Bosh vazir o‘rinbosari «Facebook»da odamlarning savollariga javob beradi
Shavkat Mirziyoyev Prezident etib saylangandan buyon xalqchil siyosat yuritib kelmoqda. Davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak degan g‘oyaning zamirida ham shu maqsad mujassam.
Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ijtimoiy tarmoqlarda barcha davlat organlari va ularning rahbarlari, senator va deputatlar, hokimlarning sahifalari ochildi, shu tariqa qaysidir ma’noda ular xalqqa, oddiy odamlarga yanada yaqinlashishdi.
Davlat rahbarining tashabbusiga labbay deb javob berganlardan biri Xotin-qizlar qo‘mitasidir. Qo‘mita ijtimoiy tarmoqlarda ancha faol faoliyat olib bormoqda. Jumladan, qo‘mitaning «Facebook»dagi rasmiy sahifasiga har kuni ayollardan yuzlab ariza, shikoyat va taklif kelib tushmoqda, ularga zudlik bilan yechim topilmoqda.
Albatta, «kadr ortidagi» bu jarayondan ko‘pchilik bexabar. Shu sababli qo‘mita ko‘plarning joniga ora kirayotgani, mushkulini oson qilayotganini haqida aksariyatimizda ma’lumot, tasavvur yo‘q. Aslida Xotin-qizlar qo‘mitasi ko‘magi bilan oyoqqa turgan, minnatdor bo‘lganlar juda ko‘p.
O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi hamda BMT Taraqqiyot Dasturining «Davlat boshqaruvida hamda mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotida faol qatnashishi uchun ayollarning huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish» qo‘shma loyihasi fuqarolar va qo‘mita o‘rtasida uzviy aloqalarni mustahkamlash maqsadida bir tashabbusga qo‘l urishdi.
Yaqin kunlarda Bosh vazir o‘rinbosari maqomidagi shaxs — O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva hamda qo‘mitaning mas’ul xodimlari «Facebook»dagi «Maslahat.uz» guruhida foydalanuvchilarning savollariga javob beradi.
Yurtdoshlarimiz o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishlari, turli sabablarga ko‘ra yechim topmayotgan muammolari haqida ma’lumot berishlari mumkin. Tashkilotchilarning ma’lum qilishicha, o‘rtaga tashlangan masalalar qisqa fursatda hal etiladi, hech bir murojaat e’tiborsiz qolmaydi.
Onlayn savol-javob bo‘lib o‘tadigan vaqt tez orada ma’lum qilinadi. Bizni kuzatib boring!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter