Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda yirik xalqaro festival tashkil etildi (foto)

Buxoroda yirik xalqaro festival tashkil etildi (foto)

Foto: «Xabar.uz»

Buxoroda XX an’anaviy xalqaro «Ipak va ziravorlar» festivali o‘tkazilmoqda.

— Buxoroga kelayotgan turistlar oqimini ko‘paytirish, sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish, milliy hunarmandchilikni taraqqiy ettirish maqsadlari ko‘zlangan XX xalqaro «Ipak va ziravorlar» festivali ikki kun davom etadi, — deydi viloyat hokimi o‘rinbosari Mirali Hamroyev festival doirasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida. — Har yili an’anaviy tarzda Markaziy Osiyo va respublikamiz barcha viloyatlaridan aynan ushbu festivalga keladigan mehmonlar uchun imkoniyatlar muhayyo qilingan. «Ark» qo‘rg‘onidan «Labihovuz» bo‘yigacha masofada tantanalar davom etadi. 150 dan ziyod savdo peshtaxtalarida chustlik pichoqchilar, rishtonlik kulollar, marg‘ilonlik atlas va adras to‘quvchilar, buxorolik zardo‘z va kandakorlar, surxondaryolik va shofirkonlik kashtado‘zlar, tojikistonlik va qirg‘izistonlik dizayner-chevarlar, xorijlik tadbirkorlar o‘z mahsulotlarini sotadilar.  Bir so‘z bilan aytganda, joriy u yilgi festival kuzatuvchilari va ishtirokchilari an’anaviy tadbir repertuari bir necha yangi dasturlar bilan boyiganligiga guvoh bo‘lishlari mumkin.

Festivalning tantanali ochilish marosimi «Ark» qo‘rg‘onida bo‘lib o‘tdi. Unda 10 dan ortiq davlatlardan mehmonlar, shuningdek, elchixona vakillari, xalqaro tashkilot hamda  30 nafarga yaqin xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtiroki ta’minlangan.

Xalqimizning boy madaniy merosi, an’analarini o‘zida aks ettirgan folklor jamoalarning chiqishlari, xalq amaliy san’ati ustalarining hunarmandchilik mahsulotlari, ipak matolar jozibasi, betakror liboslar ko‘rki minglab tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashmoqda.

Bundan tashqari, mamlakatning turli viloyatlaridan 300 dan ortiq tadbirkor va hunarmandlar, shuningdek, xorijlik tadbirkorlar uchun 400 ga yaqin peshtaxtalar hozirlangan.  Urgutlik, shahrisabzlik, qo‘qonlik tadbirkorlar tabiat ne’mati bo‘lgan 20 dan ziyod antiqa ziravorlarni, 50 ga yaqin shifobaxsh o‘tlarni xaridorlarga taklif etdilar.

Samarqanddan ishtirok etayotgan ziravorchi Kamoliddin Husenov o‘zi keltirgan ziravorlarning inson salomatligiga foydasi haqida alohida to‘xtaldi:

— Yurtimizning tabarruk tuprog‘ida unib, saxiy quyosh nurlarida to‘yingan ziravorlarimiz ovqatga xushbo‘y tam berishi bilan birga, tarkibida inson organizmi va uning salomatligi uchun kerak bo‘ladigan vitaminlar ham mavjud, — dedi u. — Masalan, zirani qaynatib ichsangiz oshqozonga nihoyatda foydali. Imper esa qaynatib ichsangiz shamollash, nam tortish, yo‘talning oldini oladi. Sedana — ichki organizmlar faoliyatini maromida ushlash bilan birga, oshqozon-ichak faoliyatini yaxshilaydi. Respublikamizning tog‘li hududlaridan olib kelinadigan kiyiko‘ti esa buyraklar faoliyatini yaxshilaydi, o‘lmaso‘t jigar va o‘tpufagi uchun juda foydali.

Festival tadbirlari, nafaqat, Labihovuz majmuasida, balki shaharning barcha yirik maydonlari va savdo rastalarida ham bo‘lib o‘tmoqda.

«Toqi Sarrofon» savdo markazida boshqa viloyatlardan kelgan hamkasblari uchun Abdullo Narzullayevning G‘ijduvon kulolchilik maktabi an’analari bo‘yicha mahorat saboqlari tashkil etilgan.

«Toqi Telpakfurushon» savdo markazi,  «Labi Hovuz» majmuasida rassomchilik va miniatyura bo‘yicha, «Nodir Devonbegi» madrasasi, «Toqi Zargaron» savdo markazida kandakor ustalar Toxir Qosimov, Dilmurod Fayzullayev, Shavkat G‘ulomov, Rahmatillo Fatullayevning saboqlari (master-klass) qo‘yilgan.

«Ko‘kaldosh» va «Abdulazizxon»madrasalarida kashtachi ustalar «Nodir Devonbegi» madrasasi, «Sovg‘a» zardo‘zlik markazida zardo‘z ustalar Munavvar Farmonova hamda Baxshillo Jumayevning, «Tim Abdullaxon» savdo markazida esa atlas to‘qish ustasi Baxshand Fayziyevaning ko‘rgazmalari tashkil etilgan.

Milliy tasviriy va amaliy san’at galereyasi hamda suratkashlar ko‘rgazmasi ham festival dasturlaridan o‘rin olgan.  

XX Xalqaro an’anaviy «Ipak va ziravorlar» festivali Press center markazi reportyorlari festivalga tashrif buyurgan xorijlik mehmonlar bilan suhbatlashishdi. 

Kurbanbibi Qilichova, Turkmaniston:

«Buxoro sharifga ikkinchi marotaba kelayapman. Bu ajoyib festival O‘zbekiston tarixida o‘ziga xos o‘rin tutgan qadim Buxoroda o‘tkazilayotganidan biz juda ham mamnunmiz. Xalqingizning an’analari, san’ati, milliy taomlari va madaniyatining turli qirralari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lganimizdan baxtiyormiz. Bu yerning odamlari juda ochiqko‘ngil va mehmondo‘st ekan. Festival xalqingiz tomonidan qadim-qadimdan to hozirgacha qadar yetib kelgan madaniy qadriyatlarni asrab-avaylashga bo‘lgan intilishini yana bir karra namoyon etdi».

Fido Muhammad Gado, Afg‘oniston:

«Tadbirkorman. Juda ko‘p yillardan buyon sharif shaharda bunday nufuzli festival bo‘lishini eshitaman. Internet tarmoqlari yoki ommaviy axborot vositalari orqali kuzataman. Ushbu yilda esa ataylab festivalda ishtirok etish uchun Buxoroyi sharifga keldim. Meni hayratga solgani, bolalaringiz, xalqingiz tinch, farovon. Suvga tashna, nonga zorlik yo‘q.  O‘zbekiston – bizning ko‘zimizga jannatdek ko‘rinishini bilasizmi? Yurtingiz tinchligiga ko‘z tegmasin».

Rahimjon Rustamov, Tojikiston:

«Men O‘zbekistonning Samarqand shahrida bo‘lganman. Buxoroga birinchi marta kelayapman. Eski shahringizning ertakmonandligi hayratimni oshirdi. Chinakam Buyuk ipak yo‘li chorrahasidagi ulkan karvonga aylangan. Festival yarmarkalariga oilaviy korxonamiz tomonidan ishlab chiqarilgan matolarni savdoga olib keldik. Mamlakatingizning turli o‘lkalaridan kelgan tadbirkorlari bilan tanishdik. Hamkorlikda bardavom ishlaymiz».

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring