Chigirtkaga qarshi kurashish vazifasi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasiga o‘tkaziladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-may kuni o‘simliklarni himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
O‘simliklar himoyasi – oziq-ovqat mahsulotlari sifati va xavfsizligini ta’minlash, eksport hajmlarini oshirishda juda muhim tizim.
Ilgari bu ishlar birgina «O‘zagrokimyohimoya» aksiyadorlik jamiyatiga yuklatilgan edi. Oxirgi yillarda mineral o‘g‘it va kimyoviy vositalar yetkazib berish bilan klaster va fermer xo‘jaliklari, tadbirkorlik sub’yektlari ham erkin shug‘ullanmoqda. «O‘zagrokimyohimoya» xizmatlariga talab esa kundan-kunga kamayib bormoqda.
Shu bois yig‘ilishda o‘simliklarni himoya qilish bo‘yicha yangi tizim tashkil etish, hududlarda bu boradagi xizmatlarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
«O‘zagrokimyohimoya» aksiyadorlik jamiyatini tugatib, uning vakolat va vazifalarini boshqa tuzilmalarga o‘tkazish taklifi bildirildi. Bunda, o‘simliklarni himoya qilish va chigirtkaga qarshi kurashish vazifasi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasiga o‘tkaziladi. Tut parvonasiga qarshi kurashish Ipakchilik uyushmasi va uning tarkibidagi klasterlar hamda tuman hokimlariga yuklatiladi. Mineral o‘g‘itlar va kimyoviy vositalar bilan ta’minlash erkin bozor tamoyillari asosida to‘liq xususiy sektorga beriladi. Shuningdek, o‘simliklarga kimyoviy ishlov berish xizmatlari ham tanlov asosida tadbirkorlar tomonidan amalga oshiriladi.
Davlatimiz rahbari mazkur taklifni ma’qullab, bu islohotlarni amalga oshirish uchun Bosh vazir o‘rinbosari rahbarligida respublika komissiyasi va joylarda viloyat hokimlari boshchiligida hududiy komissiyalar tuzishga ko‘rsatma berdi.
Biolaboratoriya va «o‘simliklar klinikalari»ni tashkil etib, malakali agronom va entomologlarni jalb etib, dalagacha yetib boradigan xizmatlar tizimini yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.
Bunda har bir hududning iqlimi va sharoitidan kelib chiqib, ish tutish talabi qo‘yildi. Masalan, Surxondaryoda «beda qandalasi», Buxoroda «vilt», boshqa viloyatlarda «pomidor kuyasi» tarqalgan.
Shuningdek, o‘simliklarni himoya qilish bo‘yicha xorij tajribasini o‘rganish, kimyoviy vositalarni me’yorida va muddatida ishlatish bo‘yicha metodologiya yaratish muhimligi aytildi.
Soha rivojini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga «Agrobank» mas’ul etib belgilandi. Zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish, uskuna va texnikalar sotib olish hamda xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarning aylanma mablag‘i uchun birinchi bosqichda 150 milliard so‘mlik kredit liniyasi ochish vazifasi qo‘yildi.
O‘simliklarni himoya qilish sohasida xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Tadbirkorlar xarid qiladigan laboratoriya jihozlari va boshqa uskunalar bo‘yicha kredit foizining asosiy stavkadan oshgan qismi budjetdan qoplab berilishi hamda Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan 50 foizgacha bo‘lgan qismiga kafillik ajratilishi qayd etildi.
Shuningdek, tadbirkorlar tomonidan tuproq tarkibi va o‘simliklarni laboratoriyalarda tahlil qilish bo‘yicha fermer va dehqonlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarning 30 foizi budjetdan qoplab beriladi. Biologik va kimyoviy xizmat ko‘rsatadigan tadbirkorlarga amaldagi soliq stavkalari 50 foizga kamaytiriladi.
Prezident sohada ilm-fanni rivojlantirish va kadrlar tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratdi. O‘simliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot institutining moddiy-texnika bazasini yaxshilab, malakali kadrlar va xorijiy mutaxassislarni jalb qilish zarurligini ta’kidladi.
Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallarida soha mutaxassislarini tayyorlash tizimini kuchaytirish, ilmiy salohiyatni oshirish va zamonaviy o‘quv-laboratoriya uskunalari bilan ta’minlash bo‘yicha hukumat qarori ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Yurtimizda ishlayotgan chet ellik agronomlarni jalb qilib, qishloq xo‘jaligi kollejlarida o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini qayta tayyorlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berildi.
Shaharlardagi mevali va manzarali daraxtlar, buta hamda gullarni himoya qilish xizmatlarini kengaytirish zarurligi ham aytib o‘tildi.
Soha mutasaddilari va viloyat hokimlari yangi tizimni samarali tashkil etish chora-tadbirlari yuzasidan hisobot berdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter