Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Chirchiq daryosiga rangli oqova qayerdan tushayotgani ma’lum bo‘ldi

Chirchiq daryosiga rangli oqova qayerdan tushayotgani ma’lum bo‘ldi

Foto: Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati

Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi Potrebitel.uz guruhi orqali Chirchiq daryosiga rangli oqovalar tashlanayotganligi holati aks etgan murojaat e’lon qilingandi. Davlat ekologiya qo‘mitasisi ushbu murojaatga munosabat bildirdi.

Ta’kidlanishicha, Davlat ekologiya qo‘mitasi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalari xodimlaridan iborat maxsus ishchi guruh tuzilib, tezkor tartibda holat o‘rganilgan.

O‘rganishlar davomida chindan ham Chirchiq daryosining Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani, «Chingeldi» MFY hududidan o‘tuvchi qismiga rangli eritmalar bilan ifloslangan oqovalar tashlanayotganligi aniqlangan.

Ushbu oqovalarning hosil bo‘lish manbai «Toshkent suv ta’minoti» MChJga qarashli Toshkent viloyati Baytqo‘rg‘on MFYda hududida joylashgan «Chirchiq oqova tozalash inshooti» bo‘lib chiqdi. Holat bo‘yicha laboratoriya tahlillarini o‘tkazish maqsadida Davlat ekologiya qo‘mitasining Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida ixtisoslashtirilgan analitik nazorat markazining mutaxassislari jalb etilgan.  Suv tahlillari uchun Chirchiq oqova tozalash inshootining Chirchiq daryosiga chiqaruvchi oqova suvlari tashlama nuqtasidan, oqovalarning daryoga qo‘shilish va 500 metr quyi nuqtalaridan suv namunalari olinib, tahlillar o‘tkazilmoqda.

Foto: Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati

Ishchi guruh tomonidan Chirchiq oqova tozalash inshootining holati, texnologik jarayonlari o‘rganilganda tozalash samaradorligi 40-50 foizdan ham pasayib ketganligi tasdiqlangan.

Xabarda aytilishicha, ishchi guruh tomonidan  Chirchiq oqova tozalash inshootiga me’yordan ortiqcha ifloslangan turli rangli eritmalar tutgan oqova tashlaydigan 10 ta yirik korxona, jumladan, 6 ta tarkibida bo‘yoq sexlari bo‘lgan to‘qimachilik korxonalari ro‘yxati shakllantirildi. Chirchiq shahridagi hamda Bo‘stonliq tumanidagi tarkibida bo‘yoq sexlari bo‘lgan yirik to‘qimachilik korxonalarining oqova tozalash inshootlarini o‘rganish maqsadida ekologik nazorat tadbirlari tashkil qilinmoqda.  Buning uchun belgilangan tartibda «Biznes Ombudsman»ga buyurtmalar tayyorlanib kiritiladi. 

Ta’kidlanishicha, «Chirchiq oqova tozalash inshooti» 1975-yilda qurilgan bo‘lib, tozalash texnologiyasi va qurilmalar ma’nan eskirgan, quvvati sutkasiga 80 ming kub metr bo‘lgani holda Chirchiq shahri, Bo‘stonliq va qisman Qibray tumanlarining tobora ortib borayotgan aholisi va sanoat korxonalarining oqovalarini qabul qilib kelmoqda.

Foto: Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati
Foto: Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati

Qo‘shimcha qilinishicha, Toshkent viloyatidagi tozalash inshootlari tizimlarini 2023–2026-yillarda qurish va rekonstruksiya qilish nazarda tutilgan  va Hukumatning alohida qarori qabul qilinib, loyihaning texnik iqtisodiy asoslari ishlab chiqilmoqda.

Davlat ekologiya qo‘mitasi holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berilishini ma’lum qilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring