Chekka hududga ishga borgan shifokorga 30 million so‘m va xizmat uyi beriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
Sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inidagi davolash sifati haqida gap borar ekan, buning uchun sharoit va kadrlar yetishmasligi aytib o‘tildi. Xodimlarni rag‘batlantirish, malakasi va lavozimini oshirishga e’tibor yo‘q.
Qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalarda 20 mingdan ziyod vrachlik shtati mavjud, lekin 12 ming shifokor ishlamoqda. Chunki bugungi kunda umumiy amaliyot shifokori kasbi tibbiyot oliygohlari bitiruvchilari uchun jozibador emas.
Shu bois Prezident shifokorlarga munosib sharoitlar yaratish orqali ularni eng quyi bo‘g‘in – qishloq vrachlik punkti va oilaviy poliklinikalarga jalb qilish zarurligini ta’kidladi.
Buning uchun chekka hududlardagi birlamchi bo‘g‘in tibbiyot tizimi uchun “Qishloq shifokori” dasturi joriy qilinadi. Bu dasturga muvofiq chekka hududlardagi birlamchi bo‘g‘inga ishga kirgan tibbiyot xodimlariga 30 million so‘m miqdorida bir martalik pul mablag‘i beriladi, ular xizmat uyi bilan ta’minlanadi yoki ijara to‘lovi kompensatsiya qilinadi.
Shifokorlarga bo‘lgan ehtiyojlarni mahallalar kesimida aniqlab, tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida kvotani oshirish, ipoteka asosida qurilayotgan uy-joylarni avvalo birlamchi bo‘g‘in shifokorlari uchun ajratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Aholi ehtiyojidan kelib chiqib, kelgusi yilda 100 ta qishloq vrachlik punkti va 24 ta oilaviy poliklinika tashkil etilishi belgilandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter