«Bu masalada mum tishlab tura olmaymiz» – Erdo‘g‘on
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Hindistonda bo‘lib o‘tgan G20 yetakchilari sammitidan keyingi matbuot anjumanida dolzarb masalalar qatorida islomofobiya muammosini ham ko‘tardi.
Siyosiy yetakchi keyingi vaqtlarda Yevropa mamlakatlarida musulmonlarning muqaddas kitobi namoyishkorona yoqilayotganini keskin qoraladi.
«Qur’oni Karimni politsiya himoyasida yoqish ochiq-oydin provokatsiya, nafratga asoslangan jinoyatdir. Bu masalada biz aslo mum tishlab tura olmaymiz», – dedi Erdo‘g‘on.
Qayd etilishicha, Turkiyaning sa’y-harakatlari bilan «Katta yigirmalik» sammitining yakuniy deklaratsiyasida muqaddas kitoblarni tahqirlashga qarshi band kiritildi.
Erdo‘g‘on insoniyatning mushtarak kelajagi uchun ham Islomga dushmanlik kayfiyatiga barham berish lozimligini ta’kidlagan.
Turkiya islomofobiyaga qarshi kurashni tashqi siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilagan. Rasmiy Anqaraga ko‘ra, bu illat jahon hamjamiyatini tafriqaga solib, global tinchlik va barqarorlikka tahdid solmoqda.
O‘zbekiston ham xalqaro hamjamiyatni dunyoda kuzatilayotgan islomofobiya holatlariga qarshi birgalikda kurashishga chaqirib keladi. Jumladan, prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil 19 iyul kuni Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi yetakchilarining birinchi sammitidagi nutqida ushbu masalani ko‘targan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter