Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bu hammamizga kelgan sinov — Prezident onkologiyada davolanayotgan bolalardan xabar oldi

Bu hammamizga kelgan sinov — Prezident onkologiyada davolanayotgan bolalardan xabar oldi

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun yangi qurilgan Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida bo‘ldi. Davlat rahbari markazda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, shifokorlar, davolanuvchilar va ularning ota-onalari bilan suhbatda bo‘ldi.

Ushbu shifoxona yurtdoshlarimizga nima beradi? Avvalgi tizim bilan yangisi o‘rtasida qanday farq bor?

Eng avvalo ta’kidlash lozim, bolalar shifoxonasi kattalarnikidan alohida qilib chiqarildi. Ilgari kattalar bilan umumiy bo‘lgan. Shuningdek, markazda qabul bo‘limi, konsultativ poliklinika, kunduzgi statsionar va reanimatsiya bo‘limlari tashkil etilgan.

Shuningdek, ilgarigi shifoxona 85 ta o‘rindan iborat bo‘lgan bo‘lsa, yangisida 160 bolani davolash imkoniyati mavjud. Yana bir e’tiborga molik jihat, eski shifoxonada 15 kv.m joyda 3-4 nafar bemor yotgan, yangi markazda esa xuddi shuncha joyda bir bola davolanadi. Ona-onalar alohida joy bilan ta’minlanishini ham aytib o‘tish lozim.

Taom masalasida ham o‘zgarish bo‘ldi, endi bolakaylarimiz besh mahal ovqatlanadilar. Ota-onalarga ham bepul taom beriladi.

Albatta davolash sifati yaxshilanmaganda bu shart-sharoitlarning barchasi haqida gapirishdan ham ma’ni qolmagan bo‘lardi. Bu borada Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida bir qator yangiliklar qilindi.

- Turkiya, Rossiya va Belarus davlatlaridan maslahatchi-shifokorlar jalb qilindi;
- 18 ta davolash standart va protokollari jahon talablari asosida qayta ishlab chiqildi;
- 26 ta yuqori texnologik tashxis usullari joriy qilindi;
- Samaradorligi yuqori bo‘lgan kimyoterapiya, target va immunoterapiya davolash usullari joriy qilindi;
- Suyak o‘zak xujayralari transplantatsiya amaliyotlari yiliga 4 tadan 14 taga yetkazildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev markaz bilan tanishish asnosida bolalar bilan ham, ularning ota-onalari bilan ham imkon qadar ko‘proq suhbatlashdi. Davlat rahbari ota-onalarga markaz qurishdan maqsad nima bo‘lgani, qanday sabablarga ko‘ra davolash protokollariga o‘zgartirish kiritilayotgani va qaysi davlatlardan mutaxassislar taklif etilayotganini batafsil tushuntirishga harakat qildi.

— Bu kasallik sizga ham, bizga ham Allohdan kelgan sinov. Men o‘ylaymanki, biz bu sinovdan yaxshi o‘tamiz, nasib qilsa kasalliklarni yengamiz! — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring