Prezident farmoyishi bilan harbiy trevoga ko‘tarildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoyishiga muvofiq, 26-noyabr kuni erta tongda Mudofaa vazirligi qo‘shinlari o‘quv trevogasi ko‘tarildi.
Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berishicha, mazkur tadbirda qo‘shinlarning jangovar shayligi tekshiriladi. U besh kun davom etib, to‘rt bosqichda amalga oshiriladi.
Mashg‘ulotlar davomida Mudofaa vazirligi markaziy apparatining boshqaruvni amalga oshirishi hamda qo‘shinlarni yuqori darajadagi jangovar shaylikka keltirishi, shuningdek, bo‘linmalarning uyushqoqlik bilan belgilangan hududlarga chiqib ketishi va tezkor vazifalarni bajarishga tayyor ekanligi bilan bog‘lik masalalar ko‘rib chiqiladi.
Ta’kidlash lozimki, bugungi kunga qadar harbiy xizmatchilarning jangovar shayligi, harbiy texnika, qurol-yarog‘ va moddiy-texnika vositalari bilan ta’minlanganlik darajasi bu kabi keng ko‘lamli tekshiruvdan o‘tkazilmagan.
Kompleks tekshiruvlarning asosiy vazifasi Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qism va muassasalarning jangovar shayligini hamda belgilangan muddat ichida yuklatilgan vazifalarni bajarish imkoniyatlarini baholash, o‘tkazilayotgan harbiy o‘quvlarda komandirlar tarkibining jangovar topshiriqlarni bajarish, hujjatlar bilan to‘liq va o‘z vaqtida ishlash ko‘nikmasini sinovdan o‘tkazishdan iborat.
Bu haqda o‘quvchilarimizni batafsil xabardor qilib boramiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter