Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bu insoniyat uchun sharmandalik!» – Xitoy tashqi ishlar vaziri

«Bu insoniyat uchun sharmandalik!» – Xitoy tashqi ishlar vaziri

Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I dunyo hamjamiyatini G‘azo sektoridagi gumanitar inqirozni bartaraf etish uchun amaliy harakatlar qilishga chaqirdi.

«XXI asrda ushbu gumanitar bo‘hronni bartaraf eta olmaslik insoniyat uchun fojia, sivilizatsiyamiz uchun sharmandalikdir. Ziddiyat hamda tinch aholi vakillari o‘ldirilishini davom etttirishga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», – dedi Van I Umumxitoy xalq vakillari yig‘ilishidan keyingi matbuot anjumanida.

Xitoy bosh diplomati 2023-yil 7-oktyabrdan buyon G‘azo sektorida 30 mingdan ziyod falastinlik halok bo‘lgani, 70 mingdan ziyodi jarohatlangani, ko‘plab begunoh odamlar vayronalar ostida qolganiga e’tibor qaratdi.

«G‘azo sektori aholisi ham bu yorug‘ dunyoda yashash huquqiga ega. Ayollar va bolalar o‘z oilasi bag‘rida tinch-osoyishta umrguzaronlik qilishga haqli. Barcha asirlar ozod etilishi va tinch aholi vakillariga qarshi har qanday harakat to‘xtatilishi kerak», – dedi vazir.

Siyosatchi G‘azodagi fojia butun dunyo uchun yangi ogohlantirish ekanini urg‘uladi.

«Falastin yerlari uzoq yillardan buyon ishg‘ol ostida ekanini bundan buyon e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi. Falastin xalqining mustaqil davlat tuzish yo‘lidagi ko‘p yillik urinishlari ham inobatga olinmog‘i shart. Falastinliklarga nisbatan tarixiy adolatsiz munosabat avloddan avlodga o‘zgarishsiz o‘tishi mumkin emas», – deydi Van I.

Ixtilofni bartaraf etishning yagona yo‘li mustaqil Falastin davlatini tuzish ekanini qayd etgan diplomat Xitoy Falastinning BMTda to‘laqonli a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlashini ham ma’lum qildi.

Diplomat dunyodagi barcha ziddiyatlarni siyosiy muzokara yo‘li bilan hal etish lozimligi, olovga moy sepishdan ehtiyot bo‘lishi kerakligini uqtirar ekan, xalqaro ahamiyatga molik masalalarda ikkiyuzlamachilikka barham berish muhimligini ham eslatdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring