Buxoroda 36 mlrd. so‘mlik innovatsion loyihalar moliyalashtiriladi
Buxoroda «Kreativ ta’lim va innovatsiya – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining asosi» shiori ostida «InnoWeek-2023» innovatsion g‘oyalar haftaligi boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Azamat Naimovning ma’lum qilishicha, haftalik doirasida viloyatning 100 dan ziyod yirik korxonalar, xududning ilg‘or ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari rahbarlari, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasi bo‘yicha ekspertlar hamda Rossiya Federatsiyasi, Yaponiya, AQSh, Buyuk Britaniya kabi mamlakatlardan xorijiy ekspertlar jalb etilgan.
«Mazkur haftalikning bosh maqsadi – xorijiy va milliy ekspertlar, tahlilchilar o‘rtasida Yangi O‘zbekistondagi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasidagi islohotlar, ularning mohiyati, erishilgan yutuqlar va navbatdagi dolzarb vazifalar, mamlakatda vujudga kelayotgan mutlaqo yangi innovatsion rivojlanish sohasidagi ustuvor vazifalar to‘g‘risida fikr almashishdan iborat. Bunda ko‘plab loyihalar qatoridan Buxoroda mavjud har bir oliy ta’lim muassasasida «InnoWeek-2023» innovatsion mahsulotlar va ishlanmalar ko‘rgazmasi ham o‘tkaziladi. Ko‘rgazmada «Ilm-fan va tijoratlashtirish loyihalari», «Startap loyihalar», «Kreativ ta’lim» va oliy ta’lim muassasalari stendlarida 50 dan ziyod innovatsion mahsulotlari va ilmiy ishlanmalari bilan ishtirok etadilar. Haftalik davomida «Ideaton Uzbekistan-2030» tanlovi ham e’lon qilinadi. Bunda hududlarning imkoniyatlaridan kelib chiqib, mavjud muammolarining yechimiga qaratilgan g‘oyalar almashinuvi hamda loyihalar ko‘rib chiqiladi»,– dedi Azamat Naimov jurnalist va blogerlar ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
Ta’kidlanishicha, viloyatda ilm-fan, texnologiya, tadqiqot va tajriba-konstruktorlik sohalarini rivojlantirish maqsadida hozirda jami 36.0 milliard so‘mlik 46 ta innovatsion loyiha moliyalashtirilishi belgilangan. Shundan umumiy qiymati 19.9 milliard so‘m bulgan 30 ta loyihalar moliyalashtirilgan.
«12 ta ilmiy-amaliy loyihalar 3,7 milliard so‘mga, 18 ta tijoratlashtirishga tayyorlash loyihalar 15,6 millard so‘mga, 7 ta «Startap» loyihalar 8,1 milliard so‘mga, 2 ta «Bo‘lajak olim «Startap» loyihalari 1,5 milliard so‘mga baholanib, ularni moliyalashtirish tizimi ham joriy qilindi. Bundan tashqari, umumiy kiymati 12 milliard so‘mlik Yoshlar texnoparkini qurish va foydalanishga topshirish buyicha vazifa belgilandi. Ayni paytda yoshlar texnoparkining qurilish ishlari davom etmoqda»,– Azamat Naimov.
Ushbu tadbirda 50 dan ortiq yirik ishlab chiqarish korxonalari jalb etilgan bo‘lib, yangi ishlanmalarni B2B uchrashuvlar doirasida korxonalar bilan hamkorlikda amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter