Bugun noyob tabiat hodisasi kuzatiladi
Bu galgi to‘linoy Oyning Yerga nisbatan juda yaqin bo‘lgan paytida sodir bo‘ladi.
Bu xodisaga xavaskor astronomlar «Superoy» deb nom berishgan, chunki yaqinroq bo‘lgani sabab Oy kattaroq ko‘rinadi.
Gap shundaki, Oy va Yer orasidagi o‘rtacha masofa 384 ming km.ni tashkil qiladi. Oy Yer atrofida ellips bo‘ylab harakatlanadi va 1 yilda 12-13 marta Yerga yaqinlashib-uzoqlashadi. Eng qisqa masofa perigey deb nomlanadi va u 356 ming km.ni, eng katta masofa esa apogey deyiladi va u 406 ming km ni tashkil qiladi.
Har gal perigey paytida masofa har xil bo‘lib, bu safargi yaqinlashish 13 iyul kuni Toshkent vaqti bilan 14:06 ga to‘g‘ri keladi va u 357 264 kilometrni tashkil qiladi. Bu 2022 yildagi eng qisqa masofadir. Aytish lozim, bu paytda Oy bizning mintaqa uchun gorizontdan pastda bo‘ladi va u ko‘rinmaydi.
Shundan 9 soatu 32 daqiqa o‘tgandan keyin esa Oy to‘linoy fazasiga kiradi — uning 100 foiz sirti Quyosh nuri bilan yoritiladi. Masofa nisbatan qisqa bo‘lgani uchun Oyning gardishi boshqa to‘linoylarga nisbatan kattaroq bo‘ladi.
Bugun Oy kechki payt 20:07da chiqadi va ertalab 3:51 gacha osmonda bo‘ladi. Tabiiyki, o‘zining eng to‘liq fazasi — 23:38 da osmonda ancha balandda bo‘ladi va uni bemalol kuzatish mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter