Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buzilgan imorat. Tovon puli to‘lash nega rad etildi?

Buzilgan imorat. Tovon puli to‘lash nega rad etildi?

Urganchlik Sobirjon Rajabovning sahni 36 kvadrat metrdan iborat do‘koni binosini buzish talabi ko‘ndalang bo‘lgan mahalda xonadon sohibining ko‘ngliga qil sig‘masdi. Yaqindagina turmush o‘rtog‘i qazo qilgan, bunday ulkan yo‘qotish oldida o‘tkinchi dunyo tashvishlari kishi ko‘ziga ko‘rinmay qolar ekan... Yo‘qsa, do‘kon yap-yangi, egalik huquqini qo‘l­ga kiritganiga hali to‘rt yil ham bo‘lmagandi.

Bino buzilishiga rozilik bergan do‘kon egasiga ko‘p o‘tmay o‘zaro «Kelishuv shart­nomasi» tuzishni taklif etishdi. Bunga ham rozi bo‘l­di. Sobirjon akadagi og‘ir ruhiy holat shahar hokimi va o‘zi o‘rtasida tuzilajak shartnomaning qonun talablariga nechog‘lik mosligini sinchiklab o‘rganishga to‘sqinlik qilgan bo‘lsa, ne ajab...

Do‘kon egasini-ku holati ma’lum. Biroq hokimlik mutasaddilari-chi? Taklif etilgan shartnomada buzilgan qurilma uchun kompensatsiya, ya’ni tovon puli to‘loviga oid masala «o‘yindan tashqari holat»da qoldirilganini nima deb izohlash mumkin? Maqsad fuqaroning burnini «shartnoma asosida»  qonatishmi, yo?

Mutasaddilar binoning egasiga shaharning boshqa hududidan yangi do‘­kon qurish uchun 66 kavdrat metr sahnli yer maydoni ajratib berilgani, zarur qurilish materiallari ajratilgani, buzilgan imoratning kelgusida asqotuvchi jihozlari esa, egasi tarafidan olib ketilganini shartnomada qayd etish bilan kifoyalanishdi.

Hokimlikdagilar aslida o‘z­gacha marrada turmoqlari, garchi mijoz tovon puli so‘ramasa yoxud unga muhtoj bo‘lmasa-da, vijdoniy burch, insof-diyonat vajidan qonunning bu boradagi talab va taqozolarini unga yotig‘i bilan tushuntirishi, rozilik so‘rashi, qurilma esa, o‘rtadagi nizolar, bahs-munozaralarning ba­ri bar­ham topgach, tomonlar o‘za­ro murosaga kelganidan so‘ng buzilishi zarur edi. Afsuski, bunday bo‘l­madi.

Shahar rahbarlari buni is­tashmadi. Hokimning 2017 yil 5 maydagi 1140-sonli qarori asosida «buz-ha, buz» qabilidagi ishlarni, oradagi bahsli holat bartaraf etilmagani holda, «qoyillatib» ado etishdi.

Hokimlikning bu kabi xatti-harakatlaridan urganchlik yana bir fuqaro — Rohatoy Bekchonova ham aziyat chekdi. Uning holati bilan bog‘liq voqealar rivoji bir muncha o‘zgacha alfozda kechdi.

Shaharning sobiq Ashxobod ko‘chasidagi 631-uyda istiqomat qilgan aka-singil Bekchonovlar joriy yil yoziga kelganida o‘zaro nizoni avj oldirishdi. Urganch shahar hokimining mazkur ko‘chadagi bir muddat muqaddam buzib tashlangan o‘sha uyga marhum Rajab Bekchonov, ya’ni nizolashuvchilar otasining egalik huquqini belgilash haqida 2019 yil 12 iyunda chiqargan qarori bunga sabab bo‘ldi.

Nizo domida qolib kelayotgan xonadonda kelishmovchiliklar battar avj oldi. Bunda oila a’zolarini ayblash fikridan yiroqmiz. Negaki, hokimning mazkur qaroridan so‘ng suv battar loyqalandi.

«Unday bo‘lsa, asli, gap nimada?» dersiz. Nizoning bo­shi ota — Rajab Bekchonovning mazkur uyni qizi Rohatoy Bekchonovaga meros qilib qoldirish yuzasidan notarius orqali 2004 yil 16 mart kuni imzolagan vasiyatnomasiga borib taqaladi. Unga binoan otaning vafotidan (2004 yil 7 iyun) keyin uyga egalik huquqi qizi R.Bekchonovaga o‘tishi zarur.

Ajablanarli tarafi shuki, otaning ushbu vasiyatnomasi hozir ham o‘z kuchida. Biron-bir vakolatli mahkama vasiyatnomani bekor qilmagan.

Shunday ekan, hujjatni uyga egalik qilayotgan qonuniy merosxo‘rning roziligisiz o‘z­gartirishga hech kimning haqqi yo‘q. Yangi qaror bilan bu holat butkul inkor etildi va oqi­batda xonadondagi nizo oloviga qalov tashlandi.

Sobiq uyning yangi egalari fursatni boy berishmadi. Hokim qarorini qo‘lga olishgani hamon uyning kadastr hujjatlarini tayyorlash va rasmiylashtirishga bel bog‘ladilar va bu maqsadlariga erishib ulgurdilar ham.

Lekin qonunning o‘z yo‘rig‘i bor. Qo­nun talablari nobop bosilgan qadamlarni aslo ma’qullamaydi. Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 189-moddasi 2-qismi buni yaqqol tasdiqlaydi.

Bunday holatda uy egasi R.Bekchonovaning qo‘lidagi hujjatlarni sinchiklab o‘r­ganmagan shahar hokimligi mutasaddilarining harakatsizligini oqlash va buning oqibatida hokimning 2019 yil 12 iyundagi qarorini haqi­qiy, deb hisoblashning iloji yo‘q. U bekor qilinishi kerak.

Sud Sobirjon Rajabovning do‘koni buzilishi bilan bog‘liq mojaroga ham xotima yasadi. Bunda Urganch shahrining markaziy qismini re­kons­truksiya qilish munosabati bilan do‘kondorning buzilishi belgilangan noturar joy binosi uchun tovon pulining turi va miqdori kelishuv shartnomasida aks etgani, biroq unda mazkur kompensatsiya pulini to‘lashga oid masala ko‘zda tutilmagani jiddiy e’tiroz uyg‘otdi.

Ma’lumki, Fuqarolik kodeksining 269-moddasiga asosan, fuqaro o‘zining haq-huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar yo qarorlar ustidan sudga yoki bo‘ysunuv tartibida yuqori organga murojaat qilishga haqlidir.

Sobirjon Rajabovning mansabdor shaxsning xatti-harakatlari ustidan bergan arizasi to‘la qanoatlantirildi.

Shu yuzasidan chiqarilgan ajrimga ko‘ra, do‘kondorga kompensatsiya tarzida hisoblangan 32,5 million so‘mni to‘lash majburiyati Urganch shahar hokimligi zimmasiga yuklandi.

Shuning uchun ham qonunga rioya etganning qo‘­li hamisha baland. Qonun talablaridan chekinganning esa murodi hosil bo‘lmaydi baribir.

Umidjon Rasulberdiyev,
Xorazm viloyat ma’muriy sudi raisi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring