Buxorolikning uyidan 215 dona gugurt qutida «jon ozig‘i» topildi
Har bir «gururt quti»ning narxi ikki million so‘mdan!
Aka, arzon qilmaysizmi?
Yo‘g‘-a, o‘zi bu «jon ozig‘i»ni yetishtirguncha, jon halak...
Buxoro shahrilik R.Ya. o‘z xonadonida yetishtirib, tayyorlagan va o‘zi tomonidan «jon ozig‘i» deb nomlagan — «marxiuana»ni g‘ijduvonlik fuqaro Sh.X.ga 2 dona gugurt qutiga solingan, umumiy vazni 10,5 grammga teng bo‘lgan giyohvandlik moddasini sotayotgan vaqtda qo‘lga olindi. Bu haqda «Xabar.uz»ga ma’lum qilgan viloyat IIB mas’ul xodimining bildirishicha, ushbu tezkor tadbir Buxoro viloyati IIB Tezkor qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boshqarmasi, DXX hamda Bojxona viloyat boshqarmalari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan.
«Jon ozig‘i»ni sotib olgan fuqaroning bergan ko‘rsatmasiga asosan, Buxoro shahrida yashovchi R.Ya.ning yashash xonadoni hamda yordamchi binolari xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Uning tomarqa yerida jami 31 tup «Kannabis» giyohvandlik o‘simligini parvarishlab kelayotganligi aniqlandi.
Bundan tashqari, ushbu fuqaroga tegishli bo‘lgan xonadonda kechiktirib bo‘lmas tintuv tergov harakati o‘tkazilgan. Bunda 215 dona gugurt qutilarga hamda alohida polietilen paketga solingan umumiy vazni 1 kg 920 grammga teng bo‘lgan «Marixuana» giyohvandlik moddasi va polietilen paketga solingan quritilgan holdagi umumiy vazni 255 grammga teng bo‘lgan giyohvandlik moddalari borligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan fuqaroning xatti-harakatlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalar qo‘llanilgan va ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.
Hozirgi kunda mazkur jinoiy guruhning boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish yuzasidan tezkor surishtiruv hamda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter