Daniyada xasta kelin to‘ydan 15 daqiqa o‘tib vafot etdi
Daniyada halokatli miya o‘smasidan qiynalayotgan kelin turmushga chiqdi va to‘ydan 15 daqiqa o‘tgach hayotdan ko‘z yumdi. G‘am-g‘ussaga cho‘mgan kuyov «Metro» nashriga hasratlarini to‘kib soldi.
2018-yil, yoz. Daniyadan ko‘chib kelgan 41 yoshli Lu Tulin Simonsen va 49 yoshli London fuqarosi Shaff Prabatani munosabatlarining o‘n yilligini nishonlayotganda ayol birdan bosh og‘rig‘idan shikoyat qila boshladi. Ko‘p o‘tmay uning ko‘rish qobiliyati yomonlashdi. U shifokorga murojaat qildi, biroq aniq biror nima deyisholmadi. Oktyabrda Simonsen tinimsiz ko‘ngli aynib, ko‘zlari deyarli ko‘rmay qoldi. U yana terapevtga uchrashdi. Ma’lum vaqtdan so‘ng kompyuter tomografiya yordamida uning miyasida saraton o‘smasini aniqlashdi.
Shifokorlar ayolning bir-ikki yil umri qolganini taxmin qilishdi. Simonsen 30 ta nur terapiyasini olgach, o‘smaning tajovuzkorligi to‘xtadi. Shunda Prabatani o‘lim bilan olishayotgan sevgilisining asosiy istagini bajo keltirishga ahd qildi va 2019-yil yanvar oyida uning qo‘lini so‘radi. Shu paytgacha qizning xohishiga qaramay, nikohdan o‘tishni qat’iyan rad etib kelayotgandi: buni shunchaki rasmiyatchilik deb hisoblardi. Simonsen tuzalishiga juda-juda ishonardi va saratonni yenggandan so‘ng to‘y qilishlarini xohlardi.
2019-yil avgustda ular kelinning qarindoshlarini ziyorat qilish uchun Daniyaga borishdi. Safar chog‘ida ayolning ahvoli yomonlashib qoldi. Shunda kuyov shu yerning o‘zidayoq to‘y qilishni talab qilib turib oldi. Ular bir hafta deganda to‘y marosimini tashkillashtirishning uddasidan chiqishdi. 12-avgust kuni Prabatani va Simonsen er-xotin bo‘lishdi. Marosimdan 15 daqiqa o‘tgach kelin bu dunyoni tark etdi.
Prabatani xotinining xotirasini yod etish maqsadida uyidan uzoq bo‘lmagan joyda ko‘cha kutubxonasini ochdi: kitoblar joylangan javoncha va «Luning kichik kutubxonasi» degan yozuv. Uning so‘zlariga ko‘ra, marhuma kitob o‘qishni juda yaxshi ko‘rgan va shu yo‘l bilan uning ruhini shod etishni niyat qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter