Buxoroda umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlarda o‘zboshimcha tiklangan obyektlar aniqlandi (foto)
Buxoro azaldan o‘zining qadimiy arxitekturasi, me’moriy majmualari bilan diqqatga sazovor. Bugungi kunda Buxoro viloyatida 829 ta madaniy meros obyekti davlat muhofazasiga olingan: 287 ta arxeologiya yodgorliklari, 508 ta arxitektura, 17 ta monumental hamda 17 ta diqqatga sazovor joylar shular jumlasidandir.
Buxoro Madaniy meros boshqarmasi axborot xizmati rahbari Shahboz Jo‘rayevning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, ta’mirga muhtoj obyektlarda ularni asrashga doir amaliy ishlar bajarilmoqda. 2023 yilda shunday 21 ta obyektda ta’mirlash va restavratsiya ishlari amalga oshirilgan. Joriy yilda esa manzilli dastur asosida 36 ta madaniy meros obyektida restavratsiya ishlarini bajarish ko‘zda tutilgan.
«Buxoro shahrining tarixiy markazi 216 gektar maydonni o‘z ichiga olgan bo‘lib, u 1993-yilda YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Tarixiy markazning muhofaza hududi 339 gektardan iborat. Aytish o‘rinliki, bunday ro‘yxatga kiritilgan tarixiy markaz hamda uning bufer zonasida 280 ta moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk obyektlari joylashgan. 2023-yilning sentyabr oyida esa Buyuk Ipak yo‘lining «Zarafshon-Qoraqum koridori» yo‘nalishida joylashgan, uzoq tarixga ega 7 ta madaniy meros obyekti, jumladan, Poykent, Varaxsha, Vardonze, Chor Bakr va Bahovuddin Naqshband majmualari, Vobkent minorasi, Chashmai Ayub hazirasi YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi. Ma’lumki, har bir tarixiy obyekt sayyohlik manzili sifatida iqtisodiy quvvatga ega noyob manzillar sanaladi. Ayniqsa, Bahouddin Naqshband majmuasi shunday ulug‘ qadamjolardan biridir. Mazkur obyektda olib borilayotgan restavratsiya ishlari o‘ziga xos xarakterga ega. Majmuadagi bir asr muqaddam buzib yuborilgan mang‘itlar sulolasining asoschisi Doniyolbiy otaliq maqbaralari va madrasalari o‘z o‘rnida qayta tiklandi. «Toqi miyona» va «Dilovar» darvozalari restavratsiya qilindi. «Doloni daroz» deb ataladigan qadimiy kirish yo‘lagi ta’mirlandi», — dedi Shahboz Jo‘rayev.
Bildirilishicha, madaniy meros obyektlarini asrab-avaylash o‘rnida, ogohlantirishlarga qaramay, qator korxonalar va yakka tartibdagi fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan noqonuniy qurilish ishlari olib borilgan. Ma’lum bo‘lishicha, Buxoro viloyat Madaniy meros boshqarmasi tomonidan ilmiy-ekspert Kengashining tegishli xulosasini olmasdan, o‘zboshimchalik bilan noqonuniy qurilish ishlari olib borgan 62 ta holat aniqlangan. Bundan tashqari, 32 nafar jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rish uchun hujjatlar rasmiylashtirilib, sud organlariga taqdim etilgan.
«Tarixiy-madaniy qimmatiga ko‘ra, Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hudud va ularning qo‘riqlanadigan tegralarida moddiy-madaniy meros obyektlari hisoblanmagan binolarni o‘zboshimchalik bilan tiklagan yana 30 nafar shaxslar ma’muriy jazoga tortilishdi. 4 ta noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish yuzasidan MIB Buxoro shahar bo‘limi tomonidan ijro harakatlari olib borilmoqda», — deydi Shahboz Jo‘rayev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter