Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bosqinchilar ushlandi. Ular orasida jabrlanuvchining kuyovi ham bo‘lgan

Bosqinchilar ushlandi. Ular orasida jabrlanuvchining kuyovi ham bo‘lgan

Joriy yilning 12-sentyabrga o‘tar kechasi soat 3.30larda Jizzax shahri Xalqobod mahallasida yashovchi, 1972-yilda tug‘ilgan uy bekasi F.M.ning turar joyida bosqinchilik ro‘y berdi. Bu haqda Jizzax viloyati IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, 3 nafar niqob taqqan yigitlar jabrlanuvchi yashaydigan uy devoridan oshib kirib, F.M. hamda uning 1998 hamda 2017-yillarda tug‘ilgan qizlarini pichoq bilan qo‘rqitishgan va pul talab qilganlar. Bu jarayonda bosqinchilar jabrlanuvchilarni urib, yuz va tanalariga jarohat yetkazishgan.

Ular uydagi temir seyfni buzish yo‘li bilan ochib, 207 ming AQSh dollari, 3 dona tilla bilakuzuk, 5 dona tilla uzuk, 2 dona tilla zirak, 2 dona tilla zanjirni olib chiqib ketishgan. Umuman olganda F.M.ga yetkazilgan zarar 267 ming AQSh dollarini tashkil qildi.     

Jabrlanuvchi bu to‘g‘rida ichki ishlar organlarini ogoh etgach, tezkor surishtiruv harakatlari olib borildi. Jumladan, pul va tilla buyumlar borligidan xabardor kishilarning jinoyat ro‘y bergan vaqtda qayerda bo‘lganligi aniqlandi. Tilla taqinchoqlari sotilishi mumkin bo‘lgan joylarga e’tibor qaratildi. Hududdagi videokameralar tasvirlari o‘rganilib, muqaddam sudlanganlar, jinoyatga moyil shaxslar bilan suhbatlar o‘tkazildi.

Sa’y-harakatlar natijasida jinoyatni Toshkent shahri Olmazor tumani Qoraqamish dahasida yashovchi, muqaddam sudlangan, 1993-yilda tug‘ilgan S.X., xuddi shu manzilda yashovchi, muqaddam sudlangan, 1994-yilda tug‘ilgan Sh.R., Toshkent shahri Sirg‘ali tumani Quruvchilar dahasida yashovchi, 1996-yilda tug‘ilgan A.X., Toshkent viloyati Zangiota tumani Nazarbek QFYda yashovchi, 1995-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan A.A. hamda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Chorbog‘ qo‘rg‘onida yashovchi, muqaddam sudlangan 1995 yilda tug‘ilgan A.U.lar sodir etganliklari aniqlandi.

Aytgancha, turar joyda pul va taqinchoqlar saqlanayotganligini jinoiy guruh a’zosi, 1996-yilda tug‘ilgan A.X. yaxshi bilgan. Chunki u jabrlanuvchining 1998 yilda tug‘ilgan qizi bilan bir muddat sha’riy nikoh asosida yashagan.

Xullas, ayni vaqtda ayblanuvchilar hibsga olingan, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring