Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Daraksiz yo‘qolgan 21 ming bola: ehtimol tirikdir, ehtimol o‘lgan

Daraksiz yo‘qolgan 21 ming bola: ehtimol tirikdir, ehtimol o‘lgan

Foto: AP

G‘azo sektorida qariyb 9 oydan buyon davom etayotgan dahshatli qirg‘in oqibatida 21 mingga yaqin falastinlik bolalar dom-daraksiz yo‘qoldi. Bu haqda qarorgohida Buyuk Britaniyada joylashgan «Save the Children» (Bolalarni muhofaza etish) tashkiloti hisobotida so‘z boradi.

Jumladan, 17 ming bola yaqinlaridan ayrilgan holda och-nahor yurgani aytilmoqda. 4 ming murg‘ak vujud esa bombalangan binolar ostida qolgan bo‘lishi ehtimoli katta.

«Yo‘qolgan, ammo hali tirik bo‘lgan bolalar hayoti jiddiy xavf ostida, binobarin, ularni tez muddatda topish kerak. Ularni muhofazaga olish, oilasi bag‘riga qaytarish kerak. Halok bo‘lgan bolalarga kelsak, ularning oilasi bu haqda rasman xabardor etilishi, dafn marosimi o‘tkazilishi va aybdorlar jazolanishi lozim», – deydi «Save the Children» tashkilotining Yaqin Sharq bo‘yicha direktori Jeremi Stouner.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari idorasiga ko‘ra, 2023 yil 7 oktyabrdan buyon G‘azo sektorida Isroil armiyasi hujumlarida 15 mingga  yaqin bola halok bo‘ldi.

«G‘azo bolalar qabristoniga aylandi. Minglab yo‘qolgan bolalarning taqdiri esa noma’lum qolmoqda. Tirik bolalarni topib, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, yangi qurbonlarning oldini olish uchun ham zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtash lozim», – deydi «Save the Children» vakili.

Xalqaro hamjamiyat e’tiroziga qaramay, Isroil harbiylari ayni paytda yuz minglab falastinlik jon saqlayotgan Rafah shahriga hujumlar uyushtirmoqda. «Save the Children» tashkilotiga ko‘ra, Rafahga hujumlar bolalar orasida qurbonlar sonini yanada oshirmoqda.

Isroil HAMAS harakati hujumiga javoban G‘azoga bostirib kirganidan buyon urush davomida 37718 nafar falastinlik halok bo‘ldi. Ularning salmoqli qismi bolalardir.

BMTning Bolalar jamg‘armasi (YuNISEF) matbuot kotibi Jeyms Elder G‘azo sektoridagi harbiy harakatlarni «bolalarga qarshi urush» deb atagan.

BMTning falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi bosh komissari Filipp Lazzariniga ko‘ra, so‘nggi olti oy ichida G‘azo sektorida dunyoda oxirgi to‘rt yilda kuzatilgan barcha mojarolardan ko‘proq bolalar halok bo‘lgan.

Afsuski, dahshatli statistika kun sayin oshib bormoqda. Xalqaro tashkilotlar G‘azoda ko‘p sonli bolalar ochlik tufayli ham dunyodan ko‘z yumayotgani, Isroil ochliklan qurol sifatida foydalanayotgani haqida bong  urmoqda. Qayd etilishicha, bolalar ochlik sabab chorva mollariga mo‘ljallangan ozuqalarni iste’mol qilishga majbur bo‘lmoqda. Bu esa zaharlanish va boshqa yuqumli xastaliklar xavfini oshirmoqda.

Avval xabar berganimizdek, yaqinda BMT Isroilni bolalar huquqlarini poymol etuvchi va ularga zarar yetkazuvchi davlatlar ro‘yxatiga kiritdi. BMT bosh kotibining bolalar va qurolli ziddiyatlar masalalari bo‘yicha maxsus vakili Virjiniya Gamba tomonidan tuzilgan hisobotda G‘azo sektorida bolalarni o‘ldirish, o‘g‘irlash, kaltaklash, shuningdek, maktab va shifoxonalarga hujum haqida so‘z boradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring