Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

BuxDU «Xabar.uz»da ko‘tarilgan tanqidga javob qaytardi

BuxDU «Xabar.uz»da  ko‘tarilgan tanqidga javob qaytardi

Foto:«Twitter»

«Xabar.uz»da «BuxDUning «duxi». 40 kun «chilla saqlagan» xat va «ichki nizom» quvvati haqida ikki og‘iz...» deb nomlanuvchi maqola e’lon qilingandi.

Unda jurnalist Hasan Salomov turmush o‘rtog‘ining tahsilini Jizzax pedagogika institutidan Buxoro davlat universitetiga ko‘chirishiga to‘g‘ri kelganini, ushbu jarayondagi sansalorlik tinkasini quritganini, BuxDUning o‘qish ko‘chirilganini tasdiqlovchi xatini 40 kun kutganini ta’kidlaydi. 

Hududlarda tiklash va ko‘chirish bo‘yicha komissiya talabalarning ushbu mazmundagi arizalarini boshqa hujjatlar bilan birga 15-iyuldan 5-avgustga qadar qabul qiladi. Undan so‘ng 10-avgustdan 30-avgustgacha Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining tiklash va ko‘chirish bo‘yicha Idoralararo komissiyasi o‘rganib, o‘z xulosalarini joylardagi oliy ta’lim muassasalariga yuboradi.

Shunday qilib, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018-yil 30-avgustdagi 87-03-3095-sonli xatiga binoan Jizzax davlat pedagogika institutidan bir guruh talabalarga BuxDUga o‘qishini ko‘chirishiga ruxsat berilgan.


Mavzu doirasida: BuxDUning «duxi». 40 kun «chilla saqlagan» xat va «ichki nizom» quvvati haqida ikki og‘iz...


Shu munosabat bilan BuxDU rektori A.To‘laganov Jizzax davlat pedagogika instituti rektoriga 2018-yil 13- sentyabrda 1916-05-TT sonli xat bilan quyidagicha murojaat qilgan.

«BuxDU qabul komissiyasi ilovada keltirilgan talabalarning o‘qishini BuxDUga ko‘chirishini rasmiylashtirish uchun ularning shaxsiy yig‘ma jildini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risida Nizom» talablari asosida yuborishingizni so‘raydi».

Shu orada BuxDU rektorining№689-U raqamli buyrug‘i bilan o‘qishini ko‘chirayotgan talabalarga 5- sentyabrdan boshlab darslarga qatnashishga hamda o‘quv rejadagi farqlarni 2018-yil 25-sentyabrgacha topshirishga ruxsat berilgan. Stipendiya berilmaganligining sababini  quyidagicha izohlash mumkin.

Demak xat BuxDUda 40 kun saqlab turilmagan harakatda bo‘lgan. BuxDU rektorining 2018yil 2 oktyabrda «Talabalar safiga tiklash va ko‘chirish to‘g‘risidagi» №743-U-sonli buyrug‘i chiqarilgan. Buyruqda Hasan Salomovning turmush o‘rtog‘i Zaripova Madinaning ham ismi-sharifi mavjud.

Buyruqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan «Oliy ta’lim muassalariga o‘qishga qabul qilish, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning 32-bandida O‘quv rejalaridagi fanlari bo‘yicha farqlar aniqlanganda talaba akademik qarzdor sifatida o‘qishga qabul qilinadi. Joriy semestr davomida akademik qarzdorlik (farqlar) bartaraf etilgan muddatdan boshlab, oliy ta’lim muassasi rektorining talabaga o‘rnatilgan tartibda stipendiya berish haqidagi buyrug‘i chiqariladi. Stipendiya miqdorini belgilashda fanlar bo‘yicha farqlarni topshirish ko‘rsatkichlari ham hisobga olinadi», deyiladi.

Vaholanki, ushbu Nizomni BuxDUdagilar ishlab chiqmagan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan. Shuning uchun oliygohdagilarni qing‘irlikda ayblash o‘rinlimi? Siz aytgandek 100 ta talaba bir oliygohdan boshqasiga ko‘chirilsa, ular 320.000 so‘mdan stipendiya olib kelayotgan bo‘lsa, naqd 32 000 000 million so‘m kimlarningdir cho‘ntagiga emas, davlat g‘aznasida qoladi. Talaba fanlardan qarzdorlikni yopmasa stipendiya to‘lanmasligi yuqoridagi Nizomda ko‘rsatib o‘tilgan.

Maqola muallifining «3» ga o‘ttiz, «4» ga qirq, «5» ga ellik degan da’volari hech qanday asosga ega emas. Lekin, guruch kurmaksiz bo‘lmaydi. Ehtimol, yakuniy davlat imtihonlari vaqtida talabalardan biror narsa ta’ma qiladigan bitta-ikkita subutsiz o‘qituvchilar topilar, bu esa tan olishimiz lozimki, bugungi kunda ta’lim tizimi oldida turgan muammolardan biri. Bu muammoni barataraf etish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilmoqda. 

Darvoqe,  QVPning «bolnichniy»si o‘tmaydi, degan o‘qituvchining fikrini hech kim oqlamaydi. Universitet ma’muriyati tibbiy ma’lumotnomalar faqat shahardagi 11-son poliklinikadan tasdiqlanishi shart degan buyruq chiqarmagan. Bu gapni aytgan o‘qituvchiga intizomiy chora ko‘riladi.

Demoqchimizki, universitetda hech qanaqa sirli «ichki Nizom»lar yo‘q. Bo‘lishi ham mumkin emas. Barcha oliygohlar qatori BuxDUda ham ishlar O‘zbekiston Respublikasi Qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumat qaror va farmonlari, O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ko‘rsatmalari asosida yuritiladi. Agar ozgina qiziqib so‘raganingizda Sizga barcha zarur hujjatlar, vazirlik nizomlari ko‘rsatilardi. Siz fakultet rahbariyati javoblaridan qoniqmagan bo‘lsangiz, prorektorlar yoki rektorga murojaat qilganingizda muammolarga oydinlik kiritilardi. Agar sizda yana shunday savollar tug‘ilsa, muammolarga duch kelsangiz, BuxDUning quyidagi [email protected] pochtasiga yoki buxdu.uz. veb saytiga murojaat qilishingiz mumkin. Qolaversa, oliygoh birinchi qavatida rektor va prorektorlar hamda rektor yordamchisi qabul kunlari, telefon raqamlari yozib qo‘yilgan. Lekin Siz negadir rahbariyatga murojaat qilish o‘rniga kuchingizni matbuot orqali ko‘rsatishga uringansiz. Zero, narvonga ham pillapoyalarni birma-bir bosib chiqadilar.

BuxDU matbuot xizmati

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring