Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xonning ahdi, shahzodaning o‘limi va kanizak fitnasi — O‘zmilliybank bizga qaytargan saroy tarixi

Xonning ahdi, shahzodaning o‘limi va kanizak fitnasi — O‘zmilliybank bizga qaytargan saroy tarixi

Foto: Xabar.uz

Nurullaboy saroyining tarixi ming yillarga borib taqalmaydi. Majmua XIX asr o‘rtalarida qurib boshlangan va ellik yil nari berisida, XX asr boshlariga kelib tugatilgan. Ammo tarix uchun nisbatan qisqa bo‘lgan mana shu davrda ham saroy qanchadan qancha dabdabayu, hashamatga, shuningdek, xon, vazir hamda valiahd shaxzoda umriga zomin bo‘lgan fitnalarga guvoh bo‘ldi.

Xiva shahriga borsangiz, Ichan qal’aning shunday yonginasida Nurullaboy saroyiga ko‘zingiz tushadi. Uch-to‘rt yil oldin ham majmua tashlandiq holatda yotardi. O‘zmilliybank tomonidan amalga oshirilgan sa’y-harakat tufayli saroy yana avvalgi salobati va hashamatini qaytardi.

Uning qisqacha tarixi esa quyidagicha.

XIX asr o‘rtalariga kelib Xivadagi Ichan qal’a hududi turli saroylar, madrasa va maqbaralar bilan to‘lib-toshadi. Bugun ham u yerdagi yodgorliklarni tomosha qilib chiqish uchun bir kun yetarli emas. Sayyoh uchun yaxshi manzara albatta, ammo ikki asr oldin hukmronlik qilgan xonlar uchun yozgi jaziramada dam oladigan so‘lim joy topish zarurati paydo bo‘lgan edi.

Xiva hukmdori Muhammad Rahimxon I masalaning yechimini tez topadi, Ichan qal’adan g‘arbda quyuq bog‘-rog‘lar joylashgan edi va bu yer xonga juda ma’qul keladi. Bog‘ egasi Nurullaboyga yerini sotish taklifi beriladi. Boy taklifni qabul qiladi (qabul qilmay ham ko‘rsinchi), ammo bir shart bilan – bu yerda qanday bino qurilmasin, uning nomi bilan atalishi kerak. Xon shartga ko‘nadi — Nurullaboy bo‘lsa, Nurullaboyda, muhimi — saroy bo‘lsin...

Shu tariqa Ichan qal’aning yonginasida yozgi qarorgoh bino bo‘ladi. Saroy ellik yil davomida quriladi va xondan xonga o‘tgani sari takomillashaveradi. Unga har bir hukmdor nimadir qo‘shardi. Eng asosiy qurilishlar esa Muhammad Rahimxon II davrida bo‘lgan. Ammo saroyda doimiy yashagan, unga qattiq mehr qo‘ygan hukmdor Asfandiyorxon hisoblanadi.

Asfandiyorxon Xivani 8 yil boshqardi va podsholigining ilk kunidan to oxiriga qadar Nurullaboyda yashadi. Shunga monand o‘ziga hashamatli qabullar uyi qurdirdi, barcha ziyofatu maishatlarini Nurullaboy saroyida o‘tkazdi.

Asfandiyorxon qurdirgan qabullar uyi

Ammo taxt va saroy Asfandiyorga baxt keltirdi, deb aytish ancha qiyin. Uning asosiy tayanchi vaziri a’zam Islomxo‘ja edi. 1913 yilda vazir sirli ravishda o‘ldiriladi. Oradan ko‘p o‘tmay Asfandiyorxonning vorisi, 12 yoshli shaxzoda Temur G‘ozi To‘ra ham fitna qurboni bo‘ladi. Bu ikki o‘lim haqida hozirga qadar turli mish-mishlar yuradi.

Aytishlaricha, shaxzoda Temur G‘ozi xaramda begona erkakning ovozini eshitib qoladi. U darhol otasiga xabar beradi va xaramda tintuv o‘tkaziladi. Soqchilar paranji yopingan erkakni qo‘lga oladilar. Ammo u qancha qiynoqqa solinmasin, xaramga qanday kirib olgani va kimning oldiga kelganini aytmasdan vafot etadi. Sadoqatni qarang...

Nurullaboy saroyidagi xaram

Oradan ko‘p o‘tmay kanizaklardan biri shaxzoda Temur G‘ozi To‘raga zaxar berib o‘ldiradi. Shu tariqa xonlikning tayanchi bo‘lmish vazir siyosiy o‘yinlar tufayli, umidi hisoblangan valiahd shaxzoda esa maishiy fitna sabab vafot etadi. Aytishlaricha shundan so‘ng Asfandiyorxon umidsizlikka tushib, maishatga mukkasidan ketgan ekan.

Uning o‘limi ham xuddi o‘g‘li va vaziriniki kabi bo‘ldi. 1918 yilda Asfandiyorxon o‘zi qurdirgan hashamatli qabullar uyida, o‘zi yasagan xanjar bilan o‘ldiriladi. Turkman yovmutlari sardori Junaidxon fitna uyushtiradi va xonning yuragiga tig‘ sanchiladi. Taqdirning achchiq kinoyasi shundaki, Asfandiyorga urilgan xanjarni uning o‘zi yasalgan va Junaidning o‘g‘liga sovg‘a qilgan edi.

Asfandiyorxon. Tarixiy foto

Shundan so‘ng oradan ko‘p o‘tmay Xorazmni sho‘rolar bosib oladi va xonlik tugatiladi. Tariximizning bir bo‘lagi bo‘lmish saroy esa yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida qoladi. Sho‘rolar davrida undan turli maqsadlarda foydalanilgan – kanselyariya, ombor va xatto otxonaga aylantirilgan. Nurullaboy madrasasi esa tungi diskoteka o‘tkaziladigan joy edi.

2016 yilda davlat boshqaruviga Shavkat Mirziyoyev kelgandan so‘ng boshqa sohalar kabi tarix va turizmga ham alohida e’tibor berildi. Xususan, davlat raxbarining 2017 yildagi tashabbusiga asosan «O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki» Aksiyadorlik jamiyatiga Nurullaboy saroyini rekonstruksiya va restavratsiya qilish topshirildi.

Bank mablag‘lari hisobidan majmua to‘la qayta ta’mirlandi. Prezidentning turizmni yanada rivojlantirish borasidagi qarorlari va 2017 yil 17 noyabrdagi «Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida saroyda xalq hunarmandligi namunalari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Asrni qaritgan me’moriy obida asliyatni saqlagan holda tamomila yangilandi va yana asrlar davomida avlodlarimiz va sayyohlarni o‘z ko‘rinishi, salobati bilan hayratga soladigan koshonaga aylandi.

Ichan qal’adagi ko‘kka bo‘y cho‘zgan Islomxo‘ja minorasi shaharning o‘ziga xos ramzi sanaladi. Bugun bu ramz yoniga Nurullaboy majmuasi ham qo‘shildi va bu atama dunyoning barcha tillarida talaffuz qilinib, o‘ziga xos targ‘ibot vositasiga aylandi. Bir vaqtlar, ikki asr muqaddam Nurullaboy ismli savdogar o‘z bog‘ini xonga sotish orqali mashhurlikka erishishni maqsad qilgan edi. U o‘z niyatiga batamom yetganini endi bemalol aytish mumkin.

Nurullaboy saroyi orqali qadim Xiva yana bir bitmas-tuganmas milliy boylik egasiga aylandi. O‘zmilliybank bizga tariximizning bir qismini qaytarib berdi...

Zafar QOSIMOV, Farrux ALIYeV
Toshkent - Urganch - Xiva

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring