Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda itlarni o‘ldirgan va videosini tarqatganlar aniqlandi

Buxoroda itlarni o‘ldirgan va videosini tarqatganlar aniqlandi

Buxoroda itlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik holati aks etgan videolavha «SHAXRIYOR» nomli profil egasi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatildi.

Viloyat IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, olib borilgan tezkor-texnik tadbirlar davomida «SHAXRIYOR» nomli profil egasi 2010 yilda Buxoro viloyati Shofirkon tumanida tug‘ilgan, 8-sinf o‘quvchisi Sh.Sh. ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Sh.Sh. bilan uning otasi ishtirokida o‘tkazilgan surishtiruv davomida, videoda tasvirlangan holat 2023 yilning 22 oktyabr kuni sodir bo‘lgani, qo‘shnisi o‘zining molxonasidagi tovuqlarni yeyish uchun kirgan videoda ko‘rsatilgan qarovsiz itlarni ushlab, yog‘och bilan urib o‘ldirganligi va sim bilan ularni daraxtga osib qo‘yganligi ayon bo‘ldi. Sh.Sh. esa o‘sha vaqtda holatni videotasvirga olib, o‘zining «Instagram» tarmog‘iga joylashtirib yuborgan.

Mazkur holat yuzasidan voyaga yetmagan Sh.Sh.ning otasiga nisbatan MJtKning 47-moddasi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Itlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgan, 1981 yilda Buxoro viloyati Shofirkon tumanida tug‘ilgan, yakka tartibda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi S.J. ga nisbatan  MJtKning 111-moddasi bilan ma’muriy ish hujjatlari qonuniy qaror qabul qilish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Shofirkon tuman sudiga yuborilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring