Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Daniyada o‘zbekistonlik fotorassomning ko‘rgazmasi ochildi

Daniyada o‘zbekistonlik fotorassomning ko‘rgazmasi ochildi

Daniyaning Arhus shahrida «O‘zbekiston – Buyuk ipak yo‘li marjoni» nomli fotoko‘rgazma ochildi. Unda O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, fotorassom Husniddin Atoning 60 dan ziyod mualliflik ishlari namoyish etilmoqda.

Fotosuratlarda mamlakatimizning Buyuk ipak yo‘lida muhim o‘rin tutgan qadimiy shaharlari – Buxoro, Samarqand va Xiva tarixiy obidalari, milliy an’ana, qadriyat va taomlar, hunarmandchilik namunalari aks ettirilgan. Mazkur madaniy loyiha «O‘zbek tashabbuslari» uyushmasi hamda «Dokk1» markaziy kutubxonaci hamkorligida amalga oshirilmoqda.

Arhus shahridagi kutubxona Yevropaning yirik xalq kutubxonalaridan biri bo‘lib, bu yerda ijtimoiy, madaniy-ilmiy tadbirlar ham o‘tkaziladi. 27 martga qadar davom etadigan fotoko‘rgazmaga ham yuzlab yevropaliklar kelishi kutilmoqda.

«O‘zbek tashabbuslari» Arhus shahrida 2019 yilda ko‘ngilli uyushma sifatida tashkil etilgan bo‘lib, kam sonli o‘zbek oilalarini birlashtirib, turli loyihalar orqali O‘zbekistonni tanishtirib kelmoqda. Shuningdek, uyushma o‘zbek tilida mashg‘ulotlar tashkillashtirmoqda. Yangi fotoko‘rgazmadan ko‘zlangan maqsad ham O‘zbekistonni keng miqyosda tanitish va mamlakatimizga ko‘proq sayyohlarni jalb etishdan iboratdir.

Eslatib o‘tamiz, san’at sohasidagi xalqaro ekspert va fotorassom Husniddin Ato mamlakatimiz va xorijda o‘tkazilgan ijodiy tanlovlarda sovrindor bo‘lgan, shaxsiy ko‘rgazmalarini o‘tkazgan. Uning shaxsiy fotoko‘rgazmalari bunga qadar Ispaniya, Belgiya, Latviya, Eron, Yaponiya kabi mamlakatlarda tashkil etilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring