«Jasadi ikki kun mashinada saqlangan ayol»ga oid xabarlar bo‘yicha dastlabki axborot berildi
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Toshkentda er ayolini o‘ldirib, jasadini ikki kun mashinasida saqlab yurgani haqidagi xabarlarga qisman oydinlik kiritildi.
Xabar.uz so‘roviga javoban Bosh prokuratura matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, voqelik kecha yoki o‘tgan kuni emas, ikki yarim oy burun – 10-iyun kuni sodir bo‘lgan. Ya’ni, o‘sha kuni poytaxtning Yakkasaroy tumanida istiqomat qiluvchi 35 yoshli D. K. chap tuxumdon kistasi yorilishi natijasida ichki qon ketishidan vafot etgan. Ekspertiza tekshiruvi jarayonida marhumaning badanida tan jarohatlari aniqlanmagan.
Voqelik yuzasidan tergovga qadar tekshirish o‘tkazilib, Yakkasaroy tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan.
Tuman prokuraturasining ushbu qarori barvaqt qabul qilingani sabab joriy yilning avgust oyi boshida bekor qilinib, ayni paytda qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Ayni jarayonda o‘limga sabab bo‘lgan holatlarga yanada aniqlik kiritish uchun sudga oid komissiyaviy ekspertiza tayinlangan.
Ekspertiza xulosasidan kelib chiqib, qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.
Bundan tashqari, marhumaning jasadi «ikki kun mobaynida mashinada saqlab yurilgani» ehtimoli juda past ekani ham ta’kidlanmoqda. Chunki, jazirama issiqda inson jasadi ikki kunlab mashina salonida olib yurilishi (yoki saqlanishi) sog‘lom tasavvurga to‘g‘ri kelmaydi. Dastlabki xulosalarga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda aks etgan lavha marhumaning jasadi ekspertizadan yashash xonadoniga olib kelingan vaqtda tasvirga olingan.
Bundan ko‘rinadiki, ijtimoiy tarmoqlarda holat juda bo‘rttirib yuborilmoqda.
Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan ushbu holat bo‘yicha qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv ishlari davom etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter