Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buterbrodga yashirilgan «fleshka» – AQShda josuslik jinoyati fosh qilindi

Buterbrodga yashirilgan «fleshka» – AQShda josuslik jinoyati fosh qilindi

Adliya vazirligi o‘tgan yili AQSh armiyasining iste’fodagi xizmatchisi Piter Debbinsni ham josuslikda ayblagan edi.

Foto: AFP

AQSh atom suvosti kemalari bo‘yicha maxfiy loyiha muhandisi, 42 yoshli Jonatan Toyebi va uning 45 yoshli rafiqasi josuslikda ayblanib hibsga olindi. Bu haqda mamlakat adliya vazirligi ma’lumot tarqatdi. Er-xotin o‘zga davlatga harbiy sirlarni sotishga urinishda ayblanmoqda. 

Prokurorlarga ko‘ra, Jonatan Toyebi 2020 yil aprel oyida xorijiy davlatlardan biriga maxfiy hamkorlik taklif etib pochta orqali maktub yo‘llagan. Maxfiy ma’lumotlar bazasiga kirish huquqiga ega bo‘lgan muhandis harbiy sirlarni pul evaziga sotishini ma’lum qilar ekan, ishonch uyg‘otish uchun AQSh harbiy flotiga doir ayrim yopiq axborotlarni ilova qilgan. «O‘ylaymanki, ushbu ma’lumotlar sizning mamlakatingiz uchun g‘oyat asqotadi. Bu o‘yin yo hazil emas», – deb yozgan Jonatan Toyebi o‘z xatida.

Qo‘shma Shtatlar maxfiy xizmati harbiy muhandisning maktubini manzilga yetmasdan tutib qolishga muvaffaq bo‘lgan.  Shundan keyin AQSh Federal qidiruv byurosi (FQB) xodimi o‘zini xorijiy davlat maxsus xizmati vakili deb tanishtirgan holda Jonatan Toyebi bilan elektron yozishma olib borgan.

Bir necha oydan keyin muhandis kriptovalyutada 100 ming dollarga teng mablag‘ evaziga harbiy sir sanalgan ma’lumotlarni yetkazib bergan. Maxfiy ma’lumotlar yozilgan flesh karta buterbrod ichiga yashirilgan holda avvaldan belgilangan joyda qoldirilgan. Shu tariqa  Jonatan Toyebi o‘zi bilmagan holda FQB xodimiga bir necha bor maxfiy ma’lumotlarni pul evaziga yetkazib bergan. Davlat siri sanalgan axborotni navbatdagi yetkazishga urinish payti er-xotin hibsga olingan.

AQSh atom suvosti kemalari bo‘yicha maxfiy loyiha muhandisi yashirin ma’lumotlarni qaysi davlatga yetazishga uringani va jinoiy ishga doir boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan.

AQSh fuqarolarining boshqa davlatlarga josuslik qilishi bilan bog‘liq holatlar kam bo‘lsa-da uchrab turadi. Masalan, o‘tgan yil noyabr oyida AQSh armiyasining iste’fodagi xizmatchisi Piter Debbins ham shunday ayblov bilan mahkamaga tortilib, 15 yilu 8 oyga ozodlikdan mahrum etilgan edi.  U AQSh milliy mudofaasiga doir ma’lumotlarni Rossiya razvedkasiga yetkazib turgani xabar qilingan.

Avval xabar berganimizdek, 2020 yil iyun oyida AQSh quruqlikdagi qo‘shini sobiq xizmatchisi Pol Uilan Moskva shahar sudi tomonidan josuslikda aybdor deb topib, 16 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Tergov xulosasiga qaraganda, u Amerika maxsus xizmatlari foydasiga josuslik qilgan. Uning yonidan topilgan flesh kartada Rossiya davlat siri sanalgan ma’lumotlar mavjudligi qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil iyul oyida AQSh prezidenti Donald Tramp josuslik faoliyatiga doir maxfiy farmonni imzolagandi. Bunga ko‘ra, razvedka xizmatiga Rossiya, Eron, Xitoy, Shimoliy Koreya kabi «raqib mamlakatlar»ga nisbatan kiberhujumlarni amalga oshirish uchun keng huquqlar beriladi. Endilikda josuslik idorasi tezkor operatsiyalar chog‘ida har bir qadamini Oq uy bilan kelishishi shart emas. Sir emas, rasmiy Vashington mazkur davlatlarni saylov jarayoniga noqonuniy aralashish va axborot urushida (Rossiya), kiberjosuslik va intellektual mulk o‘g‘riligida (Xitoy), bank tizimlariga hujumda (Eron) hamda Hollivud kompaniyalariga axborot hujumlari amalga oshirishda (Shimoliy Koreya) ayblab keladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring