Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda salonida maktab o‘quvchilari bo‘lgan avtobus YTHga uchradi. Qurbon borligi aytilmoqda

Buxoroda salonida maktab o‘quvchilari bo‘lgan avtobus YTHga uchradi. Qurbon borligi aytilmoqda

Bugun, 18 mart kuni soat 11:30 larda Buxoro viloyati Kogon tumani Yangihayot mavzesida salonida maktab o‘quvchilari bo‘lgan avtobus YTHga uchradi.

Ma’lum qilinishicha, maktab o‘quvchilarini olib ketayotgan avtobus va «HOWO» rusumli yuk mashinasi to‘qnashgan va har ikkalasi ag‘darilib ketgan.

O‘zini tanishtirishni istamagan Kogon tumanidagi 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchisining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, avtohalokat uning ko‘z o‘ngida sodir bo‘lgan.

«To‘g‘risi, biz istamasak-da, Buxoro viloyat drama teatriga o‘z hisobimizdan tomoshaga olib ketishayotgan edi. O‘g‘il bolalarni boshqa avtobusga, qiz bolalarni boshqa avtobusga joylashtirishdi. Bizning avtobus avtohalokatga uchragan avtobusning orqasidan ketayotgan edi. Ko‘z oldimizda shunaqa dahshatli to‘qnashuv bo‘ldiki, es-hushimizni yo‘qotayozdik. Axir, u avtobusda bizning o‘g‘ilbola sinfdoshlarimiz bor edi», – deydi hali sodir bo‘lgan holatdan o‘ziga kelolmagan qiz.

9-sinf o‘quvchisining so‘ziga ko‘ra, sinfdoshi O.J. ismli o‘g‘il bola voqea joyida vafot etgan va uni ekspertizaga olib ketishgan.

«Jarohatlanganlar bor. Yana bir sinfdoshimiz og‘ir ahvolda komada ekan. 11-sinf o‘quvchilaridan birining ham vafot etganini aytishmoqda. Ammo, nechog‘li aniq, bilmadim.

Endi bir umr teatrga bormayman…» – deydi o‘quvchi qiz.

«Xabar.uz» muxbiri Buxoro viloyati IIB JXX YHXB Axborot xizmati boshlig‘i kapitan Ulug‘bek Shukurlayev bilan bog‘langanida, u voqea joyida ekani bois, batafsil ma’lumotlarni keyinroq berishini ma’lum qildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring