Buxoroda o‘ndan ortiq erkakka OITS yuqtirgan ayol qamoqqa olindi
O‘zida mavjud OITS kasalligini qasddan 10 dan ortiq kishiga yuqtirgan Buxoro viloyatining Kogon shahrida yashovchi 27 yoshli ayol X.D.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda «Xabar»ga viloyat IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolov ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, fuqaro X.D. joriy yilning 1-mart kuni Buxoro viloyat IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda qo‘lga olingan. Ma’lumotga ko‘ra, u 2017-yilning 21-dekabr kunidan boshlab, viloyat OITSga qarshi kurashish markazi xodimlari tomonidan OIVni yuqtirib olgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan. Shuningdek, OIV infeksiyasini boshqa shaxslarga qasddan yuqtirganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortish to‘g‘risida ogohlantirilgan.
X.D. tilxat asosida olingan ogohlantiruvga qaramasdan, o‘zining OIV infeksiyasiga chalinganini bila turib, 2020-yilning avgust oyidan 2021-yilning fevral oyiga qadar 10 dan ortiq shaxslar (R.Sh., R.B., A.J., S.Sh., H.B., Sh.A., E.A., H.D. va boshqalar) bilan Buxoro shahrining turli joylarida jinsiy aloqada bo‘lgan. Uning ushbu shaxslarga OIV infeksiyasini qasddan yuqtirish va yuqtirish xavfi ostida qoldirish jinoyatini sodir qilgani aniqlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan viloyat IIB Tergov boshqarmasi tomonidan fuqaro X.D.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 113-moddasi (Tanosil va OIV kasalligi/OITSni tarqatish), 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ushbu moddaga muvofiq, ayblanuvchi bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yohud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yokiuch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ayni paytda fuqaro X.D. nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter