Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Daniya Trampga Grenlandiya yuzasidan taklif yo‘lladi

Daniya Trampga Grenlandiya yuzasidan taklif yo‘lladi

Daniya hukumati AQShning saylangan prezidenti Donald Trampga Grenlandiyani sotib olish o‘rniga orolda xavfsizlik choralarini kuchaytirish, jumladan, Vashingtonning harbiy faolligini oshirish xususida taklif yo‘lladi.

Axios nashri xabariga ko‘ra, Daniya hukumati shu orqali AQSh bilan muqarrar siyosiy ziddiyatning oldini olish, Trampning diqqat-e’tiborini boshqa o‘zanga burishga urinmoqda.

Gap shundaki, Tramp 2024 yil  23 dekabr kuni AQShning Grenlandiya ustidan nazorat o‘rnatishi “o‘ta muhim” ekani haqida bayonot berdi.

56 ming aholiga ega Grenlandiya Daniyaga tegishli muxtor o‘lka sanaladi. Hudud mudofaasi ham Daniya gardanida.

Bu bayonot Daniya hamda Grenlandiya rasmiylari tomonidan tanqidiy qabul qilindi. Xususan, rasmiy Kopengagen Grenlandiya sotilmasligini ma’lum qildi.

Grenlandiyaning mustaqillik tarafdori bo‘lgan rahbariyati esa «Biz na daniyalik, na amerikalik bo‘lishni istaymiz. Biz grenlandiyalik bo‘lib qolamiz» degan mazmunda bayonot berdi.

2025 yil 8 yanvar kuni Tramp yana shu masalaga qaytib, Grenlandiya va Panama kanali ustidan nazorat o‘rnatish uchun harbiy kuch ishlatilishini istisno etmadi.

Dunyodagi eng yirik orol sanalgan Grenlandiya Rossiya va Xitoy bilan raqobat nuqtai nazaridan AQSh xavfsizligi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Ayni choqda, ushbu orolga egalik qiluvchi Daniya Qo‘shma Shtatlarning NATO doirasidagi ittifoqchisi sanaladi.

AQSh 1950-yillardan buyon Grenlandiyada harbiy bazaga egalik qilib keladi. Hozir bu yerda 200 nafarga yaqin amerikalik harbiy xizmat qilmoqda. Ularning asosiy vazifalaridan biri – ballistik raketalar uchirilganini aniqlovchi tizimni boshqarish.

Grenlandiya oltin, olmos, uran va boshqa nodir ma’danlarga boyligi bilan ham qiziqish uyg‘otib kelgan.

Trampning Grenlandiya borasidagi bayonotlari ortidan Daniya o‘z gerbini o‘zgartirdi.

Orol mudofaasi uchun xarajatlarni ham oshirdi.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron esa Trampning Grenlandiya haqidagi bayonotlaridan so‘ng Yevropa davlatlarini uyg‘onishga chaqirdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring