Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda otasining 100 ming dollariga ega chiqqan o‘g‘il qo‘shnisini suvga cho‘ktirdi

Buxoroda otasining 100 ming dollariga ega chiqqan o‘g‘il qo‘shnisini suvga cho‘ktirdi

2018-yilning 1-fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudida o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir qilgan fuqarolar Sh.Zaripov va Sh.Kamolov(barcha ism-familiyalar o‘zgartirildi) ga nisbatan ayblov hukmi o‘qildi.

Jinoyat ishi tafsilotlariga ko‘ra sudlanuvchi Sh.Zaripov tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi otasi G.Zaripovning Samarqand viloyatidagi biznes-sheriklariga 100 ming AQSh dollari yuborish haqidagi rejasidan xabar topgan va tanishi Sh.Kamolov bilan jinoiy til biriktirib, pullarni Samarqand shahriga yetkazuvchi kirakash(T.Abdullayev)ni «u orqali Samarqand viloyatida yashovchi tanishiga kuchukcha yuborish» bahonasida aldov yo‘li bilan uyiga chaqirgan.

Tadbirkor G.Zaripovdan pullarni Samarqand shahriga yetkazish topshirig‘ini olgan kirakash (T.Abdullayev) Sh.Zaripov va Sh.Kamolovlarning jinoiy maqsadidan xabarsiz holda Sh.Zaripovning uyiga borgan. Jinoiy sheriklar kirakashga ruhiy kasallarga tinchlantirish maqsadida beriladigan «Azaleptol 100» dorisining 3 donasini limon sharbatiga aralashtirib ichtirishgan.

T.Abdullayev shundan so‘ng Sh.Zaripovning uyidan chiqib o‘zining «Lasetti» avtomashinasida Buxoro-Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha Samarqand shahriga qarab yo‘lga chiqqan. Jinoiy sheriklar esa vaqtni qo‘ldan boy bermay «Kaptiva» avtomashinasida uning ortidan kuzatib borishgan. Oxir-oqibat T.Abdullayev dori ta’sirida Vobkent tumani Yangihayot qishlog‘i hududidan o‘tuvchi M-37 yo‘lining 247-kilometrida to‘xtab, uxlab qolgan. Bundan foydalangan jinoiy sheriklar (Sh.Zaripov va Sh.Kamolov) «Lasetti» avtomashinasi old tomon yo‘lovchi o‘rindig‘i ostida bo‘lgan 100 ming AQSh dollarini olib ketishgan.

Bu holat yuzasidan tadbirkor G.Zaripov ham, kirakash T.Abdullayev ham huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishmagan.

Yopiq qozon yopiqligicha qolayotgan edi, lekin...

2017-yil iyun oyining boshlarida Sh.Zaripovning qo‘shnisi R.Karimov jinoiy sheriklar Sh.Zaripov va Sh.Kamolovlarning qilmishlaridan xabar topib qoladi. Ushbu holatdan foydalanib qolishni ko‘zlagan «uddaburon» qo‘shni Sh.Zaripovdan haq talab qilib, agar 40 ming AQSh dollari bermasa, sodir qilingan bosqinchilik jinoyati to‘g‘risida otasi (tadbirkor) G.Zaripov va boshqalarga aytishini bildirib, uni qo‘rqitgan. Sh.Zaripov sodir qilgan jinoyati fosh bo‘lishidan qo‘rqib, R.Karimovning 25 mln. so‘mlik qarzidan voz kechgan hamda bosqinchilik yo‘li bilan egallangan mablag‘ hisobidan 10 ming AQSh dollari bergan.

Ammo R.Karimovni qo‘shnining «himmati» qanoatlantirmadi va u yana pul talab qilishda davom etdi. Shundan so‘ng Sh.Zaripovda R.Karimovni yo‘q qilish niyati paydo bo‘ldi. U va jinoiy sherigi Sh.Kamolov kelishib, sodir qilgan bosqinchilik jinoyatini yashirish va fosh bo‘lishining oldini olish maqsadida R.Karimovni o‘ldirish rejasini tuzishdi.

Jinoiy sheriklar (Sh.Zaripov va Sh.Kamolov) 2017 yil 14 iyun kuni soat 22:00 lar atrofida qo‘shni(R.Karimov)ga qo‘ng‘iroq qilib, u talab qilgan pulning qolganini berish uchun Buxoro shahridagi Temiryo‘lchilar va Kogon ko‘chalari kesishgan joyda uchrashishni taklif qilishdi va soat 23.00 larda u bilan uchrashishdi. Ular pul boshqa bir shaxsning qo‘lida ekanligini aytib qo‘shni (R.Karimov) boshqaruvidagi «Lasetti» avtomashinasida Kogon tumani yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanishni boshlashdi. Yo‘lda ketayotganlarida qo‘shni (R.Karimov) oxirgi kunlarda unda bel og‘rig‘i paydo bo‘lganini aytib shikoyat qilgan. Bu holat qotillikni yanada yengillashtirishini sezgan jinoiy sheriklar og‘riq qoldiruvchi dori deb «Azaleptol 100» dorisining 2 donasini unga aldab ichirishgan. Oradan biroz vaqt o‘tib qo‘shni (R.Karimov) hushidan ketgan va vafot etgan. Murdadan qutulish maqsadida jinoiy sheriklar uni o‘z avtomashinasi bilan «Amu-Buxoro» kanaliga cho‘ktirib yuborishgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudining hukmiga ko‘ra sudlanuvchilarning har biriga 20 yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Jinoyat ishi mahkumlarning shikoyatiga asosan apellyasiya instansiyasida ham ko‘rib chiqildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudining 2018-yilning 16-maydagi ajrimiga asosan mahkumlarning shikoyatlari qanoatlantirishsiz va birinchi bosqich sudi hukmi o‘zgarishsiz qoldirildi hamda shu kundan boshlab sud hukmi qonuniy kuchga kirdi.

I.Muslimov, 
jinoyat ishlari bo‘yicha 
Buxoro viloyat sudi raisi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring