Braziliyaga qish bir oy erta keldi
Braziliya poytaxti Brazilia shahri tarixida yilning bu payti uchun eng past — Selsiy bo‘yicha 1,4 daraja havo harorati kuzatildi, deb xabar berdi Phys.org.
Braziliyaga qish fasli kirishiga bir oydan ko‘proq vaqt bor.
Janubiy Braziliyada anomal sovuq harorat kuzatilayotgani haqida Inmet meteorologiya agentligi xabar tarqatgan.
Braziliya va Lotin Amerikasining eng yirik shahri San-Pauluda 18-may, chorshanba tongida termometrlar ustuni 6,6°C darajani ko‘rsatdi, bu 1990-yil may oyidan beri ilk rekord bo‘ldi. Haroratni «his qilish» esa -4 °C ga tenglashgan.
San-Paulu merligi shu hafta uysizlar uchun boshpanalardagi o‘rinlar sonini 2000 taga ko‘paytirganidan so‘ng jami o‘rinlar soni 17 mingtaga yetdi. Biroq shaharda uysizlar soni 32 ming nafar atrofida — koronavirus pandemiyasidan so‘ng ularning soni qariyb 30 foizga oshgan.
Mamlakat janubidagi Santa-Katarina shtatida bir necha kun davomida havo harorati 2 °C dan past bo‘lib, qor yog‘di.
Mavzuga doir: O‘zbekistonda yoz arafasida qor yog‘di
«Metsul» meteorologiya agentligi xodimi Estael Siasning ta’kidlashicha, «noodatiy ob-havo»ga Braziliya janubi va Urugvayga yopirilgan Yakekan sikloni sababchi bo‘lgan.
Inmet agentligi esa erta sovuq tushishi va qirovli kunlar jahon oziq-ovqat bozori yirik ta’minotchilaridan sanalgan Braziliyaning qishloq xo‘jaligiga ziyon yetkazishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter