Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Energetika vazirligi joriy mavsumda avvalgidan 2,5 mlrd kVt ko‘proq «tok» yetkazib bermoqchi

Energetika vazirligi joriy mavsumda avvalgidan 2,5 mlrd kVt ko‘proq «tok» yetkazib bermoqchi

10-oktyabr, dushanba kuni Energetika vaziri J.Mirzamahmudov tizim tashkilotlari va yoqilg‘i-energetika sohasida faoliyat yuritayotgan aksiyadorlik jamiyatlarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning holati, mavjud muammolar va ularni hal etish masalalari yuzasidan tanqidiy yig‘ilish o‘tkazdi.

Bunda, birinchi navbatda soha obektlarini 2022/2023-yillar kuz-qish davriga to‘liq tayyorlash, iste’molchilarni energiya resusrlari bilan barqaror ta’minlash ishlarining bugungi kundagi holati muhokama qilindi.

Yig‘ilishda birinchi navbatda aholi va ijtimoiy soha obyektlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

Xususan, yig‘ilishda kuz-qish davrida iste’molchilarga jami 30,6 mlrd kub metr tabiiy gaz yetkazib berilishi yuzasidan topshiriq berildi. Shundan 10,4 mlrd kub metr hajmda aholi iste’molchilariga va 20,2 mlrd kub metri – iqtisodiyot tarmoqlariga yetkaziladi.

Suyultirilgan gaz ta’minoti tizimidagi 85 ta gaz to‘ldirish punkti hamda 1058 ta gaz tashuvchi va tarqatuvchi avtotransport vositasining doimiy texnik soz holatda bo‘lishini ta’minlash lozimligi ta’kidlandi.

Shu bilan birga aholi iste’molchilarining ehtiyojidan kelib chiqib, joriy yil yakuniga qadar 12,7 ming dona qo‘shimcha maishiy gaz balloni yetkazib berish lozimligi belgilandi.

Shuningdek, olis va borish qiyin bo‘lgan qishloq (ovul)larda ko‘mir, suyultirilgan gaz zaxirasini yaratishda 447 ta mahalla (ovul) fuqarolar yig‘inidagi 168 mingdan ziyod xonadonga 10 693 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilishini ta’minlash choralari ko‘riladi.

Kuz-qish davrida respublika iste’molchilariga jami 34 mlrd 918 mln kilovatt-soat (o‘tgan kuz-qish mavsumiga nisbatan 2 mlrd 540 mln kilovatt-soatga ko‘p) elektr energiyasi yetkazib berilishi yuzasidan topshiriq berildi. Mavsum davomida aholiga 10 mlrd 938 mln kilovatt-soat elektr energiyasi yetkazib beriladi.

Yig‘ilishda mas’ul rahbarlarga bundan keyin ijro intizomini mustahkamlash va hujjatlar ijrosi nazoratiga jiddiy e’tibor qaratish hamda topshiriqlarning to‘liq va o‘z vaqtida bajarilishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring