Bryus Li bilan to‘qqiz yil
Kung-fu va karatening mislsiz ustasi, dunyoga mashhur kinoyulduz Bryus Lining rafiqasi – amerikalik Linda Li haqida nimalar ma’lum? Fred Vayntraub xotiralarini o‘qisangiz, uning Bryus Li uchun qanchalik yaqin inson bo‘lganini anglab olasiz: «Bryus mening yaqin do‘stim edi. Uning qalbi mehrga limmo-lim bo‘lsa-da, qalban juda yolg‘iz edi. Bryus hech kimga ishonmay bu dunyodan o‘tdi. Faqat... faqat Linda bundan mustasno».
− 1963 yilning 23 oktyabrigacha Bryus bilan tanho uchrashmaganman, − deydi Linda Li (qizlik familiyasi Emeri). − Men uni sevib qolaman, deb o‘ylamagandim. Chunki endigina 18 yoshga to‘lgan, turmushga chiqishni xayoliga ham keltirmagan shaddodgina qiz edim. Qisqasi, men kung-funi o‘rganishga kelgan talabalardan biri bo‘lganman. Bir kuni mashg‘ulotda kung-fu bilan shug‘ullanayotganimizda Bryus zarbamni qaytarib, yerga yiqitdi... va restoranga taklif etdi.
Hammasi xuddi kinodagidek bo‘ldi. Bryus menga yoqar, shuning uchun unda yaxshi taassurot qoldirishni istardim. Uchrashuvga eng so‘nggi urfdagi ko‘ylagimni kiyib bordim.
Yodimda, oqshom shukuhli, men uchun hammasi go‘zal edi. Bryus bilan uzoq suhbatlashdik. Men u haqida ko‘proq bilgim kelar, turli savollarga ko‘mib tashlardim. Bryus falsafa va psixologiyani o‘qigani, o‘rganganini aytib, o‘z falsafiy qarashlaridan meni ham ogoh etdi.
− Sevgi, bu − o‘tga tushgan do‘stlik. Alanganing boshlanishi, serjilo, qaynoq va qudratli bo‘ladi. Lekin bularning hammasi miltillayotgan chiroqdir. Ammo yosh o‘tgan sayin yuragimiz, o‘chirib bo‘lmas ikki taft bilan yonayotgan laxcha sevgimiz ham ziyrak va sezgir bo‘ladi, − dedi Bryus.
Shu uchrashuvdan so‘ng uni sevmaslikning imkoni yo‘q edi men uchun. Universitetdagi o‘qishim, aniqrog‘i, ingliz tili kursi menga og‘irlik qila boshladi. Shunda Bryus menga yordamga keldi. Asli ona tili xitoy tili bo‘lsa-da, u inglizchani shu qadar mukammal o‘rgangan ediki, so‘z boyligi ko‘pgina amerikaliklarga nisbatan ham ancha boy edi.
1964 yilning iyulida hayotimdagi eng muhim masalani hal qilishimga to‘g‘ri keldi. Gap shundaki, Bryus kung-fu mashg‘ulotlari biz yashab turgan Sietlda yashash uchun yetarli mablag‘ keltirmasligini, Kaliforniya shtati esa bu borada juda qulay joy ekanligini aytib qoldi. Shundan so‘ng Kaliforniyaning Oklend shahriga ketib, yaqin do‘sti, qator jangovar san’atlar ustasi Jeyms Li bilan maslahatlashib, avgust oyida qaytdi. Jeymsning xotinidan nikoh uzugini ham olib kelibdi.
Biz dastlab Jeyms Lining uyida yashadik, Keyin boshqa maskanga ko‘chib o‘tdik. Ko‘p o‘tmay Jeymsning xotini ikki go‘dagini tashlab olamdan o‘tdi. Men uy yumushlari bilan mashg‘ul bo‘lar, bolalarga qarar, Jeymsga yordamimiz tegayotganidan xursand edim.
Bryus bilan to‘qqiz yillik hayotimizda 11 marotaba uydan-uyga ko‘chdik. Ammo bundan kayfiyatimizni tushirmaslikka harakat qilardik. To‘g‘risini aytsam, Bryus bilan birga bo‘lishning o‘zi men uchun cheksiz baxt edi.
Bryusning filmlari ketma-ket namoyish qilina boshlandi. Kundan-kunga uning shuhrati oshib, kinoyulduzga aylanib bordi. Afsuski, mashhurlar haqida faqat yaxshi gaplar aytilavermaydi. Meni turli mish-mish va g‘iybatlar sarosimaga solardi. Har safar Bryus biror aktrisa bilan rol o‘ynasa, albatta, gap-so‘zlar tarqalardi. Uning o‘limidan so‘ng ham fisqu fasod tinmadi. G‘alamislar turli voqealarni to‘qib chiqarishar, men ham nogahonda «Erim meni shuncha payt ahmoq qildimikan?» deb o‘ylab qolardim.
Bryus ko‘pincha, «Sen taqdirning menga ato qilgan beqiyos xazinasi, bolalarim bilan yonimda bo‘lsang bas, bu hayotim uchun juda zarur», derdi. Uning gaplari samimiy va dildan aytilardi. Men buni qalbim bilan his qilar, shunda har xil gumonli xayollar miyamni tark etar edi.
Bryus Li mashinalarni yaxshi ko‘rishini yashirmasdi. Ammo eng sevimli mashg‘uloti kitob o‘qish edi. Hech qachon kitoblarga e’tiborsiz bo‘lmas, ularga «g‘oyalarning sarchashmasi» deb qarardi. Bryusning kutubxonasida falsafiy kitoblar nihoyatda ko‘p edi. Men uning kitoblar, gazetalar yoki qadimgi Xitoy Dao-monaxlarining kurashi aks ettirilgan suratlar dunyosiga g‘arq bo‘lib o‘tirgani, chuqur o‘yga cho‘mib she’r yozayotgan yoki tarjima qilayotgan paytlarini eslashni yaxshi ko‘raman.
Kuz yomg‘iri,
Kezar qora bulutlar,
Gullarning boshi xam, oy yuzi rangpar
Qushlar shoshib uchib ketar qaygadir.
Mana kuz ham keldi,
Bizlarga
Yolg‘izlik, hijronni tuhfa etgali
Ayrilish fursati yetdi nihoyat.
Ko‘p so‘zlar aytildi orada, biroq
Dilni tark etmadi tuyg‘ular mutloq.
Zero, qolgusidir senga bu oyat.
Yolg‘izlik azobi etganda hamla
Kimsasiz go‘shada sen uni et yod
Va yana bilginki: barcha o‘ylarim
Sen haqingda edi, faqat sen haqda.
Men Bryus bilan yashagan yillarimda nima haqda orzu qilish mumkin bo‘lsa, hammasini topdim. U kayfiyati tez o‘zgarib turuvchi qaynoq va ta’sirchan inson edi. Tanishlarim meni vazmin va hissiyotli ayol deb hisoblashadi. Men Bryus bilan hamfikr bo‘la olar, unga osoyishtalik, samimiy muhabbatimni bera olardim.
Bugun Bryus yonimda yo‘q. Usiz azob chekkan paytlarimda Xitoy shoiri Szu Yeyning quyidagi satrlarini yodga olaman. Darvoqe, uni Bryus xitoy tilidan inglizchaga o‘girgan edi.
... Axir senu men
Bir ulkan daraxtning ikki butog‘i
Sen kulsang
Mening ham qalbimda kulgu
O‘ksiding −
Mening ham dilimda qayg‘u
Faqat ishq!
Bo‘lishi mumkinmi hayot o‘zgacha?
Va yo men?
Va yo sen.
Izzat Ahmedov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter