Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Braziliyadagi shahar tobut yetmay qolishidan xavotirda

Braziliyadagi shahar tobut yetmay qolishidan xavotirda

Foto: «Ekb.ritual.ru»

Braziliyaning Amazonas shtati poytaxti Manaus shahrida tobutlar tugab bormoqda, dafnlar soni kuniga yuzdan oshib ketmoqda, o‘tgan haftaning oxirlarida omborlarda mingtaga yaqin tobut qolgandi, deyiladi Braziliya dafn kompaniyalari assotsiatsiyasida.

Assotsiatsiya hukumatdan havo transporti orqali tobut yetkazib berishda yordam so‘radi.

«COVID-19 epidemiyasi tufayli Manausda amalda bo‘lgan favqulodda holat tartibini, 25-aprel holatiga ko‘ra omborlarda 1000 tadan kam tobut va dafn idishlari qolganligini, vafot etayotganlar soni kuniga 130 kishidan oshib ketayotganini, shuningdek, Manausga tobutlarni temir yo‘l transporti orqali vaqtida yetkazib berilmayotganini hisobga olib, Kampinasdan Manausga 2000 ta tobutni havo transporti orqali yetkazib berishlaringizni so‘raymiz», — deyiladi assotsiatsiyaning federal hukumatga yo‘llagan maktubida.

«Globo» telekanalining xabariga ko‘ra, Manausda dafnlar soni pandemiya boshlangandan beri to‘rt baravar ko‘paygan, ma’murlar tunda ko‘mishga majbur bo‘lyapti. Ta’kidlanishicha, gap faqat koronavirusdan vafot etayotganlar haqida bormayapti.

Vaqtni tejash uchun odamlar qazilgan xandaqlarga dafn etilyapti. Joyni tejash maqsadida tobutlarni yonma-yon emas, ustma-ust qo‘yish ko‘rib chiqilgandi. Biroq tanqidlar tufayli bu fikrdan qaytishdi.

«Globo»ning ma’lum qilishicha, rasmiylar assotsiatsiyaning yordam so‘rab qilgan murojaatiga hozircha aniq javob bergani yo‘q.

Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, Braziliyada koronavirusga chalinganlar soni 78 162 kishiga yetdi, 5466 kishi hayotdan ko‘z yumdi, 449 kishi tuzaldi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring