Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda qaynotasi jasadini go‘ng ostiga ko‘mgan shaxs 13 yilga qamaldi

Buxoroda qaynotasi jasadini go‘ng ostiga ko‘mgan shaxs 13 yilga qamaldi

Foto: Xabar.uz

Oilaviy kelishmovchilik sabab qaynotasini belkurak bilan bir necha bor urib o‘ldirib, jinoyatini yashirish uchun uning murdasini go‘ng ostiga ko‘mgan Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumanidagi «Bo‘lakiyon» qishlog‘ida yashovchi 42 yoshli shaxs 13 yilga qamaldi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Jinoyat ishlari bo‘yicha Vobkent tumani sudi raisi Akram Rahimov ma’lum qildi.

Mudhish hodisa 2022 yilning 18 dekabrida sodir bo‘lgan.

Sudning 2023 yil 18 may kuni chiqarilgan hukmiga ko‘ra, qotil deb topilgan shaxs M.Q. Vobkent tumanidagi Kumushkent qishlog‘i hududidagi «Muzaffarobod Saxovati» fermer xo‘jaligida ishchi vazifasida ishlab kelgan. U o‘zining nojoiz fe’l-atvori tufayli birinchi turmush o‘rtog‘idan ajralib, 2019 yilda Kumushkent qishlog‘ida yashovchi G.I.ga noqonuniy uylangan. Ularning bu turmushiga qizning otasi I.I. hamda onasi O.T. doimiy norozi bo‘lib kelishgan.  Shunga qaramasdan, noqonuniy kuyov ularning xonadonida ichkuyov bo‘lib yashab kelgan. Ichkuyovning yurish-turishi, qo‘ni-qo‘shni va qarindosh-urug‘larga hurmatsizligi, dangasaligi oilada har kungi tortishuv, janjallarni oshirib kelgan.

Shundan so‘ng M.Q. «Muzaffarobod Saxovati» fermer xo‘jaligi qorovulxonasi va molxonasida haftalab tunab qolib, haftada bir yoki ikki marotaba qaynona-qaynotasining hovlisiga qatnagan. Biroq, topgan-tutganini faqat o‘z manfaati va kayf-safosiga sarflab, xotini va farzandlariga hech nima ravo ko‘rmagan. Bu uning oiladagi o‘rnini yo‘qotishiga turtki bo‘lgan.

Sud hujjatlarida ko‘rsatilishicha, M.Q.ning qaynotasi I.I. ham «Muzaffarobod Saxovati» fermer xo‘jaligida uzoq yillardan buyon qorovul bo‘lib ishlab kelgan. U shunday kunlarning birida qorovullik navbatchiligini o‘tab, hovlisiga kirib kelganida hali voyaga yetmagan nevaralari ochlikdan o‘z yotog‘ida g‘ingshinib yotgan bo‘lishgan. Shunda ota o‘z ayoliga yig‘lab, nevaralarining bunday ahvoliga chiday olmayotganini, kuyoviga qo‘ng‘iroq qilib, bolalariga oziq-ovqat hamda sut mahsulotlari keltirishini talab qilishini bildirgan. Afsuski, kuyovi imkoni bo‘la turib ham xotini va farzandlari turmush sharoitiga qarashishni istamasligini beburdlarcha bildirgan. Shundan so‘ng qaynotasi telefon orqali kuyovini nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilgan.

Ko‘nglida g‘ayir maqsadni rejalashtirgan M.Q. oradan bir necha soat o‘tgach, kechki 18:30 larda uni xo‘jalik rahbari chaqirayotgani, go‘yoki molxonada ishlar ko‘paygani haqida xabar bergan.

I.I. fermer xo‘jaligiga yetib kelgach, kuyovi M.Q. u bilan yana o‘zaro kelishmovchilikka borgan. Janjal mushtlashuvga aylanib ketgan. Fermer xo‘jalik molxonasida har ikkisidan boshqa hech kim yo‘qligini bilgan kuyov molxona hovlisida turgan yog‘och dastali temir belkurak bilan qaynotasining bosh sohasiga  — peshona, tepa-ensa, chakka sohalariga o‘n marotaba urib, hayoti uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohatlari yetkazgan.

«Fuqaro I.I. belkurak zarbining ikkinchisidayoq gandiraklab yiqilgan bo‘lgan. Hammayoq qonga belangan bo‘lishiga va qaynotasining qimirlamasdan qolganiga qaramasdan, g‘azabdan ko‘ziga qon to‘lgan kuyov uning boshi, yuzi, ko‘krak sohalaridan belkurak temir qismidan ajralib ketgunicha shafqatsizlarcha urgan. Qaynotasini urib o‘ldirganiga ishonch hosil qilganidan so‘ng, molxona oldidagi o‘tayotgan odamlar ko‘rib qolmasligi uchun uning velosipedida osilgan holda turgan qopni olgan.  Murdani 10 metrlarcha masofaga sudrab borgan va ustiga-ustak, sintetik matoli arqon bilan yana bo‘g‘ib, qopga solib, molxonadagi somon uyumlari orasiga yashirgan», — deydi sud raisi.

Ma’lum qilinishicha, qotilning o‘zi ham shu molxonada qorong‘u tushguncha kutib, so‘ng jasadni molxonadan 30-40 metr masofa uzoqlikda bo‘lgan go‘ng uyumiga bug‘doyzor oralab sudrab borgan. Qaynotasining bo‘ynidan sirtmoqni o‘roq bilan kesib olib, murdasini go‘ng uyumiga ostiga ko‘mib, yashirgan. I.I.ga tegishli qo‘l telefoniga esa aybni o‘zidan soqit qilish uchun bir necha bor takror-takror qo‘ng‘iroq qilgan va so‘ngra telefonni o‘chirmagan holda tuproq ostiga ko‘mgan.

Bu orada qaynonasi, turmush o‘rtog‘i va qizlari telefon qilishib, I.I.ni ko‘p bor so‘rashgan. Biroq, M.Q. qaynotasini ko‘rmaganligini, o‘zining ham bir necha bor qilgan qo‘ng‘iroqlari javobsiz qolganini aytgan.

O‘zi tungi soat 02:00 larda qorovulxonadan chiqib, marhumning velosipedini molxonaning devoridan oshirib, giloszorga tashlagan. Atrofda hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilganidan so‘ng, barcha qonlarni suv bilan yuvib, izni yo‘qotgan.

«Qotillik yuzasidan olib borilgan hatti-harakatlar natijasida aybdor qo‘lga olindi. Avvaliga turli bahonalarni ro‘kach qilib, vaziyatdan osongina chiqib ketishga urindi. Biroq, o‘zini ustasi farang sanagan shaxs huquq-tartibot organlari vakillarining sergakligini unutgan edi. Qaynotasini belkurak bilan urib o‘ldirgani yetmagandek, jasadni qaytadan sintetik sirtmoq bilan bo‘g‘gani, marhumga tegishli kiyimlarni yoqib yuborib, o‘zini go‘ng orasiga ko‘mganini izohlash qiyin», — deydi Akram Rahimov.

Sud hukmiga ko‘ra, M.Q. O‘zbekiston Respublikasi Jinot protsessual Kodeksining turli moddalari bilan ayblanib, Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish)ning 1-qismi bilan 13 yilga ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolangan.

Qotil tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘taydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring