Bosh prokuratura «bosh shifokor ishi» bo‘yicha bayonot berdi
Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasining bosh shifokori — viloyat bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva hibsga olingani, bu borada Bosh prokuratura matbuot xizmati tomonidan rasman bayonot berilishi kutilayotgani xabari berilgandi.
Nihoyat, kutilayotgan bayonot matni qo‘limizga yetib keldi.
Bosh prokuratura matbuot xizmati «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, 2020-yil 10-avgust kuni fuqaro Sh.Minbayev Chirchiq shahar prokuraturasiga murojaat qilib, Chirchiq shahridagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida ikki tomonlama pnevmoniya va «COVID-19» tashxisi bilan og‘ir ahvolda davolanayotgan qarindoshi F.Rustamov mazkur shifoxona xodimlari tomonidan (1-avgust kuni) viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseriga o‘tkazilganligini va 02.08.2020-yilda uning sog‘lig‘i yomonlashib vafot etganligini, shu sababli aybdor shaxslarga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Mazkur holat yuzasidan Chirchiq shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 116-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Aniqlanishicha, bemor F.Rustamovning somatik holati og‘irligi, unda nafas yetishmovchiligi mavjudligi va reanimatsion muolajalarga muhtojligiga qaramasdan Yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokorining ko‘rsatmasi bilan ushbu bemor og‘ir ahvolda viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseriga yuborilgan.
Shu bilan birga, Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida F.Rustamov nomiga yuritilgan kasallik tarixiga bemor «COVID-19» kasalligidan to‘liq tuzalganligi haqida soxta ma’lumot kiritilgan.
Bundan tashqari, Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida budjet va budjetdan tashqari mablag‘larning maqsadli sarflanishi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbiri davomida jami 250,8 mln. so‘m budjet mablag‘lari rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilinganligi aniqlandi.
Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh vrachi bir necha marotaba tergovga chaqirilganligiga qaramasdan uzrli sabablarsiz ko‘rsatilgan muddatlarda kelmagan. 2020-yil 8-sentyabr kuni u majburiy tartibda tergovga olib kelinib, JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi hamda 207-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb etildi.
Ayblanuvchi tergov harakatlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgani, o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmayotgani, u tomonidan sodir etilgan jinoyat og‘ir jinoyatlar turkumiga kirishligi, shuningdek, uning jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanishiga barham berish, qochib ketishining, dalillarni yashirishi yoki yo‘q qilib yuborishining oldini olish maqsadida protsessual tartibda ushlanib, sudning 09.09.2020-yildagi ajrimi bilan unga nisbatan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter