Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda bir oilaning uyi tag-tugi bilan yonib ketdi

Buxoroda bir oilaning uyi tag-tugi bilan yonib ketdi

Buxoro viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmatining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, Romitan tumanidagi xonadonlardan birida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida uy egalari boshpanasiz qolgan.

Ta’kidlanishicha, joriy yilning 24-may kuni soat 15:30da Romitan tuman, «Bog‘isaidon» MFY, Vag‘ana qishlog‘ida yashovchi fuqaro Sa’dullo Rajabovning yashash uyida yong‘in sodir bo‘lgan.

Tungi soat 02:30 larda sodir bo‘lgan yong‘in haqida Romitan tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limiga xabar kelib tushgan.

«Xabar yuzasidan 3 ta yong‘in qutqaruv avtoekipajlari jalb  etildi. Avtoekipajlar holat joyiga soat 15:52 larda yetib borishdi. Xabar o‘z vaqtidan kech yetkazilgani bois, ekipaj yetib borgunga qadar hovli-joy yonib ketgan. 17:15 da batamom o‘chirildi»,—dedi viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati rahbari Mirjon Fayzullayev.

Ma’lum bo‘lishicha, xonadonning 85 kv.metr yashash qismlari ichidagi jihozlari bilan yonib ketgan. Yong‘in qutqaruvchilari tomonidan 120 kv.m yer va darvozaxona maydoni saqlab qolingan.

«Xonadon sohibi juda uzoq yillardan beri Rossiyaga qatnab ishlab kelayotgandi. Buxoro shahar markazida yashash uyi bor. Ammo qishloqda ham yangi uy-joy tiklashni orzu-niyat qilgandi. Bir kecha shuncha yillik mehnati ko‘kka sovrildi»,— deydi mahalla raisi Erkin Hamroyev.

Erkin Hamroyevning aytishicha, 15 yildan ko‘p vaqt davomida Rossiyada ishlab, bu qishloqning to‘y-ma’rakalarida qatnashmagani, odamlardan yiroq bo‘lgani uchun yong‘indan talofat ko‘rgan Rajabovlar oilasiga ko‘mak berish haqida hudud aholisini birlashtirgan mahalla telegram kanali a’zolaridan maslahat so‘ragan.

Aholi e’tiroz bildirmagan va boshpanasiz qolgan oilaga ko‘makka tayyorligini aytgan.

O‘rinli savol tug‘iladi: xorijda umrbo‘yi ishlab, oilasini musofirchilik evaziga boqib, uy-joy ko‘targan va o‘zining e’tiborsizligi oqibatida 2 nafar farzandi va turmush o‘rtog‘i bilan boshpanasiz qolgan oilaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘mak berish haqida o‘ylab qolishning o‘zi achinarli holatmasmikin?!

«Bog‘isaidonliklar oqibatli va fidoiy odamlardir. Uning Rossiya davlatida umrbo‘yi ishlagani, bu o‘z davlatiga ko‘magi tegmadi, degani emas. Biz shay va ko‘makka tayyormiz»,— dedi qishloq fuqarosi Temur Bozorov.

Mahalla raisi esa boshpanasiz qolgan fuqaro moddiy ko‘makka ehtiyojmand emasligini, shunga qaramay, qishloq aholisini beminnat hasharga jalb etish choralarini ko‘rishligini bildirgan.

Turar joy uylari jihozlari bilan to‘liq yonib ketgan uy egasi o‘ziga va oilasiga, shuningdek, hovli-joyiga tegishli barcha hujjatlar ham kuyib ketganini bildirgan.

Ma’lum bo‘lishicha, yong‘in oshxonadagi gaz ballonining e’tiborsizlikda yoqib qoldirilgani tufayli o‘t sachrashi oqibatida alangaga aylangan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring