Buxoro yo‘lsozlari Qoraqalpog‘istonning ta’mirga muhtoj yo‘llarini asfaltlashtirishga kirishishdi (foto)
Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 23-fevral kuni hudud rivoji va aholi hayoti bilan tanishish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurgan edi. Ushbu tashrifda Toshkent shahri hamda viloyatlar hokimlari ham qatnashgan edi. O‘shanda prezident Orolbo‘yi mintaqasini birgalikda rivojlantirish maqsadini ilgari surgan.
Buxoro viloyat Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi bosh muhandisi Nodir Boltayevning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, boshqarma tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanida 599 kilometrli ta’mirga muhtoj ichki xo‘jalik yo‘llari sozlanmoqda.
«Davlatimiz rahbari Qoraqalpog‘istonga tashrifi chog‘ida Orolbo‘yi mintaqasini hamkorlikda rivojlantirish uchun “Orol havosidan nafas olish uchun butun respublikadan rahbarlarni bu yerga yubordim. Biz iqtisodiyotimiz, mudofaamizni mustahkam qilib, ishonch bilan jonajon vatanimizning qudratini ko‘tarishga harakat qilishimiz kerak”, degan da’vat bilan chiqqan edi.
Biz ham o‘ndan ortiq texnik vositalarimiz bilan Qoraqalpog‘iston zamini Xo‘jayli tumanidamiz. 599 kilometrni tashkil etayotgan ichki xo‘jalik yo‘llarining 165 kilometri asfaltlashtirildi. Umumiy yo‘lning 294 kilometr qismi shag‘allashtirilgan bo‘lsa, asosini qurish-kengaytirish va asfaltlashtirishga muhtoj 140 kilometr yo‘li tuproqligicha qolmoqda. Ayni paytda ushbu yo‘llar sozlanmoqda. Joriy yil davomida Sarishungul ovulning 4 kilometr, Jana-jap ovulining 1,2 kilometr, Vodnik mahallasining 400 metr yo‘l qismi shag‘allashtirildi. Xo‘jayli tumani mahalliy yo‘lsozlar jamoasi bilan hamkorlikda boshqa ichki yo‘l qismlari ham qayta qurib, kengaytirilib, shag‘allashtirildi», — dedi Nodir Boltayev.
Buxorolik yo‘lsozlar tomonidan Somonko‘ldagi Afg‘on qishlog‘ining 4 kilometr masofasida yo‘l qurilishi ishlari bajarilgan va 7 kilometr yo‘l kengaytirilgan. Ongar ovulida 4 kilometr, Jayxun ovulida 1,5 kilometr yo‘l qismi ta’mirdan chiqarilib, shag‘al yotqizish ishlari nihoyalangan.
«Yaqinda 12 kilometr ichki xo‘jalik tuproq yo‘lini shag‘allashtirib, foydalanishga topshirgan bo‘lsak, noyabr oyi so‘nggi haftasida umumiy uzunligi 2,47 kilometr yo‘l asosini kengaytirib, shag‘allashtirdik. Buning uchun umumiy qiymati 460 million so‘mga teng qiymatda ish bajarildi. Joriy yil yakuniga qadar tumanda 21,7 ming metr asfaltlashtirishga muhtoj yo‘lni sozlashni maqsad qilganmiz», — dedi bosh muhandis.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter