Bosh prokuror hududlarga chiqdi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori N.Yo‘ldoshev tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, bo‘sh bino va ishlab chiqarish maydonlaridan samarali foydalanish va boshqa dolzarb vazifalar ijrosi, shuningdek, prokuratura organlarining faoliyati bilan tanishish maqsadida Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy hamda Samarqand viloyatlarida bo‘ldi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif davomida tadbirkorlikni jadal rivojlantirish uchun qulay muhit va shart-sharoitlar yaratish, mavjud to‘siq va muammolarni bartaraf etish borasida 400 ga yaqin tadbirkorlik sub’yektlari bilan to‘rtala hududda alohida uchrashuvlar tashkil etilib, sohaga mas’ul idoralar, ijro va nazorat organlari, tijorat banklari rahbarlari ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Uchrashuvlarda asosiy e’tibor respublika darajasidagi muammolarga qaratildi.
Jumladan, muloqotlar davomida tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan kredit ajratish, gaz va elektr ta’minoti, bino olish, yer maydoni ajratish, maktabgacha ta’lim muassasasini tashkil etish, litsenziya va ruxsatnoma olish bilan bog‘liq masalalarni tezkorlik bilan hal etish choralari ko‘rildi.
Bo‘sh binolar va ishlab chiqarish maydonlaridan samarali foydalanishni tashkil etish borasida hududlardagi idoralararo komissiyalar hisoboti eshitilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olindi.
Shu bilan birga, tashrif davomida Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy hamda Samarqand viloyatlari prokuraturalari faoliyati ham o‘rganildi.
O‘rganish natijalari, faoliyatni tashkil etish, hududda qonuniylikni mustahkamlash borasida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar prokuraturalarning kengaytirilgan hay’at majlisida barcha tuman-shahar prokuraturalari xodimlari ishtirokida tanqidiy muhokama qilindi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar, ayollar va voyaga yetmaganlar huquqlarini himoya qilish, sog‘liqni saqlash va tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasida qonuniylikni ta’minlash, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan 5 ta tashabbusni amalga oshirishga har tomonlama ko‘maklashish, tadbirkorlar huquqlarini muhofaza qilish, «Obod qishloq», «Obod mahalla», «Yoshlar – kelajagimiz» va «Har bir oila tadbirkor» dasturlari ijrosi ustidan qat’iy nazorat olib borish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash va oldini olish borasida prokuratura organlari oldida turgan dolzarb vazifalar ijrosini tashkil etish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Prokuratura organlariga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan, sadoqat va mas’uliyat bilan bajarish, korrupsion illatlarning oldini olishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar belgilandi, deyiladi mahkama matbuot xizmati xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter