Senat Chiroqchi tumani IIB xodimlari bilan bog‘liq hodisaga munosabat bildirdi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida sodir bo‘lgan voqeaga munosabat bildirdi.
«Uchastkavoylaringni qutqarib qolsalaring, urgani yo‘q desalaring, rozi qiladi» sarlavhasi ostida e’lon qilingan xabar ijtimoiy tarmoqlarda hamda jamoatchilik orasida keng muhokama qilinmoqda.
Ushbu xabarda Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida o‘g‘irlikda gumonlangan 32 yoshli fuqaro Yu.A. ni kaltaklab o‘ldirgan IIB xodimlari o‘z qilmishlarini yashirishga urinishganligi, shuningdek, marhum Yu.A. bilan birga ota-bola – Qurbon Ostonoyev va Bahrom Avliyoqulov ham ayovsiz kaltaklanganligi keltirilgan.
Mazkur holat yuzasidan Qashqadaryo viloyat prokuraturasi tomonidan tuman IIB xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan nazoratga olindi.
Ichki ishlar vazirligiga ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat vizifalari qonun asosida bajarilishini tashkil qilish, huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik chora-tadbirlarini kuchaytirish topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi mamlakatimizda har qanday ko‘rinishdagi jinoyatlarga nisbatan murosa qilib bo‘lmasligini ta’kidlaydi, deyiladi Senatning axborot xizmati tarqatgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bosh prokuratura matbuot xizmati zo‘ravon IIB xodimlariga qanday ayblov e’lon qilinganini ochiqlagandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter