«Budjet taqsimlovchisiga aylaning» — yangi portal ishga tushdi
Bugun «Ochiq byudjet» portalining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Portal haqida iqtisodchi Otabek Bakirov o‘z fikrlarini bildirdi.
«Taqdimotdan keyin portalda ro‘yxatdan o‘tdim.
Juda katta axborot va funksiyalarni jamlagan portalda men uchun eng qiziq yo‘nalish — tashabbus budjetlaridagi loyihalar bo‘ldi.
2021 yil 1 iyuldan jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga ajratiladigan budjetlar qo‘shimcha mablag‘larining eng kam miqdori 10 foizdan 30 foizga oshirildi. 14ta tumanda esa budjet umumiy xarajatlarining 5 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirish belgilangan.
Xursand qiladigani, men ro‘yxatdan o‘tgan Toshkent viloyatining Toshkent tumanida fuqarolar 16ta loyihani taklif etishgan. Tashabbus budjeti uchun 600 mln. so‘m mo‘ljallangan. Albatta fuqarolar tashabbus qilmasa, o‘tgan yili qator hududlarda bo‘lganidek, bu pulga hokim uchun «Treylblezer» yoki mebel sotib olish ham mumkin edi.
Lekin qarang, fuqarolar qanday takliflar berayapti?
Toshkentning shundoq biqinidagi Toshkent tumanida suv ta’minoti juda yomon. Masuda Raxmatova Istiqbol MFY Chilangar ko‘chasini ichimlik suvi bilan ta’minlashni taklif etayapti.
Shunaqa loyihalardan yana 14ta taklif bor. Qani endi budjet ko‘tarsa, hammasini moliyalashtirsang. Lekin eng muhimlarini tanlashga, ovoz berishga to‘g‘ri keladi.
Shunday ekan, portalda ro‘yxatdan o‘ting va budjet taqsimlovchisiga aylaning. Takliflar kiriting yoki bildirilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlang!» — deb yozadi Otabek Bakirov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter