Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda soliqchi sud zalidan qamoqqa olindi

Buxoroda soliqchi sud zalidan qamoqqa olindi

Foto: «Xabar.uz»

Bundan bir necha oy ilgari, joriy yilning 16 aprel kuni xizmat vazifasini o‘tayotgan yo‘l patrul inspektorlariga zo‘ravonlik qilgan soliqchi kuni kecha sud zalidan qamoqqa olindi. U xizmat xodimlariga qarshilik ko‘rsatib, ularga jismoniy zo‘ravonlik qilgani videotasviri tarqalgan edi.

Aniqlik kiritilishicha, yo‘l patrul inspektorlarining qonuniy talablari va xizmat faoliyatiga faol to‘sqinlik qilib, ularga tan jarohati yetkazgan shaxs N.O‘. – tuman davlat soliq inspeksiyasi yuristi bo‘lib ishlab kelayotgan bo‘lgan.

Holat Olot tumanida sodir bo‘lgan. Buxoro viloyati IIB jamoat xavfsizligi xizmati yo‘l harakati  xavfsizlik xizmati boshqarmasi 5-safarbar yo‘l patrul guruhi inspektorlari, katta serjant va sardor tuman markazidagi yo‘llardan birida xizmat vazifasini olib borayotgan paytida «Neksiya» rusumli avtomashinani boshqarib kelayotgan shaxs shu ko‘chani ajratib turgan beton to‘siqqa borib urilgan. Va ushbu holatda harakat xavfsizligini ta’minlash  maqsadida xizmat xodimlari zudlik bilan voqea joyiga yetib kelishgan.

Shu vaqtda voqeaga umuman aloqasi va dahli bo‘lmagan 30 yoshli, Qorako‘l tuman soliq inspeksiyasi ma’muriy-amaliyot bo‘limi yuristi O‘.N. ismli fuqaro hech bir sababsiz ularning xizmat faoliyatiga qarshilik ko‘rsata boshlagan. Inspektorlarni turli nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilib, ularga turli darajadagi tan jarohatlarini yetkazgan. Holat sodir bo‘lgan vaqtda yo‘l patrul xizmati xodimlari xizmat kiyimida bo‘lishgan.

Olib borilgan o‘rganishlar hamda dastlabki tibbiy-tekshiruv ma’lumotnomasiga ko‘ra, mazkur hodisa natijasida katta serjant S.J.ning o‘ng qo‘l 4-5-barmoqlari hamda o‘ng qo‘l tirsak sohasida shilinma, safdor B.K.ning esa bo‘yin sohasida tan jarohati yetkazilgani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jinoyat ishiga ayblanuvchi sifatida jalb etilgan shaxsga nisbatan uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Shuningdek, yuz bergan hodisada xodimlarning hatti-harakatida xizmat intizomi va qonunchilik buzilishi holatlari bor-yo‘qligi yuzasidan viloyat ichki ishlar boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan. Va ularning o‘z vazifasini to‘g‘ri olib borishgani tasdiqlangan.

Manbaaga ko‘ra, holat Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tumani sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, O‘.N. YPX xodimlarini qasddan urib, jezl maxsus vositasini otib, ularga tan jarohati yetkazgan. Xizmat kiyimlarini yirtgan va unga biriktirilgan «Body camera» va jetonni yulib olib, har tomonga otib yuborgan. Bundan tashqari, ularni nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilib, tan jarohati yetkazgan.

Shunda ham O‘.N. aybga iqrorlik bildirmasdan, mehmondorchilikda bo‘lgani, o‘zi spirtli ichimlik ichmaganini aytgan. Biroq, YPX xodimlari uni  ogohlantirishlarga, o‘z xizmat faoliyatlariga to‘sqinlik qilmaslikka chaqirganlariga qaramay, noqonuniy hatti-harakatlardan to‘xtamagan.

Holat yuzasidan olib borilgan sud tergovi davomida O‘.N.ning aybi isbotlangan. Sudlanuvchi  O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 219-moddasining 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli, deb topilgan hamda unga sud hukmi bilan shu modda asosida 3 yilu 6 olti oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Aybdor sud zalidan qamoqqa olingan.

Manbaaning «Xabar.uz»ga ko‘rsatma berishicha, sud hukmdan norozi tomonlar hukm o‘qib e’lon qilingan kundan boshlab, yigirma kun muddat ichida, sudlanuvchi va jabrlanuvchilar esa  hukm nusxasini qo‘lga olgan kundan boshlab shu muddat ichida, Buxoro viloyat sudiga apellyasiya tartibida shikoyat, prokuror esa  protest keltirishga haqli ekanligi tushuntirilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring