Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Saudiya Ukraina inqirozini siyosiy yo‘l bilan hal etishni taklif qilmoqda

Saudiya Ukraina inqirozini siyosiy yo‘l bilan hal etishni taklif qilmoqda

Saudiya Arabistoni Ukraina inqirozini siyosiy yo‘l bilan hal etish uchun xalqaro sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Bu haqda Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi, bosh vazir o‘rinbosari va mudofaa vaziri Muhammad bin Salmon 20 sentyabr kuni ma’lum qildi.

Jidda shahridagi «Salom» saroyida Ukraina prezidentining maxsus vakili Rustem Umerovni qabul qilgan valiahd shahzoda ziddiyatning gumanitar oqibatlarini yengillatish yo‘lida chora-tadbirlar ko‘rilayotganini qayd etgan.

R.Umerov Ikki muqaddas masjid xodimi, podshoh Salmon bin Abdulazizga Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning salomini yetkazgan.

Saudiya urush boshlaganidan buyon Ukrainaga gumanitar ko‘mak ko‘rsatib kelmoqda. Masalan, joriy yil aprelda podshoh Salmon bin Abdulaziz ukrainalik qochqinlarga boshpana topishda ko‘maklashish va tezkor tibbiy yordam uchun 10 million dollar ajratgan edi.

Ukraina prezidentining maxsus vakili R.Umerov ko‘rsatilayotgan gumanitar ko‘mak uchun minnatdorlik bildirgan.

Qayd etish joizki, ayni paytda Ukraina parlamenti deputati va Davlat mulki jamg‘armasi raisi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan, qrim tatar millatiga mansub R.Umerov 1982 yilda O‘zbekistonda, Samarqand viloyatida tug‘ilgan.

Eslatib o‘tamiz, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon joriy yil mart oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muloqotda Moskva va Kiyev o‘rtasida vositachilik taklif qilgan edi.

Avval xabar berganimizdek, podshohlik tashqi ishlar vaziri Faysal bin Farhan ham Ukraina inqirozini siyosiy yo‘l bilan yechishda ko‘makka shayligini bildirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring