Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Buxoroning Fransiyadagi «egizagi», Ibn Sino haykali, yashash va ta’lim» – Fransiyadagi magistrant bilan suhbat

«Buxoroning Fransiyadagi «egizagi», Ibn Sino haykali, yashash va ta’lim» – Fransiyadagi magistrant bilan suhbat

«Xabar.uz» axborot-tahliliy portali «Xorijdagi vatandoshlar» loyihasi doirasidagi intervyularni davom ettiradi. Navbatdagi suhbatdoshimiz –  Paris Nanterre universiteti magistranti Nargiza O‘roqova. Qahramonimiz 2015 yildan beri Fransiyada oilaviy yashab kelishadi.

2015-yil Fransiyaning Parij shahriga ko‘chib keldik

Toshkent viloyati Bekobod tumanida tug‘ilganman. Oilada 3 farzandmiz: opam, ukam va men. Ota-onam bolaligimizdan ta’lim-tarbiyamizga katta e’tibor berishgan. Opam Toshkent shahridagi O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetini bitirgan. Hozirgi kunda o‘qituvchi. Ukam esa Toshkent shahridagi Singapur Menejmentni Rivojlantirish Institutini tugatib, «Yuksalish school» nomi ostida bir qancha o‘quv markazlariga asos solgan va ko‘plab insonlarni ish bilan ta’minlab kelmoqda. Yaqinda «Shuhrat» medali bilan taqdirlandi. Men esa 2015-yil O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Fransuz filologiyasi fakultetini bitirib, o‘sha yili turmushga chiqdim. Turmush o‘rtog‘imning ish faoliyatlari Fransiyada bo‘lganligi sababli o‘sha yili, aniqrog‘i, 2015-yil Fransiyaning Parij shahriga ko‘chib keldik. Orada 2 farzandim dunyoga keldi. 2019-yil menda magistraturada o‘qish istagimni amalga oshirish imkoniyati paydo bo‘ldi. Shu yil bolalarimizni bog‘chaga joylashtirib, Paris Nanterre universitetining Sciences de langage yo‘nalishi magistratura bosqichiga qabul qilindim.

Men tahsil olayotgan oliygoh 1964-yil tashkil etilgan, Fransiyadagi ko‘plab mashhur insonlar shu universitet talabasi bo‘lishgan. Shu jumladan, Fransiyaning amaldagi prezidenti Emmanuel Makron ham. Universitetimizda ko‘plab fakultetlar mavjud. Barcha fakultetlarga kirishdan oldin, albatta, yozma va og‘zaki imtihon bo‘ladi.

O‘zbekistondagi abituriyentlardek tayyorlanishmaydi

Fransuz tili dunyodagi eng chiroyli tillardan biri bo‘lganligi uchun bu tilga bolaligimdan qiziqqanman. Maktab paytlari respublika olimpiadalariga ham qatnashar edim. Inson oldiga yaxshi niyat va ezgu maqsad qo‘yib intilsa, albatta, erishar ekan.

Fransiyada abituriyentlar o‘qishga kirishda O‘zbekistondagi abituriyentlardek tayyorlanishmaydi. Bitta imtihon va bitta suhbat bo‘ladi va o‘qishga qabul qilinasiz. Lekin o‘qish davomida yaxshi o‘qish talab qilinadi. Agar imtihondan o‘tolmasangiz, ikkinchi sessiyaga qolasiz. Ushbu sistema orqali tahsil olish nafaqat talabalarga, balki ustozlarga ham yengillik berib, dars jadvalini soddalashtirishga imkoniyat yaratadi.

Pul yig‘ish, katta uylar qurish, hashamdor kiyinishga qiziqishmaydi

Fransuzlar – juda ochiqko‘ngil va iltifotli xalq. Ular g‘iybatni yomon ko‘radi. Yana fransuzlar pul yig‘ishga, katta uylar qurishga, ko‘p kiyinishga ham qiziqishmaydi. Topgan pullarini yaxshi yeb-ichib, asosan sayohat va dam olishlarga sarflashadi.

Fransiyada o‘rtacha ish vaqti 7 soat, ya’ni 9:30 dan 18:30 gacha. Fransuzlar – sal dangasaroq xalq. Ular ertalab ishlarini boshlashganidan keyin soat 11 larda bir tanaffus qilvolishadi. Soat 15:30-16:00 lar orasida ham yana bir tanaffus qilishadi. Ushbu tanaffus vaqtlarida dam olish yoki qo‘shimcha tamaddi qilish odat tusiga kirgan. Ular salatni ko‘p iste’mol qilishadi. Fransuzlar yana dengiz mevalarini ham xush ko‘rishadi. Ko‘p yog‘li taomlar tayyorlashmaydi.

Parij shahrining o‘zida fransuzlardan ko‘ra, turistlarni ko‘proq uchratishingiz mumkin. Biz turgan joy Parijdan 9 km uzoqlikdagi Ryuey-Malmezon degan shahar. Bu yerni oilaviy yashashga qulay joy bo‘lganligi uchun tanlaganmiz. Bundan tashqari, Yevropa bo‘yicha faqat Fransiyaning aynan shu shahrida O‘zbekiston bog‘i mavjud. Ryuey-Malmezon O‘zbekistonning Buxorosi bilan «egiz shahar» deb belgilangan. Qolaversa, 2018-yil shahardagi «Parc de l’amitié (Do‘stlik bog‘i)» bog‘ida O‘zbekiston burchagi ochildi va Ibn Sino haykali ham o‘rnatildi.

Fransiyada yana bir ajablanarli narsa bu mashina haydash guvohnomasini olish uchun xuddi O‘zbekistondagi abituriyentlar o‘qishga tayyorlangandek tayyorlanib olishadi. Asosan, nazariy imtihoni qiyin bo‘ladi. Ba’zilar 2-3 marta imtihondan yiqilishadi. Umuman, Fransiyada yo‘l transport qoidalariga juda qattiq amal qilinadi. Qoidabuzarliklarni deyarli uchratish qiyin. Agar qoidalarga yaxshi amal qilib haydasangiz, mashinaning yillik sug‘urta narxidan ma’lum miqdordagi foiz olib tashlanadi. Agar qancha ko‘p qoida buzsangiz, yillik sug‘urta narxiga shuncha ko‘proq foiz qo‘shiladi.

Maktabdagi ta’lim tizimiga ko‘proq e’tibor qaratish kerak

Savolingizdan kelib chiqib ayta olamanki, O‘zbekistonda maktabdagi ta’lim tizimiga ko‘proq e’tibor qaratish zarur. Chunki bola kichikligidan bilim fundamentini yaxshi qurib borsa, u barpo qilgan «uy» mustahkam bo‘ladi.

Lekin shu yili ta’tilda O‘zbekistonga borganimizda oxirgi 2 yil ichida sezilarli darajada katta o‘zgarishlar bo‘layotganining guvohi bo‘ldim.

Va yana bir sohani alohida ta’riflab o‘tish kerakki, bu onlayn biznes tarmog‘i. Ushbu sohani O‘zbekistonda yanada rivojlantirish uchun keng ko‘lamdagi ishlarni bosqichma-bosqich amalga oshirsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Soliqlarni topayotgan daromadingizga qarab to‘laysiz

Tajribamdan kelib chiqadigan bo‘lsam, Fransiyaga kelishdan oldin albatta fransuz tilini o‘rganib kelinsa, ishga joylashish osonroq bo‘ladi. Chunki ishga kirishda, suhbatdan o‘tsagina, ishga qabul qilinadi. Chet davlatga chiqishdan oldin yana biri yaqinlaridan uzoqda, ularni sog‘inib yashashga tayyor bo‘lib kelishlari ham lozim.

Fransiyada eng kam ish haqi 2021-yilda 1500 yevro deb belgilangan. Qancha xarajat qilish hammaning o‘ziga bog‘liq deb o‘ylayman. O‘rtacha hisoblaganda, eng kam ish haqi bilan ham yaxshi yashasa bo‘ladi. Bu yerda talabalarga ko‘plab imtiyozlar beriladi. Masalan, davlat tomonidan talabalar turar joyining narxi va oylik yo‘l transport chipta narxi o‘rtacha 50% miqdori davlat tomonidan to‘lab beriladi. Yana, talaba karta bilan teatr, muzey, restoranlarga kirish narxlari ham har xil chegirmalar bilan bo‘ladi. Bundan tashqari, daromadi kam bo‘lgan oilalarga har oy davlat tomonidan pul to‘lab turiladi va soliqlar miqdori ham kamroq bo‘ladi. Lekin biz bu imtiyozlardan foydalana olmaymiz. Chunki oylik daromadimiz miqdori yuqoriroq bo‘lganligi sababli davlatga to‘laydigan soliqlarimiz ham yuqoriroq. Umuman, bu yerda barcha soliqlarni topayotgan daromadingizga qarab to‘laysiz.

Paris Nanterre universitetiga o‘zbek tilini olib kirish

Kelajakdagi maqsadlarim juda ko‘p. Ulardan birinchisi o‘zim o‘qiyotgan Paris Nanterre universitetiga o‘zbek tilini olib kirish. Ya’ni o‘zbek tili darsini ta’lim dasturiga qo‘shish. Bu anchagina kuch va sabr talab qiladi. Harakatni boshlaganman. O‘tgan yilgi diplom ishi mavzuyimni ham «O‘zbek va fransuz tillaridagi morfologik yasalgan otlarning farqlari» mavzusida qilgan edim. Diplom ishimni tanishtirgan paytimda o‘qituvchilarimda va talabalarda anchagina o‘zbek tili haqida ma’lumotlar va qiziqishlar paydo bo‘ldi. Endi bu yilgi diplom ishim o‘tgan yilgidan ancha katta bo‘ladi. Umid qilamanki, o‘zbek tiliga ko‘plab xorijlik talabalarni qiziqtira olaman. Bundan tashqari, talabalar uchun har xil reklamalar va O‘zbekistonga turistik sayohatlar uyushtirish haqida o‘ylayapman.

Hozir bir vaqtning o‘zida doktorantura bosqichiga ham tayyorgarlikni boshladim. Doktoranturaga kirish bu yerda biroz qiyinroq. Ya’ni katta tanlovdan o‘tishingiz kerak.

Yana katta maqsadlarimdan biri bu Fransiyadagi ta’lim tizimida o‘rganganlarimni O‘zbekistonda qo‘llash. Ta’lim tizimini qo‘llashni boshladik desam ham bo‘ladi. Ya’ni yuqorida aytganimdek, ukam Shohruh Izatullayevning «Yuksalish school» o‘quv markazlarida masofadan maslahatchi bo‘lib, bu yerdagi yangicha tizimlarni qo‘llashni boshladik. Boshlang‘ich natija yomon emas.

Meni O‘zbekiston yoshlariga maslahatim shuki, hech qachon taslim bo‘lmang! Bir marta yiqildingizmi turing, harakat qiling! O‘qing! Haqiqat yo‘q, o‘qisam ish yo‘q degan narsalarni miyaga o‘rnashtirib olish qat’iyatsizlikni anglatadi. Bu shunchaki bir dangasalikning bahonasi xolos. Bilimi yaxshi inson hech qachon xor bo‘lmaydi deb ishonaman.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring