Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bu «znak» meni taajjubga soldi

Bu «znak» meni taajjubga soldi

Foto: Toshkent shahar IIBB

Bloger Farhod Fayzullayev Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining yaqinda joriy etgan yangiligi piyodalar xavfsizligini oshirishga xizmat qilmasligini izohladi va o‘z takliflarini bildirdi.

Blogerning yozishicha, so‘nggi yillarda Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi poytaxt ko‘chalaridagi avtomobillar harakatini tartibga solishga harakat qilyapti. Ammo bu harakatlar doim ham to‘g‘ri emas.

Yuqoridagi suratga qarang – Toshkentdagi maktablardan birining oldiga yangi yo‘l belgilari o‘rnatilibdi. YHXBBning fikricha, bu yangilik piyodalar xavfsizligini oshirishga yordam beradi.

Mening fikrim: bu belgi bir gramm ham yordam bermaydi. Muammoga kompleks yondashish kerak.

Avvalambor, bu yo‘l belgisi Yo‘l harakati qoidalarida yo‘q. Ya’ni, hech qanday huquqiy asos yo‘q. Bemalol 70 yursangiz ham sizni «shtraf» qilisholmaydi, chunki bunday «znak» qonunda yo‘q-da.

Ikkinchidan, haydovchilar bu belgini tanimaydi, umrida ko‘rmagan. Shuning uchun unga rioya qilishi ham dargumon.

Uchinchidan, yo‘l belgilari doim ham foyda beravermaydi. O‘zbekistondagi yo‘l qoidalari buzilish holatlari, aksariyat holatlarda, «znak» yoki svetoforlarni ko‘rmaslikdan amalga oshirilmaydi. Haydovchilarning qonun va qoidalarga bepisandligi sababli Toshkentda yurib bo‘lmaydi.

To‘rtinchidan, ekspertlar fikricha, yo‘l belgilarini ko‘paytirish ular samaradorligini kamaytiradi, chunki haydovchilar «znak»lar ko‘pligiga o‘rganib qoladi va ahamiyat bermaydi. Hozir Yevropaning ilg‘or davlatlarida belgilarni kamaytirish ustida ish olib borilyapti. «Znak» bo‘lmasa, haydovchilar yo‘ldagi ustunlik kimda ekanini bilmay, sekinroq yuradi, deyishyapti mutaxassislar.

Xo‘sh, nima qilish kerak unda?

Bilasizmi, biznikilar ko‘pincha velosiped yaratishni yaxshi ko‘rishadi. Bunday muammolar dunyoda o‘z yechimini topib bo‘lgan, o‘shalarni qo‘llash kerak, xolos!

  1. Yo‘llarni, yo‘llardagi polosalarni toraytirish.
  2. Maktablar oldiga sun’iy notekisliklar o‘rnatish (suratga qarasangiz, uzoqda shunday notekislikni ko‘rishingiz mumkin).
  3. Kameralar o‘rnatish va qoida buzganlarni zudlik bilan jarimaga tortish.
  4. Maktablar oldidagi «zebra»lar oldiga svetoforlar o‘rnatish.
  5. Tirbandlik paytlarida yo‘l xavfsizligi xodimlarini safarbar etish.

YHXBB saytidagi xabarga qarasangiz, ular muammoga kompleks yondashish haqida yozishyapti. Buni olqishlayman. Ammo bu «znak» meni taajjubga soldi, deb yozadi bloger.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring