamasligi uchun davlat barcha sharoitlarni yaratib berishi zarurligini alohida ta’kidlab o‘tdilar.

Ta’lim olish uchun yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlarning yana bir misoli sifatida grantlar soni kamida 25 foizga oshirilishi, ehtiyojmand oilalarning qizlari uchun grantlar sonini 2000 taga yetkazish xususidagi Prezident e’tiroflarini keltirish mumkin.

«Quyoshliq istasang, kasbi kamol et, Kamol ar kasb etarsen, bemalol et», – deydi Hazrat Navoiy. Prezident ma’ruzasida keltirilgan ushbu hikmatning mazmuni shuki, quyoshday bo‘lishni istasang, kamolot kasb et, kamolotga yetishga intilar ekansan, bu ishni o‘zingga malol olmay amalga oshir demakdir. Quyosh hamma joyga bir xil nur sochadi, lekin bir joyda yantoq, bir joyda gul o‘sadi. Muallimning ma’rifat yog‘dusi quyosh sochuvchi ziyoga monand. Katta avlod bilim va tajriba koni. Ularning uzoqni ko‘ra olish fazilatlarini yoshlarimizdagi g‘ayrat va shijoat, mardlik va fidoyilik bilan birlashtira olsak, ko‘zlangan marralarga, albatta yetishimiz muqarrarligi Murojaatnomada alohida uqtirildi.

Shunday ekan, yoshlarga e’tibor davlat siyosati darajasida bo‘lishi ularni har damda va har qadamda qo‘llab-quvvatlanishi xalqimizning salomatligi bilan bog‘liq holda bo‘lishi yil nomida ham aks etgani bejiz emas. «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash»da da’vat va chorlov bor. Barcha ko‘zlangan rejalar, pirovard maqsadlar ana shu ikkita asos yoshlar va aholi salomatligi bilan ro‘yobga chiqadi.

Rahimboy Jumaniyozov,
TIQXMMI dotsenti, «MA’RIFAT» targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring